Kiberjinoyatchilik yirik global xavfga aylanib bormoqda
21.01.2019
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Ayni vaqtda axborot chegara bilmas kuchga aylanib, u butun dunyo aholisini boshqarmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Eng yirik global makonga aylangan Internet nafaqat shaxsga, balki jamiyat va davlat xavfsizligiga daxl qiluvchi qurolga ham aylanib bormoqda.

Mamlakatimizda har bir fuqaroning o‘zi istagan axborotni olish va undan erkin foydalanish huquqi qonun bilan kafolatlangan. Lekin ushbu imkoniyatlardan o‘zining nopok maqsadlari yo‘lida foydalanayotgan shaxslar ham yo‘q emas. Ular virtual olamda insonlar ongini zaharlash, o‘zganing boyligiga ko‘z tikish va shaxsning qadr-qimmatini toptash bilan bog‘liq harakatlarni sodir etib, jinoyatchilikka qo‘l urmoqda. Aynan shu orqali globalizatsiya jarayoni hayotimizga “kiberjinoyat” tushunchasini olib kirdi.

Kiberjinoyat virtual fazoda sodir etilayotgan jinoyat hisoblanib, uning vujudga kelishi bevosita internet tarmog‘ining paydo bo‘lishi bilan bog‘liqdir. U dunyoda sodir etilayotgan jinoyatlar orasida 4-pog‘onada turadi. Kiberjinoyatchilik iborasi o‘z ichiga kompyuter tizimi va tarmog‘i yordamida yuz berayotgan barcha jinoyatlarni qamrab oladi. Unda tor ma’noda kompyuter tizimi jinoyat quroli bo‘lsa, axborot xavfsizligi esa jinoyat obyekti hisoblanadi.

Qisqacha qilib aytganda, kiberjinoyat insonlar tomonidan pul topish, boylik orttirish yoki boshqa g‘arazli maqsadlarda hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylanib ulgurgan axborot texnologiyalaridan noqonuniy foydalangan holda amalga oshiriladigan ijtimoiy xavfli qilmishdir.

Uning asosiy turlari sirasiga viruslar yordamida zarar yetkazuvchi dasturlarni tarqatish, parollarni buzib kirish, kredit karta va boshqa bank rekvizitlaridagi raqamlarni o‘g‘irlash, firibgarlik, shuningdek, internet orqali qonunga zid axborotlarni — bo‘hton, pornografik materiallarni tarqatish kabilar kiradi. Ammo global tarmoqda bu jinoyatning yil sayin yangi turlari paydo bo‘lmoqda.

O‘z o‘rnida, dunyo mamlakatlari mazkur dolzarb muammoga qarshi kurashish maqsadida 2001-yil 23-noyabrda “Kiberjinoyat to‘g‘risida”gi Budapesht konvensiyasi qabul qilindi. Hozirda ushbu konvensiyaga 40 ga yaqin davlatlar a’zo bo‘lgan. Bundan tashqari, 2013-yil 17- yanvarda Gaagada kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Yevropa markazi rasman ochildi.

Yurtimizda ham jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish, ularning sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu borada endigina hayotimizga kirib kelayotgan munosabatlarda yuzaga keladigan jinoyatlarni o‘rganish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017- yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi negizida “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni tashkillashtirish” bo‘linmasi tashkil etildi. O‘tgan vaqt davomida mazkur bo‘linma tomonidan axborot texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash, oldini olish, qarshi kurashish va fosh etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

O‘z o‘rnida, aniq misollarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Samarqand viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan «OLTINYUL.UZ» va «E-SUM.UZ» veb-saytlari orqali fuqarolarni mulkiy manfaatga qiziqtirib, «Moliyaviy piramida» loyihasi tuzilgan. Shu asosda 8 200 nafardan ziyod fuqarodan jami 450 mln. so‘mdan ortiq pul mablag‘lari yig‘ilib, ushbu guruh tomonidan o‘zlashtirilgan. Holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan N.R. va uning sheriklariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1881-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, 2018-yil 23-iyul kuni Toshkent shahrida 5 ta avtotransport vositasi davlat raqamlari o‘g‘irlanib, jabrlanuvchilardan davlat raqamlarini qaytarish evaziga Internet tarmog‘idagi “QIWI” va “WEB money” elektron tizimlari orqali pul talab qilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Toshkent shahar Bektemir tumanida yashovchi 19 yoshli fuqaro sodir etganligi aniqlanib, qo‘lga olindi. Shuningdek, bo‘linma faoliyati davomida axborot texnologiya vositalarini virus va zararli dasturlar tarqatish orqali shikastlash holati ham aniqlangan. Jumladan, 2018-yilning 4-oktabr kuni Internet tarmog‘idagi “Telegramm” mesenjeridagi “Bollar Va Qizlar” nomli 374 mingdan ortiq a’zolari bo‘lgan kanaldan telefon va kompyuter vositalariga zarar keltiruvchi dasturlar tarqatilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Farg‘ona viloyatida yashovchi M.V. sodir etganligi aniqlanib, qo‘lga olindi.

Shu kabi jinoyatlar, qotillik va o‘zini o‘ldirishga undovchi harakatlarga qarshi kurashish borasida respublikamizda eng avvalo bularning asosi bo‘lgan axborot tarmoqlari, ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazalar yaratilgan. Xususan, Konstitutsiyamizning 29-moddasida “Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir”, deb belgilab qo‘yilgani bu sohada tashlangan ilk muhim qadam bo‘ldi.

Bundan tashqari, 2003-yil 11-dekabrda “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi va 2007-yil 27-dekabrdagi “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, tobora kuchayib borayotgan globallashuv jarayonida bu kabi xurujlar, kiberjinoyatlardan saqlanish, ularga qarshi kurashish uchun har bir shaxsning hushyor va ogoh bo‘lishini davrning o‘zi taqozo etmoqda. Shuningdek, hozirgi kunda qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyati to‘g‘risida yoshlarimiz orasida profilaktika-tushuntirish ishlarini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.

Mirzo Ulug‘bek Madalimov, O‘zbekiston Respublikasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xodimi, leytenant

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq