Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida Germaniya bilan hamkorlik kengaymoqda
15.01.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

2019-yilning 14-yanvar kuni Oʻzbek-German biznes forumi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sadikov tomonidan bir qator uchrashuvlar oʻtkazildi va germaniyalik hamkorlar bilan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish sohasida kelishuvlar imzolandi.

Tadbir doirasida Germaniya bilan zamonaviy IT-texnologiyalarini joriy qilgan holda, Oʻzbekistonda yoʻl harakati xavfsizligini yanada kuchaytirish, yoʻl harakati qoidalarining buzilishi holatlariga zamonaviy foto-video qayd etish vositalarini joriy qilish borasida nemis hamkorlarining ishtirokini jadallashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 30-oktyabrdagi 3989-son Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari ATLAS International kompaniyalar guruhi bilan birgalikda istiqbolli vazifalarni bajarish yuzasidan yaqindan ish olib bormoqda.

Investitsiyaviy loyihani kelgusida yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, “Oʻzstandart” Agentligi va “ATLAS International” kompaniyalar guruhi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati qoidalari buzilishlarini foto-video qayd etish avtomatlashtirilgan tizimi” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish boʻyicha Kelishuv imzolandi.

Biznes forum doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sadikov AKT sohasi va boshqa yoʻnalishlarda nemis kompaniyalarining yechimlarini keng joriy etish yuzasidan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash boʻyicha “SIEMENS AG”, “DETECON”, “NOKIA”, “GEMALTO AG” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Germaniyaning yoʻl harakati qoidalarini taʼminlash borasida zamonaviy tizimlarni joriy qilish boʻyicha yetakchi pozitsiyalarda ekanini hisobga olib, mamlakatimiz nemis kompaniyalari bilan uzoq muddatli, oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq