«Barkamol avlod» Respublika markazida RoboCraft kurslari ochilmoqda
16.01.2019
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Joriy yilning 15-yanvar kuni Respublika «Barkamol avlod» markazida bolalarga robot va dasturlarni ishlab chiqishni oʻrganish imkonini beruvchi RoboCraft ixtisoslashtirilgan kurslarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

RoboCraft — maxsus kurslardan iborat boʻlib, mashgʻulotlarda oʻquvchilar robotlarni yigʻish hamda ularni dasturlashni oʻrganishi mumkin. Mazkur kurs asoschilari tomonidan oʻquv jarayonida oʻziga xos yondashuv joriy etilishi, shuningdek, mashgʻulotlarni zamonaviy taʼlim modellariga tayangan holda oʻtish taklifi berilgan. Xususan, kurs mashgʻulotlari STEAM metodikasi asosida oʻtiladi. Ushbu taʼlim modeli oʻquvchilarga nafaqat bilim olish, balki ularni amalda qoʻllashda ham koʻmak beradi. Bu esa yoshlarning bilim va koʻnikmalarini rivojlantirib, kelajakda oʻzi tanlagan kasbga oson moslashishiga zamin yaratadi.

RoboCraft kurslari taʼlim yoʻnalishidagi davlat va xususiy sektorning birinchi qoʻshma loyihasi hisoblanadi. Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan xususiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Taʼkidlash joizki, RoboCraft mashgʻulotlari Respublika «Barkamol avlod» markazida boʻlib oʻtadi. Markaz oʻquv jarayonini oson, texnologik qulay va qiziqarli oʻtishi uchun barcha zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Kelgusida mazkur loyiha yurtimizdagi barcha «Barkamol avlod» markazlarini qamrab oladi.

Dastlabki bosqichda oʻquvchilar SCRATCH asosida dasturlash bilan tanishtirilib, robot-dizayner Junior E misolida mexatronika asoslari boʻyicha taʼlim oladi. Shu tarzda algoritmlash boʻyicha asosiy bilim va zarur koʻnikmalarni olib,shaxsiy robotlarini boshqarishni oʻrganishadi.

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov tadbirning ochilish marosimida mazkur loyiha ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, mehnat bozoridagi raqobat hamda xalqaro talablar oʻquvchilardan zamonaviy bilim va koʻnikmalarni hamda fan, texnologiya, muhandislik, sanʼat va matematika yoʻnalishlarini puxta oʻzlashtirishlarini talab etishini alohida taʼkidladi. Qolaversa, ushbu loyiha ijtimoiy soha boʻyicha investorlarni jalb etish hamda taʼlim sohasidagi innovatsion islohotlar yoʻlida davlat va xususiy sheriklikni rivojlantirishga asos boʻlishini eslatib oʻtdi.

Xalq taʼlimi vazirligi kelgusida sarmoyadorlar bilan birgalikda yuqori malakali va raqobatbardosh yosh avlodni tayyorlash maqsadida «Barkamol avlod» markazlarini zamonaviy AKT vositalari bilan jihozlashni rejalashtirmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq