Yangiliklar Elektron hisobvaraq-fakturalar soliq toʻlovchilar uchun koʻplab qulayliklarni taqdim etmoqda
07.02.2019
Rukn: Internet.
Muallif: .

Soliq tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi “Soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 807-sonli qaroriga asosan Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida hamda Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida hisobvaraq-fakturani tajriba tariqasida elektron usulda joriy etish yoʻlga quyildi.

Servis va xizmat koʻrsatish tarmoqlaridagi korxonalar faoliyatiga tatbiq etilayotgan ushbu zamonaviy usul tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini oladi, xarajatlarini kamaytiradi.

Bugungi kunda Chirchiq shahrida 154 ta servis va xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalar boʻlsa, ularning 85 foizi hisobvaraq-fakturalarni elektron tarzda topshirish tizimiga oʻtdi. Qolgan 39 ta korxona esa bevosita aholiga naqd pul va plastik kartochkalar orqali tovar-xizmatlarni realizatsiya qiluvchi xoʻjalik subyektlaridir.

Chirchiq shahrida joriy yilning 6 fevral kuniga qadar oʻtkazilgan targʻibot-tashviqot ishlari natijasida 347 ta korxona tomonidan umumiy qiymati 63,7 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 5774 ta hisobvaraq-fakturalar elektron tarzda joʻnatildi.

– Hozirda korxonamizdan hisobvaraq-fakturani elektron tarzda joʻnatayapmiz, – deydi buxgalter Shamsiya Mirzajonova. – Bu tizimning qulayligi shundaki, oʻz ish joyimizdan turib korxonalarga hisobvaraq-fakturalarni tezkor tarzda joʻnata olamiz, buning uchun elektron kalit va internetga ulangan kompyuter boʻlsa kifoya. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan biz kabi soliq toʻlovchilar uchun yaratilgan ushbu imkoniyatning afzalliklarini amalda bilib, tushunib borayapmiz. Shu vaqtgacha tovar-moddiy boyliklarimizni sotib olayotganimizda qogʻozli hisobvaraq-fakturalardan foydalanar edik va ularni uzoq saqlash, zarur paytda tezkor izlab topishda ortiqcha vaqt sarflar edik. Endilikda elektron tarzda yuborilgan hisobvaraq-fakturalar bazada saqlanib, uni kerakli paytda topish mumkin.

Hisobvaraq-fakturalarning elektron usuli soliq idoralariga ham qator qulayliklarni yaratadi. Xususan, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tashqi manbasini aniqlash, korxonalar oʻrtasidagi munosabatlar shaffofligini taʼminlash imkonini beradi.

Tadbirkorlik subyektlari bilan oʻtkazilayotgan seminarlarda hisobvaraq-fakturalarni elektron usulda topshirishning afzalliklari xususida tushunchalar berib borilmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq