Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish tartibi qonun bilan belgilanadi
20.02.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab davlat boshqaruvida, xususan, Prezident lavozimi, Oliy Majlis hamda mahalliy vakillik organlarini demokratik saylovlar asosida shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur jarayon milliy tajriba va xalqaro andozalar asosida islohotlarning borishi, jamiyatda siyosiy-huquqiy ongning o‘sishiga mos tarzda bosqichma-bosqich rivojlanib, yuksalib bormoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan ilk Murojaatnomasida O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan edi.

O‘tgan davr ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi vakillari hamda boshqa mutaxassis va ekspertlar, shuningdek jamoatchilik vakillari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 18-fevral kuni bo‘lib o‘tgan majlisida qabul qilindi.

Saylov kodeksi 5 ta amaldagi qonunlarni o‘zida mujassam etgan. Bu esa uni amaliyotda qo‘llashda, fuqarolarimiz uchun saylovga oid qoidalarni to‘liq o‘zlashtirishda qulaylik tug‘diradi hamda qonunchilikdagi ortiqcha takrorlanishlarning oldini oladi.

Ta’kidlash lozimki, Kodeks faqatgina sohadagi qonunlarni o‘zaro jamlash bilan cheklanmaydi. Unda demokratik tamoyillarni o‘z ichiga olgan qator yangiliklar kiritildi. Misol uchun:

— Qonunchilik palatasida deputatlik o‘rinlari uchun O‘zbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti chiqarib tashlandi;

— O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish tartibi qonun bilan belgilandi;

— muddatidan ilgari ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulletenini joriy etish maqsadida “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlandi;

— siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig‘ish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi mumkinligi belgilandi;

— ilgari Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati a’zolarini saylash taribi to‘g‘risidagi nizomni bekor qilib, bu masalani qonun darajasida belgilandi;

— ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlandi;

— tashviqot ishlarini boshlashda barcha nomzodlar uchun yagona muddat, ya’ni – ularni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanishi ko‘rsatildi.

Bu kabi yangi demokratik normalarni Kodeksda yana ko‘plab sanab o‘tish mumkin.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Kodeks keng jamoatchilik o‘rtasida beshta yo‘nalishda muhokama va ekspertizadan o‘tkazildi.

Xususan, Internet muhokamasi, ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan qilingan muhokama; fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan jamoatchilik ekspertizasi; ilmiy ekspertiza; bevosita amaliyotchilarning fikr-mulohazalari hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan ekspertizalar shular jumlasidandir.

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Saylov Kodeksining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlik guruhi a’zolari, Markaziy saylov komissiyasi, ilmiy muassasalar vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari xodimlari ishtirok etdi.

Muhokamalar jarayonida tadbir ishtirokchilari kodeks ustida tizimli ishlar olib borilganini ta’kidlab, ayniqsa, jamoatchilik mukokamalari davomida berilgan taklif va tavsiyalarni deputatlar tomonidan inobatga olinganini alohida e’tirof etishdi. Jumladan, hujjatda saylov jarayonida mahalliy ijroiya hokimlarining ishtirokini yanada qisqartirishga qaratilgan normalar kiritilgani, siyosiy partiyalar tomonidan saylovlarda o‘zining vakolatli vakilini tayinlashda yanada qulay sharoitlar yaratilgani, unda ishlatilgan termin va atamalar birxillashtirilgani, Kodeksdagi havolaki normalar chiqarib tashlangani ishtirokchilar e’tiborida bo‘ldi.

Tadbir davomida jamoatchilik vakillari, jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi hamda ular Kodeksni amaliyotda qo‘llashda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ayrim masalalarni oldindan hal etish bo‘yicha takliflar berdi. Xususan, mazkur Kodeksning qabul qilinishi bilan boshqa qonunlarga ham o‘zgartirishlar kiritish lozimligini jamoatchilik vakillari ta’kidlab o‘tishdi.

Kelib tushgan takliflar asosida tashabbuskor ishchi guruhi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining boshqa deputatlari o‘z oldilariga Kodeksni amaliyotga tatbiq etishga oid chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni rejalashtirib oldi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq