MUIC «Xavfsiz ko‘prik» forumini o‘tkazdi
05.03.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 5-mart kuni poytaxtimizda axborot xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan «Xavfsiz ko‘prik» forumi bo‘lib o‘tdi. Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat sektori va axborot tizimlarini ishlab chiquvchilari o‘rtasida muloqotni yaratish, shuningdek, mutaxassislar va aholi o‘rtasida xabardorlik darajasini oshirish, axborot xavfsizligi tahdidlariga qarshi kurashning so‘ngi tendensiyalari haqida ma’lumot berishdan iborat.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi ko‘magida Agentlik qoshidagi Mirzo Ulug‘bek Innovatsion markazi direktsiyasi tomonidan tashkil etildi.

Forum ishida axborot texnologiyalari kompaniyalari mutaxassislari, xalqaro mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etdilar. Xususan, mamlakatimiz va yaqin xorijiy davlatlarning E&Y, D:CODE, BePro, Cumulative Business Solutions, IdealGreenLight kabi yirik kompaniyalari mutaxassislari axborotni himoya qilish, blokcheyn texnologiyalarini O‘zbekistonda qo‘llash amaliyoti, muhim axborotlarni boshqarish tizimining zamonaviy vositalari haqida gapirib berdilar, intellektual xavfsizlik va bank kartalarida ma’lumotlarni himoya qilish, hujumlarning ortib borishi sharoitida kiberxavfsizlikni ta’minlash, qalbakilaridan ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha tajriba almashdilar. Forum ishtirokchilari ma’lumotlarni qanday qayta ishlash kerakligi, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda biznesga qanday axborot texnologiyalar zarurligi, qanday yangi hujumlardan ehtiyot bo‘lish lozimligini muhokama qilishdi.

Xususan, yetakchi ekspertlar o‘zlarining «Axborotni himoya qilish: intellektual mulk, bank kartalari», «Kiberxavfsizlik: himoyadan ko‘proqmi? Hujumlar sonining ortishi sharoitida kiberxavfsizlikni ta’minlash» va «Elektron raqamli imzo kalitlari uchun xavfsiz tashuvchi sifatida kripto-tokendan foydalanish» mavzulardagi ma’ruzalarida xalqaro amaliy tajriba va olib borilgan tadqiqotlar haqida ma’lumot berdilar. Shuningdek, MUICning axborot texnologiyalari sohasidagi rezident kompaniyalari ishlab chiqaruvchilari ham o‘zlarining axborot xavfsizligi sohasidagi muvaffaqiyatlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ta’kidlash joizki, Texnik ko‘maklashuv markazining mutaxassislari tomonidan axborot tizimlarining zaifligi namoyish qilinishi va himoya qilish usullari bilan o‘rtoqlashilishi, shuningdek, «Siz bilasizmi?» qisqa va qiziqarli viktorinaning o‘tkazilishi sababli forum interaktiv tartibda tashkil etildi. Viktorina ishtirokchilari kiberhujum bilan bog‘liq 10ta, shuningdek, Mirzo Ulugbek Innovation Center faoliyatiga oid savollarga onlayn javob berishdi. Eng qisqa vaqt ichida eng to‘g‘ri javoblarni topishga muvaffaq bo‘lganlar uchun esdalik sovg‘alari berildi.

Tadbirda davlat organlari, xususiy sektor vakillari, axborot xavfsizligi bo‘yicha direktorlar, turli kompaniyalarning axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha tuzilmalari rahbarlari, bank sohasi mutaxassislari, Mirzo Ulugbek Innovation Center rezidentlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar ishtirok etishdi

Manba: muic.uz

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq