«Elektron mehnat daftarchasi» joriy etilishi bo‘yicha rasmiy bayonot
07.01.2019
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda 2019-yilning 1-yanvaridan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasi o‘rniga «elektron mehnat daftarchasi» joriy etilishi haqida turli xabarlar e’lon qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shuni ma’lum qiladiki, «elektron mehnat daftarchasi» tizimini joriy etish sifati va samaradorligini ta’minlash maqsadida, 2019-yilning 1-yanvaridan «elektron mehnat daftarchasi» amaliyoti dastlab sinov tariqasida faqat Vazirlik tizimida ishga tushirildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, “elektron mehnat daftarchasi”ni Respublika bo‘ylab keng tadbiq etishdan avval sinov loyihasi orqali tizim ishonchliligini tekshirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf etish va tizimni yanada takomillashtirishdan iboratdir. Eng muhimi, qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasidan elektron shaklga o‘tish jarayonida aholi uchun ortiqcha murakkablik va chalkashliklar yuzaga kelmasligi uchun Vazirlik tomonidan ana shunday tajriba yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bois, mavjud ma’lumotlarning daxlsizligi va to‘liq saqlanishini ko‘zlagan holda odatiy qog‘oz ko‘rinishidagi mehnat daftarchalari tizimi ham saqlab qolindi, ya’ni “elektron mehnat daftarchasi” amaliyotga to‘liq joriy qilinguncha, qog‘ozli mehnat daftarchasi o‘z kuchini yo‘qotmaydi va shu asosda fuqarolar ishga qabul qilinadi.

Bugungi kunda qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalari berilishini to‘xtatmaslik bo‘yicha Vazirlik tomonidan Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari va boshqa tegishli tashkilotlarga ko‘rsatma berilgan.

Hozirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi elektron mehnat daftarchalarini yuritish bo‘yicha dasturlar kompleksining beta-versiyasiga ega va u 2019-yilning yanvaridan ishga tushirilib, sinov uchun Vazirlik tizimidagi tashkilotlarga tadbiq etilmoqda. Shunga muvofiq, elektron mehnat daftarchalarini ommaviy joriy etishni amalga oshirish 2019-yilning birinchi yarmida rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, «elektron mehnat daftarchasi» tizimining to‘liq huquqiy asosga ega bo‘lishi uchun tegishli Qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5052-son farmoniga binoan, “elektron mehnat daftarchasi”ni 2019-yilning 1-yanvaridan bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq