«ROBO CODERS 2019»: G‘oliblar aniqlandi
24.02.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi ko‘magida Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Centre» Innovatsiya markazi direksiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan «ROBO CODERS 2019» Respublika tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Final Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining zamonaviy texnologik uskunalari hamda kompyuterlar bilan jihozlangan keng auditoriyalarda bo‘lib o‘tdi.

Qutlov so‘zi bilan chiqqan Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining o‘rinbosari Davron Maqsudov bu kabi tadbirlarni o‘tkazish va iste’dodli yoshlarni aniqlash muhtaram yurtboshimiz Sh. Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan, profesional dasturchi kadrlarni tayyorlash, mamlakatimizda yaratilayotgan texnologiyalarning raqobatdoshligini ta’minlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va umuman, sifatli mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlash kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Eslatamiz, «ROBO CODERS 2019» Respublika tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-son «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq o‘tkazilmoqda.

Tanlovning asosiy vazifalari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida iste’dodli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash;

Yoshlarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb etish;

Yoshlarning ishbilarmonlik faoliyatini rivojlantirish.

4-fevraldan boshlab butun Respublikadan tanlovda ishtirok etgan 415 nafar yosh dasturchilardan 50 nafari final bosqichiga o‘tib, mantiqiy hisoblash va algoritmlardan tashkil topgan masalalar yechimi bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Har bir ishtirokchi berilgan topshirig‘iga muvofiq robototexnika (harakatlar, belgilangan funksiyalar va h.k.) prinsiplariga asoslangan o‘zining dasturiy kodini yaratdi.

«Tanlovning yakuniy bosqichi birinchi bosqichdan topshiriqlarning murakkablik darajasi bilan farqlanadi», — deydi Mirzo Ulugbek Innovation Centre direktorining birinchi o‘rinbosari Orifjon Fayziyev. – Ishtirokchilarga mantiqiy hisoblash va algoritmlardan tashkil topgan robototexnikaga oid topshiriqlar berildi. Tizim to‘g‘ri javoblarni, algoritmlarning yagonaligini hamda topshiriqlar yechimi uchun sarflangan vaqtni avtomatik ravishda hisobladi. Bu g‘oliblarni aniqlash jarayoniga inson faktori ta’sirini bartaraf etdi».

Tanlov ishtirokchilari uchta yosh toifalari bo‘yicha taqsimlandi:

15-20 yoshgacha, 21-25 yoshgacha va 26-30 yoshgacha. Tanlovda ishtirok etish uchun yagona talab – avtomatlashtirilgan mashinalar uchun kodlarni yozish qobiliyati bo‘lib hisoblandi.

Tanlov dasturi 9 ta sovrinli o‘rinlar va bir nechta rag‘batlantiruvchi nominatsiyalarni o‘z ichiga oldi.

To‘rt soatlik uzluksiz dasturlash bo‘yicha bellashuv natijasida tizim g‘oliblarni aniqladi.

Birinchi o‘rinlarni Hasanov Saidjalol Saidjamol o‘g‘li (26-30 yosh toifasida), Abdukarimov Sirojiddin Sayfiddin o‘g‘li (21-25 yosh toifasida) Boltabayev Nazarbek Kamollidin o‘g‘li (16-20 yosh toifasida) egallab HP 250 J6 i3-6006 4/500 noutbuklariga ega bo‘ldi.

Ikkinchi o‘rin va Acer Extensa EX2519 C5 B9 4/500 noutbuklari Hojievu Sunatullo Nasriddin o‘g‘li, Davronov Murodjon Shuhrat o‘g‘li, Qodirov Jamshid A’lam o‘g‘li dasturchilarga berildi.

Xiaomi Redmi Note 5 64 GB va faxrli uchinchi o‘rinni Sa’dullayev Nodirbek Dilshodovich, Jo‘rayev Xurshid Adham o‘g‘li, G‘aniyev Asadullo Mahmud o‘g‘li egalladilar.

Eng sodda algoritm rag‘batlantiruvchi nominatsiyada Egamov Xudoyshukur Shuhrat o‘g‘li, Murtozakulov Xojamurod Shuhrat o‘g‘li, Ismoilov Isfandier Iskandarovichlar g‘olib deb topildi. Eng tezkor Sultonov Yuldoshboy Urazmetboyevich, Iskandarov Islom Zoxirovich, Razzoqberdiyev Alisher Saidnazar o‘g‘li bo‘lib, eng mohir dasturchi nominatsiyasida yutuqni qo‘lga kiritdi. Va nihoyat «Eng yosh dasturchi» deb 17 eshli A’zam Behruz Xusan o‘g‘li topildi. «Qizlar — dasturchilar» nominatsiyasida Ismoilova Anaxon Shuhrat qizi va Rahimkuliyeva Mavlyuda Ergashovnalar g‘olib bo‘ldilar.

Nominatsiyalarda g‘olib deb topilgan dasturchilarga ham qimmatbaho sovrinlar topshirildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq