Soliq tizimida maʼlumotlarni qayta ishlash markazi: “Katta hajmli maʼlumotlar tahlili – yuksak natijalar omili”
09.02.2019
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Bugungi kunda Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi faoliyatini modernizatsiya qilish va kengaytirish borasida faol ish olib borilmoqda. Bu esa soliq organlarining mavjud axborot tizimlarini takomillashtirish asosida soliq maʼmuriyatchiligi jarayonlarini qayta tashkil etish imkonini beradi.

Mazkur loyiha doirasida Jahon banki va Rossiya Federatsiyasi Federal soliq xizmati bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Rossiya, Hindiston, Koreya, Fransiya, Ozarbayjon hamda Gruziya ekspertlari bilan esa Maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini kengaytirish masalalari muhokama qilinib, kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan harakatlar strategiyasi belgilab olindi.

Shu bilan birga, davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator hisoblangan “Uzinfocom” bilan hamkorlikda Maʼlumotlarni qayta ishlash markazining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ishlab chiqilmoqda.

Mazkur markazni kengaytirish va soliq maʼmuriyatchiligining texnologik jarayonlarini modernizatsiyalash axborotni qayta ishlash muddatlarini qisqartirishga, qoʻlda bajariladigan ishlarni avtomatlashtirishga va soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini sezilarli darajada oshirishga zamin hozirlaydi.

Soliq tizimida maʼlumotlar boshqarilishini takomillashtirishning asosiy maqsadi jarayonlarni raqamlashtirish orqali tizimni toʻliq avtomatlashtirishdan iborat.

Bugungi kunda Maʼlumotlarni qayta ishlash markazidan 11 ming nafardan ortiq davlat soliq xizmati organlari xodimlari foydalanadi.

Davlat soliq qoʻmitasi bilan 53 ta vazirlik va tashkilotlar oʻrtasida idoralararo axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan. 650 mingdan ortiq soliq toʻlovchilar oʻzlarining “shaxsiy kabinet”lariga ega.

Markazda bir soniyaning ichida 15 mingga yaqin maʼlumot yozish va oʻqish bilan bogʻliq operatsiyalar amalga oshirilib, kunlik axborot hajmi oʻrtacha 9,5 Gbdan oshmoqda. Soliq maʼlumotlarining umumiy hajmi esa 22 TBdan ziyodni tashkil etmoqda.

Davlat soliq qoʻmitasi Maʼlumotlarni qayta ishlash markazida jamlanadigan maʼlumotlarni “big data” koʻrinishiga keltirishni maqsad qilib, bu yoʻlda amalga oshiriladigan loyiha katta hajmdagi maʼlumotlarni qamrab olish va tahlil eta olish imkoniyatiga ega boʻladi. Mazkur markazning kengayishi real vaqt rejimida qabul qilib olingan barcha maʼlumotlar oqimini birlashtirishga sharoit yaratadi.

Dunyo tajribasidan maʼlumki, katta hajmga ega raqamli maʼlumotlar bilan ishlaydigan vositalar va ishlarni tashkil qilish foydalidir. Xususan, katta maʼlumotlardan foydalangan holda, keng qamrovli tahlillarning amalga oshirilishi natijasida 2018 yilda Rossiya gʻaznasiga qoʻshimcha 345 mlrd. rubl kelib tushgan.

Mamlakatimizda “big data” asosida qoʻshilgan qiymat soligʻini (QQS) toʻlashni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish boʻyicha yirik loyihalarni ishga tushirish koʻzda tutilgan.

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida hamda Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatida hisobvaraq-fakturani elektron usulda rasmiylashtirish tajribasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Yangi tizim yordamida QQS boʻyicha toʻlovlar zanjiri deyarli real vaqt rejimida monitoring qilib boriladi. Ushbu tizim “soliq toʻlovchi-kontragent” zanjiridagi uzilishlarni aniqlash imkonini beradi hamda soliq toʻlashdan boʻyin tovlash holatlarining oldini oladi. Bu esa oʻz navbatida, QQS boʻyicha toʻlovlar hajmining oshishiga olib keladi.

Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan amaliyotga joriy etilayotgan yana bir istiqbolli loyiha – onlayn nazorat kassa mashinalari boʻlib, ularni joriy etilishi natijasida olingan katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilishda “big data” muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.

Onlayn kassa apparatlarining oʻziga xos xususiyati shundaki, mahsulotning (xizmatning) miqdori va nomi, tarkibidagi QQS va boshqa tafsilotlar toʻgʻridan-toʻgʻri Davlat soliq qoʻmitasining Maʼlumotlarni qayta ishlash markaziga kelib tushadi. Maʼlumotlarni onlayn tarzda tezkor monitoring qilib borilishi biznes subyektlari faoliyati shafofligini oshirishga, davlat soliq xizmati organlari va tadbirkorlar oʻrtasida oʻzaro ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi esa, maʼlumotlarni muntazam tahlil qilib borilishi tadbirkorlik subyektlarini qoʻshimcha ravishda tekshirishga ehtiyoj qoldirmaydi.

Xulosa qilib aytganda, yirik hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirib, soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro munosabatlarda yangi imkoniyalar eshigini ochadi. Bugungi kunda Davlat soliq qoʻmitasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlardan biri ham ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini oʻzlashtirish, yangi tahliliy vositalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga qaratilgan.

Shu bois Maʼlumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish iqtisodiyotda xufiyona faoliyatlarni qisqartirishga, shafoflik darajasini oshirishga xizmat qiladi hamda biznes uchun teng raqobat sharoitini yaratishga katta turtki beradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq