Adliya axboroti: 2019-yil 1-iyuldan yo‘l harakati qatnashchilari mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega
27.12.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Bu haqda joriy yilning 21-dekabr kuni Adldiya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Adliya axboroti” brifingi va matbuot anjumanida e’lon qilindi.

Unda tadbir ishtirokchilari va ommaviy axborot vositalari vakillariga ushbu hafta davomida bir qator muhim masalalar bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati tushuntirildi.

Xususan, brifingda 10 dan ortiq qonun hujjati haqida ma’lumot berildi. Brifingda O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2018-yil 17-avgust) ratifikatsiya qilish haqidagi, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tomonidan qo‘shma aksilterror o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2008-yil 28-avgust) ratifikatsiya qilish haqidagi Qonun Prezident tomonidan imzolangani va ushbu qonunlarning ahamiyati haqida ma’lumot berildi.

Brifing davomida “Maktabgacha ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi, “2019–2020 yillarda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardagi aholi tomorqalariga suv yetkazib berish uchun sug‘orish quduqlarini qazishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi kabi Hukumat qarorlari bo‘yicha ham batafsil tushuntirish berildi.

Brifingdan so‘ng, joriy yil 1-dekabrda qabul qilingan Hukumatning “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorning muhim jihatlarini tushuntirishga qaratilgan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, Qaror bilan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Anjumanda ishtirok etgan soha vakillari ushbu Nizomda belgilangan talablar haqida to‘xtalib o‘tishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Hukumatning mazkur qarori yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqlariga so‘zsiz rioya etilishini, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini, xizmatni o‘tash vaqtida muomala madaniyati va odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi ustidan nazoratni korrupsiya va vakolatini suiiste’mol qilish holatlarini istisno etadigan tarzda kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.

Nizomga muvofiq, yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimi tomonidan transport vositalari yo‘l harakati qoidalarining buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslamada qayd qilinganda; transport vositasi, haydovchi yoki yo‘lovchi qidiruvda ekanligi, yo‘l transport hodisasiga aloqador ekanligi haqida ma’lumotlar bo‘lganida; yo‘l transport hodisasi, huquqbuzarlik sodir etilganligini ko‘rgan haydovchi yoki yo‘lovchidan hodisaga oydinlik kiritishga to‘g‘ri kelganida; harakatni cheklash yoki taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatmalarni bajarishda; transportdan majburiy tartibda foydalanishga to‘g‘ri kelganida; maxsus tadbirlarni o‘tkazish jarayonida; transportdan foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi, transport va yuklarga oid hujjatlar mavjudligini tekshirish uchun to‘xtatilishi mumkin. Boshqa asoslarga ko‘ra, transportning to‘xtatilishi taqiqlanadi.

Bundan tashqari, YPX xodimi quyidagi hollardagina haydovchi va yo‘lovchilardan transport kabinasidan chiqishini talab qilishi mumkin:

transportdagi texnik nosozlik va yuk tashish qoidasi buzilganligini bartaraf etish uchun;

haydovchi transportni mast holda boshqarayotganida;

transportning dvigatel va agregat qismlari raqamlari bilan yozilgan raqamlar o‘rtasida farq aniqlanganda;

transport yoki yuk hujjatlari mavjudligini tekshirish zarurati yuzaga kelganda;

haydovchi yoki yo‘lovchi jinoyat sodir etishda gumon qilinayotganda;

haydovchining kabinada bo‘lishi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga tahdid solishi mumkin bo‘lganida.

YPX xodimi xizmat vazifasini amalga oshirishda quyidagilarga majbur:

vazifalarini mobil videokameradan foydalanib, olib borish va bu haqida yo‘l harakati qatnashchilariga ma’lum qilish (2019-yil 1-iyuldan); yo‘l harakati qatnashchisi to‘xtatilganda, uning oldiga borish, o‘zini tanishtirish, lavozimi, unvoni familiyasi haqida ma’lumot berish hamda ularga “Siz” deb murojaat qilish; tibbiy yordamga muhtojlarni belgilangan joyga olib borishda fuqarolarga yordam ko‘rsatish; haydovchining tezlikni oshirgani haqidagi maxsus moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirish, talabiga ko‘ra moslamaning qiyoslash sertifikatini ko‘rsatish.

Yo‘l harakati qatnashchilari hujjatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik (2019-yil 1-iyuldan), asossiz to‘xtatib turilmasligini talab qilish huquqiga ega.

YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini belgilangan epikrovkada oshkora usulda amalga oshiradi hamda xizmatni yashirin olib borish taqiqlanadi.

YPX xodimi tomonidan o‘zining dislokatsiyasidan tashqarida rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi.

Tadbirda ishtirok etgan jurnalistlar yuqoridagi masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan vazirlikning mas’ul vakillari va soha mutaxassislari murojaat qilib, javoblar olishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq