O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga ta’limning kredit tizimini joriy qilinishi
27.02.2019
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Globallashuv jarayonida axborot texnologiyalari ta’lim tizimiga ham jadal kirib kelmoqda. Ta’lim va axborot texnologiyalarining integrallashuvi natijasida, ushbu sohaga yangicha boshqaruv tizimlarini joriy etish yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda keyingi yillarda jahon ta’lim standartlariga moslashtirligan ”Ta’limning kredit tizimi” yo‘lga qo‘yildi. Biroq ba’zi sabablarga ko‘ra, bu tizim ayrim oliy ta’lim muassasalarida o‘z natijasini bermadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan 2018-yil 19-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5349-son Farmoni, 2018-yil 19-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” PQ-3549-son qaroriga muvofiq, shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takommillashtirish va samaradorligini oshirish, Universitetni jahonning nufuzli universitetlari qatoriga kirishini ta’minlash maqsadida, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, universitetda 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab ta’limning kredit tizimi joriy qilindi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, Universitetning ichki tuzilmasiga ham o‘zgarishlar kiritildi. Unga muvofiq, “Ta’limning kredit tizimini boshqarish bo‘limi” tuzilma safiga 5-o‘rinda kiritildi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida ta’limning kredit tizimi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi. Ushbu nizomda 3 asosiy qoida mavjud. Birinchi qoidadaga ko‘ra, mazkur Nizom Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida o‘quv jarayonini ta’limning kredit tizimi asosida tashkil etish tartibini belgilaydi. Ikkinchi qoidada bu tizimning talabaga yo‘naltirilgan o‘qitish, ta’lim berish va baholashning oshkoraligi tamoyiliga asoslanganligi, sinov birliklarini yig‘ish va ko‘chirib o‘tkazishdan iboratligi hamda mazkur sinov birliklarining jamg‘arib boriladigan ta’limning barcha bosqichlari bo‘yicha ilgari yig‘ilgan o‘sib boruvchi sinov birliklari hisobini bildirishi belgilangan. Uchinchi qoidada Universitet va uning filiallarida ta’limning kredit tizimini joriy etishning asosiy vazifalari belgilab berilgan.

Ushbu tizimning nizomiga ko‘ra, ta’lim jarayonida o‘qituvchilarning vazifalari aniq belgilab berilgan. Unga ko‘ra o‘qituvchining vazifalari quyidagilardan iborat:

1. O‘qituvchi o‘z funksional vazifasidan kelib chiqib, ma’ruzachi, tyutor, edvayzer yoki maxsus kengashlar a’zosi sifatida ish yuritishi mumkin.

2. Ta’lim berish, uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlarida, shuningdek, ijtimoiy hayotda, ushbu jamoada qabul qilingan qadriyatlarni targ‘ibot qilishda faol qatnashish hamda ta’lim xizmatlari bozorida Universitet o‘rnini mustahkamlashda professor-o‘qituvchilar tarkibining asosiy faoliyatini tashkil etadi.

3. O‘qituvchi faoliyatining 36 soatdan iborat bir haftalik ish yuklamasi quyidagi asosiy turlarga yo‘naltirilishi mumkin:

— O‘qitish va unga sifatli tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq ishlar;

— Fanning o‘quv-uslubiy kompleksini yaratish;

— Ta’lim oluvchiga maslahatlar berish;

— O‘z ustida ishlash va ilmiy-tadqiqot faoliyatini yuritish;

— Akademik boshqaruv (dekan, kafedra mudirlari).

4. Ma’ruza mashg‘ulotlarini yuqori ilmiy-uslubiy saviyada o‘ta oladigan malakali o‘qituvchilar ma’ruzachi etib tayinlanadi.

5. O‘quv yilidagi ma’ruzalarni o‘qitish huquqi Universitet kengashi qaroriga ko‘ra, ilmiy darajaga ega bo‘lmagan, tajribali va yuqori malakali o‘qituvchilarga ham berilishi mumkin.

Tyuotor va edvayzerlarning vazifalari qiyidagilardan iborat:

— Tyutor har bir talabaning fanni o‘rganish jarayonini nazorat qiladi, individual topshiriqlar bajarilishini, seminar, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarini baholab, zarur hollarda unga yordam beradi.

— Edvayzer ta’lim oluvchining o‘qish jarayoniga bog‘liq bo‘lgan manfaatlarni ifodalashi, o‘quv jarayoniga oid zarur axborot materiallarini tayyorlashda qatnashishi va ushbu materiallarni talabaga elektron tashuvchida taqdim etishi, o‘z vaqtidagi tayyorgarlikni va uslubiy materiallar mavjudligini, mutaxassislik bo‘yicha barcha fanlardan o‘tkaziladigan oraliq va yakuniy nazoratlarning bajarilishini nazorat qiladi.

— Edvayzer Universitet rektori tomonidan tayinlanadi.

— O‘quv yili davomida edvayzerlar dekanat tomonidan tasdiqlanadigan reja asosida faoliyat yuritadi. Ta’lim oluvchilarning akademik muammolarini hal qilish maqsadida edvayzer rejadan tashqari tashkil etilgan uchrashuvlarni tashkillashtirishi mumkin.

Edvayzer faoliyati quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

— Ta’lim oluvchilarni ta’lim jarayonini tashkillashtirish qoidalari bilan tanishtiradi;

— Ta’lim oluvchilarning ustuvor jihatlarini, layoqatlari va imkoniyatlarini aniqlash;

— Tanlov fanlarining namunaviy o‘quv rejasi va fanlar katalogi bilan tanishtirish;

— Sinov birliklari miqdori va ularni o‘zlashtirish to‘g‘risida izoh berish;

— Universitetda o‘quv jarayonini samarali tashkillashtirishga yo‘naltirilgan turli jamoat qo‘mitalarini tashkil etish.

Kredit ta’lim to‘g‘risidagi nizomda qo‘llanilgan asosiy tushunchalar:

1. GPA (Grade Point Average) – ta’lim oluvchinig dastur bo‘yicha o‘zlashtirgan ballarining o‘rtacha qiymati;

2. Akademik mobillik – qabul qiluvchi muassasada talabaning vaqtincha ta’lim olish davrida sinov birliklarini o‘zlashtirish va ularni jo‘natuvchi muassasa tomonidan tan olinishi;

3. Jo‘natuvchi muassasa – ta’lim oluvchi yoki professor-o‘qituvchini mobillik dasturi asosida ta’lim olish yoki o‘qitish uchun jo‘natuvchi muassasa, ishlab chiqarish yoki boshqa tashkilot;

4. Malaka beruvchi ta’lim muassasasi – belgilangan miqdordagi sinov birliklarini tan olishni hisobga olgan holda ta’lim va malaka to‘g‘risidagi hujjat beruvchi muassasa;

5. Mehnat xarajatlari – ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qitish jarayonida kutilayotgan natijalarga erishish maqsadida o‘rtacha o‘zlashtirayotgan talabaga zarur bo‘ladigan o‘quv faoliyatining ma’ruza, seminar, loyiha, amaliy topshiriqlar, ish joyidagi stajirovka, mustaqil ishlar kabi turlarni amalga oshirish uchun talab qilingan vaqtni taxminiy baholash;

6. Sinov birliklari (kreditlar) – ta’lim olish natijalari asosida o‘qitish hajmi va u bilan bog‘liq mehnat xarajatlari. Sinov birliklari qoidaga muvofiq butun sonlarda ifodalanadi.

7. Sinov birliklarini berish – malaka yoki uning alohida qismlariga qo‘yilgan talablarga muvofiq erishilgan ta’lim olish natijalariga ko‘ra talaba yoki boshqa ta’lim oluvchilarga sinov birliklarini rasmiy taqdim etish jarayoni;

8. Sinov birliklarini ko‘chirish – malakaga ega bo‘lish maqsadida bir ta’lim muassasasi, ta’lim dasturida olingan sinov birliklarining boshqa ta’lim muassasasida tan olinishi;

9. Sinov birligi soati – ma’ruza, laboratoriya, seminar, studiya, va amaliy mashg‘luotlar hamda amaliyotlarning 1 akademik soati 40 daqiqaga teng;

10. Sinov birliklarini tan olish – boshqa ta’lim muassasasida erishilgan va baholangan ta’lim olish natijalarinining Universitetdagi mavjud fan dasturlaridan birining talablariga javob berishini tasdiqlash;

11. Sinov birliklarini to‘plash – ta’lim elementlarini o‘zlashtirish va boshqa yutuqlarga erishish natijasida taqdim etiladigan birliklarni to‘plash;

12. Ta’lim elementlari – ta’lim olish natijalariga erishish va ta’lim dasturida ko‘rsatilgan bilimlarni o‘zlashtirishga o‘zlashtirishga ko‘maklashuvchi o‘qitish turi;

13. Ta’lim olish natijalari – talaba tomonidan o‘zlashtirilgan va baho bilan tasdiqlangan malaka darajasini aks ettiradigan, ta’lim jarayonini muvaffaqiyatli tugallagach, o‘zlashrtirgan ko‘nikmalari, topshiriqlarni teshuntirish va ularni bajarish qobiliyatining tavsifi;

14. Ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotnoma – o‘zlashtirgan fanlar, to‘plangan sinov birliklari miqdori, olingan baholar aks ettiriladigan talabaning akademik o‘zlashtirishi bo‘yicha guvohnoma.

15. Transkript – ta’lim olishning tegishli davrida o‘zlashtirilgan sinov birliklari va baholarining harf va raqamlardagi ifodasi ko‘rsatib o‘tilgan fanlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan belgilangan shakldagi hujjat;

16. Tyutor – ma’ruzachi tomonidan o‘qitilayotgan fanni o‘zlashtirishda ta’lim oluvchilarga yordam beruvchu shaxs;

17. Edvayzer – tegishli mutaxassislik bo‘yicha ta’lim oluvchiga akademik murabbiy funksiyasini bajaruvchi, ta’lim trayektoriyasini (shaxsiy o‘quv rejasini) shakllantirishda va o‘qish davrida ta’lim dasturini o‘zlashtirishda ko‘maklashuvchi o‘qituvchi.

Xulosa qilib aytganda, ta’limning kredit tizimi barcha ta’lim shakllari nazoratini (auditoriya va auditoriyadan tashqari) o‘z ichiga olganligi, ta’lim jarayonida o‘qilgan soatlar miqdorini emas, balki erishilgan natijani ko‘rsatib beruvchi o‘lchov birligi hisoblanishi sababli ham ta’lim samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga molikdir.

Foydalanilgan manbalar:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-iyuldagi “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 569-sonli qarori. 2018 yil 24.07. Toshkent.

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24 iyuldagi “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 569-sonli qarorining 3-ilovasi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida ta’limning kredit tizimi to‘g‘risidagi Nizom. 2018-yil 24.07. Toshkent.

Nozima Nishanova,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Chet tillar kafedrasi assistenti

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq