Oʻzbekiston va Koreya soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy AKTni joriy etish boʻyicha hamkorlikni kengaytirmoqda
24.01.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi direktori H.Nasrulloyev boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasining qator idoralari va korxonalariga tashrif buyurdi.

Tashrif soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, maʼlumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish, shuningdek, kovorking markazi faoliyatini tashkil etish hamda startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha biznes-inkubatsiyalardan foydalanish va ularni Oʻzbekistonda joriy etish maqsadida amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan tashrif chogʻida Milliy axborot-tadqiqot xizmati, «Plan I» kompaniyasi, Tejon rivojlantirish va iqtisodiy innovatsiyalar markazi, Seul Global Startups markazi va boshqa boʻlimlar hamda kompaniyalarda uchrashuvlar oʻtkazildi.

Maʼlumki, Koreya Respublikasi iqtisodiyotda va ijtimoiy sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishda dunyoda yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi.

Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligining Milliy axborot-tadqiqot xizmatida oʻtkazilgan uchrashuvda idoralararo yagona maʼlumotlar markazini tashkil etish, shuningdek, soliq maʼmuriyatchiligini avtomatlashtirish va boshqa axborot tizimlari bilan ishlash usullari yuzasidan fikr almashildi.

Oʻz navbatida, koreyalik ekspertlar mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimini takomillashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

Davlat va xususiy sektorda kovorking markazlarini tashkil etish bilan shugʻullanuvchi qator kompaniyalar, xususan, «Plan I» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv davomida kovorking markazlari infratuzilmasi va ularning asosiy faoliyati haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Tomonlar sohaga Koreya sarmoyasini jalb qilish bilan birgalikda, muhandis va dasturchilarning malakasini oshirish, Oʻzbekistonda hamkorlik markazlarini tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, «Plan I» kompaniyasi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markaziga berilgan maʼmuriy binoda kovorking markazini tashkil etish loyihasini hamkorlikda amalga oshirishga tayyorligini maʼlum qildi. Mazkur kovorking markazi kelajakda dasturchilar va kasanachilar uchun zamonaviy oʻqitish usullarini hamda onlayn trening kurslarini tashkil etish uchun oʻziga xos maydon boʻlib xizmat qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq