Raqamli davlatga aylanishni istasak, o‘quvchilarga dars paytida telefondan foydalanishga ruxsat berish kerak
11.01.2019
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi murojaatida iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan Raqamli iqtisodiyot milliy konsepsiyasini ishlab chiqish, shu asosda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini hayotga tatbiq etish masalasi qo‘yildi. Murojaatnomani tinglar ekanmiz, mazkur dastur bir qarashda iqtisodiyot sohasiga taalluqli ekanligi kunday ravshan bo‘lib tursa ham, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan biz – o‘qituvchilar zimmasiga ham ulkan vazifalar yuklanayotganligini his qilmoqdamiz.

Chunki mamlakatning iqtisodiy hayoti, barcha sohalarga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘yicha islohotlar va ilg‘or texnologiyalar, tabiiyki, ta’lim sohasini chetlab o‘tishi mumkin emas. Aksincha, raqamli iqtisodiyot asosini kadrlar va ta’lim tashkil qiladi. Shunday ekan, raqamli O‘zbekiston kelajagi hozirda maktab partasida o‘tirgan bolalarimiz, yoshlarimiz qo‘lidadir. Albatta, ular raqamli iqtisodiyotni boshqara oladigan, taraqqiy ettiradigan darajada sifatli va zamonaviy bilimga ega bo‘lsa, kelajagimiz buyuk bo‘ladi, raqamli O‘zbekiston xavfsizligi ta’minlanadi. Nazarimda, bunda nafaqat aniq va tabiiy fanlar, balki barcha fanlar hamda ular uchun “ostona” sanaladigan ona tili ta’limiga ham e’tibor kuchaytirish taqozo qilinadi. Vaholanki, informatika tilidan tashqari, ham xorijiy tillardan, ham ona tilidan savodxon dasturchilar tayyorlash masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Shuningdek, davlat boshqaruviga, davlat va jamiyatning barcha sohalariga savodli, layoqatli kadrlar tayyorlashdek zalvorli vazifa to‘la ado etilmayotganligi sir emas.

Prezidentimiz olg‘a surgan Raqamli iqtisodiyot milliy konsepsiyasi o‘zbek xalqi uchun, ko‘p millatli O‘zbekiston uchun. Demak, uning bunyod qilinishi, amalga oshirilishida barcha manfaatdor bo‘lgani kabi barchaning hissasi qo‘shilishi kerak.

Raqamli iqtisodiyot dasturini ishlab chiqishda raqamli ta’limni amalga oshirishga urg‘u berish mazkur dastur amalga oshirilayotgan ko‘pgina rivojlangan davlatlar tajribasida kuzatilmoqda. Xususan, Rossiya Federatsiyasida ham shu jihat alohida e’tibordadir. Ayniqsa, umumta’lim maktablarida ta’limni raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish kelajakda o‘z samarasini berishini, albatta, hisobga olish taqozo qilinadi. Mutaxassislar ta’kidlayotganidek, nafaqat informatika, balki umumta’lim maktablari o‘quv rejasidagi barcha fanlarni o‘qitishda raqamli texnologiyalarni tatbiq qilishni jadallashtirish uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan rejalarning ro‘yobga chiqish sur’atini oshiradi. Biroq ma’rifatning, taraqqiyotning muxoliflari bo‘lgani, har qanday yangilikni joriy qilishda qarshiliklar, ziddiyatlarga duch kelingani kabi raqamli texnologiyalarni ta’limga olib kirishda ham bir-birini istisno qilayotgan holatlar ko‘zga tashlanadi. Jumladan, raqamli ta’limni joriy qilishda bu yaqqol namoyon bo‘lmoqda:

1. Raqamli texnologiyalarni ta’limning quyi bo‘g‘inlaridan boshlab tatbiq qilishga ta’lim muassasalari, xususan, maktablarning moddiy ta’minoti javob bera olmasligi.

2. Fan o‘qituvchilarining raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga olib kirishdan ko‘ra an’anaviylikni qulay va oson deb hisoblashi.

3. Umumta’lim fanlaridan elektron adabiyotlarning yetarli emasligi.

4. Kompyuter va turli gadjetlarning inson salomatligi, ruhiyatiga salbiy ta’siri, o‘quvchilarning mediamadaniyati, “teleavlod” tushunchasi kabilar.

Bizningcha, multimedia vositalari bilan maktablarni to‘liq jihozlashni qo‘l qovushtirib kutib o‘tirishning hojati yo‘q. Aslida, bu ishni to‘la yakunlash imkonsiz ham. Qolaversa, kompyuter texnologiyalari va raqamli texnologiyalar kun sayin yangilanmoqda, takomillashmoqda. Shuning uchun aksariyat mamlakatlarda qo‘llanilayotganligi kabi o‘quvchilarning gadjetlaridan foydalanish tajribasini qo‘llash mumkin. Afsuski, o‘quvchilarning qo‘l telefonlaridan foydalanish ta’lim muassasasi hududida, ayniqsa, dars jarayonida taqiqlanishi bo‘yicha tegishli vazirliklarning buyruqlari bunga monelik qiladi. Nazarimizda, buni taqiqlash bir tomonlama qarordir. Aksincha, o‘quvchilarning mobil telefonlari va turli gadjetlardan maqsadli foydalanishiga erishish bo‘yicha ishlarni jonlantirish zarur.

Bir paytlar xorijiy tillarni magnitofon va kassetalar vositasida audiomateriallarni tinglash orqali o‘rganish urf bo‘lib, kompyuter texnologiyalari imkoniyatlarining kengayishi sababli ularning siqib chiqarilganligini hisobga olsak, smartfonlar va planshetlarning shaxsiy kompyuterlar o‘rnini egallab olayotganligini nazarda tutsak, ta’lim kontentlarini mobil ilovalar tarzida tayyorlash masalasi kun tartibiga chiqayotganligini sezish qiyin emas. Binobarin, aksariyat hollarda an’anaviy metodikaning o‘zi noo‘rin foydalanilganligi, bu holat esa deyarli “zanglagan” o‘qitish metodikasini paydo qilganligini ham tan olish kerak. Avvalo, “zanglagan” metodikani “yarqiratish, jilolantirish”, uning afzalliklarini qayta namoyon qilish, ikkinchidan, pedagogik va raqamli texnologiyalarga murojaat qilish, so‘ngra an’anaviy ta’limning afzalliklari va elektron ta’limni birgalikda foydalanish hamda aralash ta’limni (смешанное обучение, Blended learning) joriy qilishni jadallashtirish zarurligini har bir o‘qituvchi, har bir rahbar chuqur anglashi zarur.

Kitob do‘konlarida rus sinflari uchun chop qilingan qo‘shimcha adabiyotlarning xilma-xilligi, ingliz tilini o‘rganishga qulay qo‘llanmalarning ko‘pligi diqqatimizni tortadi. O‘zbek tilini ona tili yoki davlat tili sifatida o‘qitishga qulay bosma adabiyotlarni zamonaviy texnologiyalar asosida yaratishda orqada qolayotganligimizni o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham, ota-onalar ham yaqqol ko‘rib turishibdi. Internetda rus tilini o‘rganish uchun yaratilgan elektron lug‘atlar, videodarslar, elektron daftarlar; “Репетитор по русскому языку”, “Диктанты. Русский язык”, “Ударeниe”, “Части речи”, “Аудиокурс. Русский язык”, “Правила по русскому языку”, “Пунктуация” kabi mobil ilovalarni ko‘rib havasimiz keladi. Xorijda ularni nafaqat kompyuter dasturchilari, balki fan o‘qituvchilari, talabalar, hatto o‘quvchilar yaratishmoqda. Bunday mobil ilovalar, elektron adabiyotlar yaratishda nega biz imillayapmiz, degan o‘y tinchlik bermaydi. Axir, o‘zbek yoki qoraqalpoq tilidagi kontentni o‘zimizdan boshqa hech kim yaratib bermaydi.

Xullas, raqamli O‘zbekistonni bunyod qilish uchun har bir fan o‘qituvchisi o‘zining bu ishga daxldor ekanligini anglab etishi taqozo qilinmoqda. O‘zimiz ham, shogirdlarimiz ham, o‘quvchilarimiz ham raqamli texnologiyalar inqilobi davrida uyg‘onishimiz kerak.

Uzluksiz ta’lim tizimi ta’limning sifat darajasini yuqori ko‘tarishdek mashaqqatli davrni boshidan kechirmoqda. Buni amalga oshirishda an’anaviy ta’lim va raqamli texnologiyalarni aralash qo‘llash o‘z hayotini buyruq va ko‘rsatmalar asosida emas, balki o‘z tafakkuri va yurak amriga ko‘ra qura oladigan yoshlarga ta’lim-tarbiya berish vositasiga aylanishi muqarrar. Demak, raqamli ta’lim texnologiyalari bilan raqamli iqtisodiyot poydevorini bunyod qilishga biz – pedagoglar mas’ulmiz.

Shaxlo Yuldasheva

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq