Oʻzbekiston davlat boshqaruviga Malayziya tajribasini qoʻllash mumkinmi?
18.02.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

14-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Innovatsiya va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida “Malayziyaning maʼmuriy islohotlar sohasidagi tajribasini oʻrganish: Oʻzbekiston uchun xulosalar” mavzusida maʼruza muhokamasi boʻlib oʻtdi. Maʼruzani BMT Taraqqiyot dasturining “Davlat boshqaruvini samarali rivojlantirish va raqamli transoformatsiyaga koʻmaklashish” loyihasining milliy konsultanti Kamoliddin Hamidov taqdim etdi.

Malayziya­ bir paytlari [oʻtgan asrning 60-yillarida] xomashyo resurslarining eksportiga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotga ega boʻlgan davlatlardan biri boʻlib, u davlat va biznes oʻrtasidagi sherikchilikni instititutsializatsiya qilish orqali iqtisodiyotni sanoatlashtirish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun maqbul siyosiy va iqtisodiy sharoitlar yaratishga muvaffaq boʻlgan. Buni amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy boshqaruv tizimini butkul oʻzgartirishga toʻgʻri kelgan. Mamlakatda davlat boshqaruvi, davlat xizmatlari isloh etilib, davlat organlari funksional, tashkiliy va moliyaviy jihatdanoptimallashtirilgan.

Bugungi kunda Malayziya hukumatining faoliyati tarkibiy islohotlarni mustahkamlash, aholi daromadini oshirish va global muammolarni hal qilishga qaratilgan. Mamlakatda “raqamli iqtisodiyot”ni keng joriy qilish ishlari amalga oshirilmoqdaki, bu nainki jugʻrofiy nuqtai nazardan, balki jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olishga qaratilgan. Malayziya tajribasi yurtimizda keng islohotlar amalga oshirilayotgan sharoitda Oʻzbekiston davlat boshqaruviga qoʻllash imkoniyatlari nuqtai nazaridan qimmatli tajriba boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, Malayziya 1957-yilda mustaqillikka erishgan boʻlib, 70-yillarga qadar hukumat faoliyati davlatning istalgandek rivojlanishiga taʼsir koʻrsatmadi. Shu munosabat bilan davlat boshqaruvi tizimidagi muammolar oʻrganilib, tahlil qilindi, va shuning asosida uni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlandi. Oʻsha davrda islohotlar davlat boshqaruvining samaradorligini oshirishga, davlat xizmatlarini mukammallashtirishga, jamoat ishtirokini kuchaytirishga, mahalliy hukumat organlarining mustaqilligini oshirishga qaratilgandi. Shu bilan bir qatorda 1966-yili davlat rivojlanishining 5-yillik rejasi qabul qilinib, u import mahsulotlarining oʻrnini bosuvchi siyosatni yurituvchi yagona iqtisodiy dasturga aylandi. 80-yillarda davlatning iqtisodiyotdagi ulushi kamaytirilib, iqtisodiyotni davlat tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri boshqarilishiga barham berish asosiy vazifalardan biriga aylandi. Davlat korxonalari xususiylashtirildi, sanoat tovarlarini eksport qilish esa strategiya darajasiga koʻtarildi.

Makroiqtisodiy boshqaruvning asosiy vositasi fiskal siyosat boʻldi. Bunda soliq tizimi anchayin sodda boʻlib, unda boshqa davlatlarda keng qoʻllaniladigan koʻplab soliqlar boʻlmagan. Byudjet-soliq siyosatining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirilishiga xizmat qildi, dunyo bozorida raqobat kuchaygan bir paytda ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oʻsishiga olib keldi.

1990-yillardayoq Malayziya hukumati kelajak iqtisodiyotining katalizatori sifatida AKTning muhimligini anglab yetgandi. Shu bois ham mazkur yoʻnalish soʻnggi 20-yil davomida hukumat ahamiyatiga molik sohaga aylandi. Malayziya bugunda raqamli iqtisodiyot va raqamli hukumat dasturlarini amalga oshirmoqda. Ular AKT va IT-sanoatni, elektron davlat xizmatlarini rivojlantirish, shuningdek, biznes jarayonlariga innovatsiyalarni tatbiq etish orqali raqamli iqtisodiyotga xususiy biznesni jalb qilishdan iborat.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq