Byudjet tashkilotlari uchun yangi interaktiv xizmatlar ishga tushirildi
28.01.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Davlat byudjeti bosh boshqarmasi Axborot hisoblash markazi bilan birgalikda Davlat byudjeti ijrosi jarayonini yanada avtomatlashtirish, byudjet tashkilotlari va moliya organlari o’rtasidagi elektron hujjatlar almashuvini ta’minlash va qog’oz shakldagi hujjatlardan bosqichma-bosqich voz kechish yuzasidan quyidagi ishlarni amalga oshirmoqda.

1. “UzASBO” dasturiy majmuada byudjet tashkilotlari tomonidan xarajatlar smetalarini elektron shaklda shakllantirish va moliya organlariga taqdim etish moduli ishga tushirildi.

2019-yil uchun vaqtinchalik xarajatlar smetalari byudjet tashkilotlari tomonidan elektron shaklda tasdiqlanib, moliya organlarida ro’yxatdan o’tkazildi. Bunda ushbu jarayon tashkilotlarning moliya organlariga kelmasdan to’liq elektron aloqa orqali amalga oshirildi.

Bunda Dasturning o’zi avtomatlashgan tarzda vaqtinchalik xarajatlar smetalarida nazarda tutiladigan mablag’lar miqdorini Byudjet kodeksining 104 moddasiga muvofiq o’tgan moliya yilining oxirgi choragidagi byudjetdan ajratiladigan mablag’lar miqdoridan ortib ketmasligini nazorat qiladi.

Natijada moliya organlari tomonidan xarajatlar smetasini dasturiy majmuaga kiritish (15-20 minut), tashkilotlarning moliya organlariga kelib ketishi va boshqa jarayonlar qisqardi.

2019-yilgi doimiy xarajatlar smetalari ham shu tartib asosida elektron shaklda shakllantirish va ro’yxatdan o’tkaziladi.

2. “UzASBO” dasturiy majmuasida byudjet tashkilotlarining set, shtat va kontingentlari bo’yicha rejasi va uning bajarilishi to’g’risidagi hisobotlarni elektron shaklda moliya organlariga taqdim etishni ta’minlovchi yangi modul ishlab chiqildi.

Bunda, yaratilgan dasturda set, shtat va kontingent to’g’risidagi ko’rsatkchilar avtomatik tarzda jamlanishi hamda pul mablag’lari oqimi to’g’risidagi hisobot ko’rsatkichlari bilan taqqoslanishi natijasida mehnat sarfi va har yili yuzaga keladigan xatoliklar keskin qisqaradi.

2018-yil uchun hisobotlar ushbu dastur yordamida haqiqiy ko’rsatkichlar asosida shakllantiriladi va tashkilotlarning moliya organlariga kelib hisobot topshirishiga ehtiyoj qolmaydi.

3. Byudjet tashkilotlarining shtatlar jadvallarini shakllantirish, tasdiqlash hamda moliya organlaridan ro’yxatdan o’tkazish jarayonini avtomatlashtirish bo’yicha ham maxsus modul ishlab chiqildi.

Shtat jadvalini tuzishda qog’oz shakldagi normativlardan voz kechiladi hamda shtat birliklari lavozimlarning klassifikatori asosida shakllanadi. Buning natijasida tasdiqlash jarayonida tashkilotlar tomonidan ortiqcha rejalashtirish va hisob-kitoblar bo’yicha yo’l qo’yiladigan xatoliklar qisqaradi.

Birinchi navbatda joriy yilning 1-fevraliga qadar Moliya vazirligining shtat jadvali “UzASBO” dasturiy majmuasida elektron shaklda tasdiqlanishi ta’minlanadi.

Dastlabki bosqichda maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari hamda qishloq vrachlik punktlarining shtatlar jadvallarini (jami byudjet tashkilotlarining 60 foizi) elektron shaklda ro’yxatdan o’tkazish imkoni yaratildi.

Buning natijasida bir xil turdagi tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning mehnatga haq to’lash razryadlari va ustamalar miqdorlari bir xillashtirib, ortiqcha to’lovlar hajmi kamayadi.

Dasturiy majmuada byudjet tashkilotlardagi shtat birliklarini to’ldirilishi va bo’sh o’rinlar to’g’risidagi ma’lumotlar onlayn rejimda kuzatish imkoniyati yaratiladi.

Ma’lumot uchun: Adliya vazirligidan 8.11.2008 yilda 2634-2-son bilan ro’yxatdan o’tgan Moliya vazirining 130-son buyrug’iga asosan byudjet tashkilotlari tomonidan xarajatlar smetalari va shtatlar jadvalini elektron tarzda yuborish to’g’risida huquqiy asoslar kiritilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq