Davlat soliq qoʻmitasi AKTni joriy etish va rivojlantirish samaradorligi reytingida 1-oʻrinni egalladi
30.01.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2018-yil IV choragi yakunlari boʻyicha 104 ta davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish samaradorligi reytingi oʻtkazilib, unda Davlat soliq qoʻmitasi eng yuqori koʻrsatkich (98,44 ball) bilan 1-oʻrinni egalladi.

Ushbu baholash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 355-sonli qaroriga asosan 2014-yildan buyon Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi ekspertlari tomonidan har chorakda amalga oshiriladi.

Davlat organlari faoliyati toʻrtta asosiy koʻrsatkichga muvofiq baholandi:

1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organi faoliyatida rasmiy veb-sayt va interaktiv davlat xizmatlarini koʻrsatish darajasi;

2. Axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari darajasi;

3. Axborot xavfsizligi darajasi;

4. Tashkiliy jihatdan baholash.

Reyting vazirlik va tashkilotlarda AKTni joriy etish holatini tahlil qilish, mavjud toʻsiqlarni aniqlash, ularni bartaraf etish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda yordam berish, AKTni kengroq joriy etish va rivojlantirish uchun ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha takliflarni tayyorlash maqsadida yuritilmoqda.

Davlat soliq qoʻmitasi faoliyatini baholashda quyidagi mezonlar muhim oʻrin tutdi. Jumladan,

– rahbariyat tomonidan AKTni rivojlantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganligi;

– soliq organlarida telekommunikatsiya holati, moddiy-texnika resurslarining tartibga solinganligi va axborot xavfsizligining ishonchliligi;

– Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi va soliq organlaridagi dasturiy mahsullar, idoralararo oʻzaro hamkorlik tizimlarining uzluksizligi va samaradorligining yuqoriligi alohida ahamiyatga ega boʻldi.

Shuningdek, qoʻmitaga berilgan umumiy 98,44 ballning 60 foizi rasmiy veb-sayt va soliq toʻlovchilarga koʻrsatilayotgan interaktiv xizmatlar hissasiga toʻgʻri keldi.

Endilikda Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan mazkur yoʻnalishda rasmiy saytni foydalanuvchilarga yanada qulay boʻlishi uchun modernizatsiya qilish, smartfonlar uchun moʻljallangan mobil ilovani va maxsus telegram botni ishga tushirish, onlayn nazorat kassa mashinalarini hamda elektron hisobvaraq-fakturalarni amaliyotga keng joriy etishda zamonaviy AKTning eng soʻnggi yechimlaridan unumli foydalanish maqsad qilingan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq