Uzcard: 2018-yil sarhisobi
08.01.2019
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘tgan 2018-yil davomida Uzcard kompaniyasi tomonidan bir qator uzoq muddatli va samarali loyihalar amalga oshirildi. Loyihalarning birin-ketin amalga oshirilgan muddati keltirilgan ma’lumotni e’tiboringizga havola etamiz.

Jumladan, 2018-yilda Yagona umumrespublika protsessing markazining asosiy maqsadi mahalliy va xorijiy loyihalarni amalga oshirishga qaratildi. Aytib o‘tish lozimki, bank sohasi qatorida, qolgan sohalarda ham zamonga hamnafas qadam tashlash asosiy strategiyamiz sifatida ilgari surildi. Har bir karta egasi innovatsion texnologiyalarning qulayligini his etib, tranzaksiyalarning xavfsizligiga nisbatan ishonchini shakllantirish uchun 180 nafar mutaxassislardan iborat kompaniyamiz tomonidan bosqichma-bosqich rejalarga asosan ish olib borildi.

Yanvar

2018-yil boshidan Uzcard kompaniyasi mamlakatimizda ekvayringni tashkil etish maqsadida xalqaro to‘lov tizimlari vakillari bilan bir qator muzokaralarni olib bordi. Uchrashuvlarlar davomida 200 dan ortiq ushbu mavzuga tegishli loyihalarni bajarish ishlari keng muhokama etildi. Ta’kidlash joizki, ushbu loyihalarning katta qismi amalga oshirilgan bo‘lsa, qolgani 2019-yilda samarali natijalarini berishi kutilmoqda.

Bugungi kunga kelib, xalqaro to‘lov tizimlariga tegishli plastik kartalar umumterminal tizimida qabul qilinishi uchun Yagona umumrespblika protsessing markazi tomonidan bir qator imkoniyatlar yaratildi. Gap, Mastercard va UnionPay International xalqaro to‘lov tizimlarining plastik kartalari borasida bormoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda Uzcard kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi 200 mingdan ortiq terminallar ro‘yxatga olingan. Hozirda, «Asaka» bankiga tegishli POS-terminallarning barchasi Mastercard kartalarini qabul qilishga texnik va yuridik jihatdan tayyor.

Fevral

Mutaxassislarimiz tomonidan Davlat soliq qo‘mitasi uchun dasturiy ta’minot yaratildi va foydalanishga topshirildi. Endilikda, POS-terminallarga soliq to‘lovchining identifikatsion raqami va pasport seriyasi raqami kiritilganida 6 xildagi xizmat turlariga to‘lovlarni amalga oshirish mumkin:

— Jismoniy shaxslardan mol-mulk solig‘i;

— Jismoniy shaxslardan yer solig‘i;

— Dehqon xo‘jaliklari uchun yer solig‘i;

— Dehqon xo‘jaliklari uchun suv resurslardan foydalanishga belgilangan soliq;

— Suv resurslaridan foydalanishga belgilangan solig‘i;

— Soliq organlarini rivojlantirish fondi uchun ustama foizlari.

Yagona umumrespublika protsessing markazi 2018-yilning fevral oyida ma’lumotlarni qayta ishlash markazini yangiladi. Markaz banklar va to‘lov tizimlari bilan faoliyat olib borish xususiyatlaridan kelib chiqqan holda va talablarga binoan tizimni yangilashga qaror qildi. Jumladan, yangilanish jarayoni o‘tkazilgandan so‘ng Exadata X5 va X6 yetakchi serverlari foydalanishga topshirildi.

Mart

Bir necha yillar davomida kompaniyamizni texnik qo‘llab kelayotgan “GENESIS INNOVATION” IT-kompaniyasi bir qator dasturiy ta’minot va moliyaviy sohadagi IT-ishlanmalarini taklif etib kelayotgan yosh innovatsion kompaniyalardan hisoblanadi. Jumladan, mart oyida ushbu kompaniya tomonidan avtomatlashtirilgan bank tizimi xarid qilindi. Hozirda ushbu avtomatlashtirilgan bank tizimi Respublika bank tizimlariga integratsiya qilinmoqda.

Aprel

Yagona umumrespublika protsessing markazi o‘z faoliyati davomida ilk bor bank-moliya xizmatlari, uskunalari va texnologiyalari namoyishiga bag‘ishlangan “BankExpo – 2018” milliy ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Ko‘rgazma davomida kompaniyamiz nafaqat bank sohasida xizmat ko‘rsatayotgan sektor sifatida, balki IT-texnologiyalarni keng ommaga targ‘ib etuvchi, bankomat va ATM qurilmalarning yangi rusumlarini elektron va chakana savdoda keng muomalaga olib kirayotgan ilgari kompaniyalardan biri sifatida o‘zini namoyish etdi.

May

Keyingi loyihamiz 2018-yilning may oyida «SMART MOVE» nomi ostida realizatsiya qilindi. Kompaniyamizni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi GENESIS INNOVATION kompaniyasi tomonidan yangi dasturiy ta’minot ishlab chiqarildi. Ushbu dasturiy ta’minot Uzcard tizimi orqali o‘tgan xalqaro to‘lov tizimlarining tranzaksion ma’lumotlarini filtrdan o‘tkazadi. Shuningdek, chet elda Uzcard va xalqaro to‘lov tizimlari hamkorligida ishlab chiqarilgan kobeydjing kartalari ishtirokidagi ma’lumotlar aylanmasini nazorat qiladi.

Iyun

Markazimizga yo‘naltirilgan murojaatnomalar o‘rganilganda, bugungi kunga kelib mamlakatimizda xalqaro pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘yish ehtiyoji qayd etildi. Pul o‘tkazmalariga tegishli loyihani boshlash va uni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan xalqaro kompaniyalar bilan integratsiya qilish maqsadida bir qator vakillar bilan tegishli muzokaralar olib borildi. Jumladan, Markazimiz tomonidan 2018-yilning iyul oyida “QIWI Pul o‘tkazmalari” va “CONTACT pul o‘tkazmalari” orqali Uzcard kartalariga dunyoning istalgan nuqtasidan pul mablag‘ini o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Aniqrog‘i, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan barcha banklar ushbu yangi imkoniyatdan foydalanib, Uzcard kartalariga ma’lum miqdorda pul mablag‘larini qabul qilishlari mumkin.

Shuningdek, ushbu oy davomida «Uzcard Infokiosk V2.0» yangi dasturiy ta’minoti yaratildi va foydalanishga topshirildi. Yangi datsuriy ta’minoti xalqaro standartlarga butunlay javob beradi va xalqaro miqyosda qo‘llaniladi. Ushbu dasturiy ta’minot o‘rnatilgan infokiosklar Mastercard, UnionPay International va kobeydjing kartalariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Hozirda PA-DSS xalqaro sertifikatsiyalash jarayoni faol amalga oshirilmoqda. Yaqin kelajakda МИР, VISA, JSB, American Express xalqaro to‘lov tizimlarini integratsiyalash rejalashtirilmoqda.

Iyul

Каrta egalari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Markazimizda “STOP1 – sms-xabarnoma xizmatini masofada turib o‘chirish” xizmati yaratildi. Agar mobil telefon raqami uzoq muddat davomida foydalanilmagan bo‘lsa, mobil kompaniyasi ushbu raqamga tegishli ma’lumotni bizning Markazimizga “sms-xabarnoma” xizmatidan o‘chirish uchun yuboradi. Telefon raqami mobil kompaniya tomonidan ushbu xizmat turidan o‘chirilmagan bo‘lsa, yuqorida aytib o‘tilgan yangi xizmat turi karta egalari uchun mustaqil ravishda “sms-xabarnoma” xizmatidan o‘chirish imkoniyatini yaratadi.

Uzcard POS-terminallari bilan bog‘liq navbatdagi loyihamiz 2018-yilning iyul oyida muvaffaqiyatli amalga oshirilib, savdo-sotiq shaxobcha egalari uchun bir qator qulayliklarni yaratdi. Yagona umumrespublika protsessing markazi mutaxassislari “Xalqaro to‘lov tizimi” nomli dasturiy ta’minotni qo‘llab-quvvatlovchi barcha Uzcard POS-terminallarida “Operatsiyani bekor qilish” funksiyasini joriy etishdi. Ushbu imkoniyat orqali to‘lovni bekor qilish yoki mahsulotni do‘konga qaytarib berish holatlarida foydalanish mumkin. Terminalda kun yopilgunicha, Uzcard plastik kartalari orqali amalga oshirilgan istalgan operatsiyani bekor qilish imkoniyati mavjudligi ham savdo-sotiq punktlari egalari, ham karta egalari uchun bir qator qulayliklarni olib keldi.

Avgust

O‘tgan yil davomida kompaniyamizda plastik kartalardan amalga oshirilgan har bir operatsiyaning xavfsizligiga alohida e’tibor qaratildi. Plastik kartalardan amalga oshiriladigan tranzaksiyalarning xavfsizlik talablariga rioya etish uchun jamoatchilik ishtirokida qator aksiyalar o‘tkazildi. O‘tkazilgan aksiyalar davomida Uzcard karta egalari to‘lovlarni amalga oshirish jarayonida POS-terminalga mustaqil ravishda, karta PIN-kodini kiritish huquqlari targ‘ib etildi. Shuningdek, internet qalloblarning xatti-harakatlaridan ogohlantirish uchun aholi vakillari o‘rtasida muntazam ravishda tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Ushbu oy davomida, shuningdek, hamkor banklarimiz hamda to‘lov tizimlari uchun yangi Payment Gate nomli shlyuz yaratildi. Ushbu shlyuz plastik kartalarning xalqaro xavfsizlik standartlariga javob beradi hamda Yagona umumrespublika protsessing markaziga integratsiya qilish imkoniyatini yaratadi. Qozog‘iston Respublikasining to‘lov tizimlaridan biri Zoodmall bilan kelishilgan hamkorlik shartnomasi ilk xalqaro integratsiya namunasi hisoblanadi.

Sentabr

«E-KPI» – Ish samaradorligining yetakchi elektron ko‘rsatkichi. Kompaniyamizda amalga oshiriligan ushbu loyiha ishtirokchilarida istalgan tashkilot filiali, boshqarma va bo‘limlarning ish faoliyatini texnologik va informatsion qo‘llab-quvvatlashni ta’minlovchi avtomatlashtirilgan ko‘p sonli foydalanuvchilarga mo‘ljallangan informatsion tizim majmuasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

«E-KPI» –biznes-jarayonlarni boshqarishning integratsiyalashgan avtomatik tizimi bo‘lib, o‘zida bir necha kichik tizimlarni qamrab oladi:

— Kadrlar bilan ish yuritish elektron tizimi;

— Hujjatlarni boshqarish elektron tizimi;

— Vazifalarni boshqarish elektron tizimi;

— Hisobotlashtirish elektron tizimi;

Oktabr

2018-yilning eng kutilgan va samarador loyihalaridan biri xalqaro to‘lov tizimlari hamkorligida muomalaga chiqarilgan kobeydjing kartalari innovatsion qulayligi bilan e’tibor markaziga aylandi. Ushbu loyiha nafaqat yetakchi xalqaro to‘lov tizimlari hamkorligida, balki innovatsion kartalarni integratsiyalash bo‘yicha ham bir qator targ‘ibot tadbirlarini o‘ziga qamrab oldi. Jumladan, Yagona umumrespublika protsessing markazi vakillarining Xitoy Respublikasiga bo‘lgan tashrifi davomida ilk kobeydjing kartalarini muomalaga chiqarish bo‘yicha UnionPay International xalqaro to‘lov tizimi bilan shartnoma imzolandi. Kelishuvning asosiy qismi, ikki to‘lov tizimlarining logotiplari joylashtirilgan kartalarni ishlab chiqaruvchi ilk bankni belgilashga qaratildi. Natijada, Aloqabank hisob-kitob banki sifatida hamda ilk kobeydjing kartalari aynan ushbu bankda chiqarilishi qayd etildi.

2018-yilning oktabr oyida kompaniyamiz tomonidan bankomatlar orqali cheklovlarsiz naqd pul echib olish imkoniyati yartildi. Endilikda, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan banklar o‘z ichki qonunlariga binoan bankomat orqali naqd pul yechib olishga 0 foizdan 5 foizgacha bo‘lgan komission to‘lovlarni belgilashi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tavsiyasiga ko‘ra, tijoriy banklar belgilangan komission stavkasini oshirmasliklari darkor.

2018-yilning oktabr oyida Yagona umumrespublika protsessing markazi tomonidan «BPC Group» xalqaro xolding hamkorligida ABT (account based ticketing) texnologik bazasida “STS”- «Smart Ticketing Solution» nomli dasturiy-apparat majmuasi ishlab chiqarildi. ABT – foydalanuvchining shaxsiy hisob raqamiga asoslangan jamoat transportida yo‘l haqi uchun belgilangan to‘lovni amalga oshirish imkoniyatini yaratuvchi zamonaviy tizim. To‘lovlarga tegishli barcha ma’lumotlar markaziy tizimda saqlanadi. Ushbu tizim yo‘l haqi uchun belgilangan to‘lovni barcha bank kartalari (Uzcard, VISA, Mastercard, UPI, MIR to‘lov tizimlariga tegishli kartalar) orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratadi. Yaqin kelajakda ushbu tizimni Yagona umumrespublika protsessing markaziga integratsiya qilish rejalashtirilgan.

Oktabr oyida Markazimiz mutaxassislari tomonidan CINEO C4560 rusumidagi yangi bankomatlar Uzcard kartalarini qabul qilishi uchun dasturlashtirildi. Ushbu bankomatlarning avzalliklaridan biri, pul mablag‘ini avtomatik ravishda konvertatsiyalashidir. Endilikda, karta egalari ushbu bankomatlar orqali chet el valyutasini konvertatsiya qilishlari mumkin. Valyutalar kursi bankomatga xizmat ko‘rsatayotgan bank tomonidan o‘rnatiladi, karta egalaridan esa kimission to‘lovlar olinmaydi.

Hamkorlarimiz qatorida Respublikamizda faliyat olib borayotgan 28 ta bank o‘rin olganligi bois, Markazimiz tomonidan elektron to‘lovlar sohasini yanada rivojlantirish maqsadida, bankomat va infokiosklarga yangi dasturiy ta’minotlar o‘rnatilib, yuqori sifatli va xavfsiz protsessing xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Aytib o‘tish joizki, 2018-yil davomida kompaniya mutaxassislari tomonidan yuqorida aytib o‘tilgan maqsadlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2018-yilning oktabr oyida POS-terminallar tarmog‘ini boshqari va nazorat qilish bo‘yicha qator ishlanmalarni taklif qiluvchi ASHBURN International xalqaro kompaniyasi Yagona umumrespublika protsessing markazi bilan uzoq muddatli strategik hamkorlik kelishuvini imzoladi. 10 yil davomida amal qiluvchi kelishuv doirasida ASHBURN International kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston shart-sharoitiga moslashtirilgan TransLink.iQ dasturiy ta’minotini o‘rnatish uchun Markazimiz ixtiyoriga topshiriladi. Shartnomaga binaon, yangi to‘lov terminallari va mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 28 ta banklarga tegishli hamda YaUPM tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan POS- terminallarning faoliyat olib borilishi uchun 250 000 dan ortiq ruxsatnomalarning sotuvi borasida kelishuvga erishildi.

Noyabr

Markazimizni texnik qo‘llab-quvvatlovchi IT-kompaniya – GENESIS INNOVATION kompaniyasi o‘tgan yilning noyabr oyida “ISO-9001:2015” sifat menejmenti sertifikati talablariga javob berdi va standartlashtirish auditidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Standartlashtiirish bo‘yicha Xalqaro Tashkiloti standartlashtirish bo‘yicha milliy organlarning umumjahon federatsiyasi hisoblanadi. Sifat menejmenti tizimiga o‘tish tashkilotning strategik qarori hisoblanib, uning umumiy faoliyatini yanada rivojlantirish va bir qator strategik maqsadlarni amalga oshirishga asoslangan muhim omillardan biri sifatida o‘rin egallaydi.

Hamkor banklar, to‘lov tizimlari va YaUPM xodimlarining foydalanishlari uchun «2X Factor» nomli yangi tizim ishlab chiqarildi. Ushbu tizim xavfsizlikni ta’minlash maqsadida elektron kalitlarni kiritish orqali YaUPM tizimidan foydalanishda xavfsizlik darajasini aniqlaydi.

Dekabr

Avtomatlashtirilgan fiskal ma’lumotlari – OFM-Billing tizimi uchun dasturiy ta’minoti ishlab chiqarildi. Ushbu ishlanma har bir savdo punkti egasi uchun shaxsiy kabinetdan foydalanish hamda savdolarning monitoringini olib borish imkoniyatini yaratadi.

Kompaniyamiz tomonidan cash-in funksiyasini qo‘llab-quvvatlovchi bankomatlarga tegishli dasturiy ta’minoti yaratildi. Endilikda, NCR SelfServ 6632, GRG va Wincor Nixdorf rusumidagi bankomatlar orqali Uzcard kartalaridagi pul mablag‘ini nafaqat naqdlashtirish, balki kartalarga naqd pul mablag‘ini (so‘m pul biriligini) kiritish imkoniyatidan foydalanish mumkin. Mamlakatimiz bo‘ylab o‘rnatilgan ushbu bankomatlar yordamida cash-in va cash-out xizmat turlaridan tashqari, chet valyutasini so‘m pul birligiga avtomatik ravishda konvertatsiya qilish mumkin. Bunda karta egalaridan komission pul mbalag‘lari yechib olinmaydi. Quyidagi banklar tomonidan NCR SelfServ 6632, GRG va Wincor Nixdorf rusumidagi bankomatlar mamlakatimiz bo‘ylab ma’lum nuqtalarga o‘rnatilgan:

— Agrobank

— Xalq banki

— Ravnaq-bank

— KDB

— Hi-Tech bank

— Aloka bank

— KKB

— Trastbank

— Savdogar bank

— Asaka bank

— Bank Ipak Yoli

Yuqorida sanab o‘tilgan barcha loyihalar Yagona umumrespublika protsessing markazi va Uzcard tomonidan samarali natijalarga erishish maqsadida yanada rivojlantirib boriladi, ba’zilari esa aynan kirib kelgan 2019-yilda to‘liq realizatsiya qilinishi rejalashtirilmoqda. Bir qator yangi innovatsion imkoniyatarning yaratilishi Uzcard karta egalari uchun qo‘shimcha qulayliklarni olib kelishi tabiiy.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq