Oila a’zolarining AKT sohasidagi bilimlarini oshirish
30.01.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

29-yanvar kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Axborot kommunikatsiya texnologiyalari orqali mustahkam oila sari» o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Dilorom Toshmuhamedova, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov va boshqalar oila institutini mustahkamlash sohasiga eng ilg‘or va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish kelgusida muayyan natijalarga erishish garovi ekani xususida to‘xtalib o‘tdilar.

Ushbu o‘quv seminarlar Markaz tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inxa universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan yana bir yangi loyiha doirasida tashkil etilayotganligi diqqatga sazovordir.

Loyihani amalga oshirishdan maqsad, o‘z hayotida turfa xil oilaviy muammolarga duch kelgan oila vakillarini zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali bilimi va dunyoqarashini oshirish, axborot olish, ish izlash, shuningdek, o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, hayotga teran nigoh bilan boqishga undashdir.

Ta’kidlash joiz, ushbu o‘quv kursining ilk sinov loyihasi «Oila» markazi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Inxa universiteti hamkorligida o‘tgan yilning mart-iyul oylarida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Unda ishtirok etgan og‘ir hayotiy vaziyatdagi oilalar a’zolari hisoblangan bir guruh xotin-qizlar axborot-kommunikatsiya, xususan, kompyuter texnologiyalari dasturlaridan foydalanish bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalarga ega bo‘lib, shu orqali o‘z sa’y-harakatlari bilan ishga joylashgan edilar.

Shuningdek tadbirda mazkur loyihaga tajribali trenerlarni jalb etish, mashg‘ulotlar mavzulari va dasturlarini shakllantirish, metodik ta’minlash hamda faoliyatni boshlash yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Tadbir davomida o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarga sertifikat va sovg‘alar topshirildi.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq