Innovatsion rivojlanish vazirligidan Yangi yil arafasida bolajonlarga sovgʻa – Q-Box
21.12.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Surxandaryo tumanidagi 100 ta maktabni oʻrganib chiqib, Q-Box uskunasini qoʻyish imkoniyatlarini aniqladi. 20-dekabr kuni Termez shahrining Soliobod mahallasidagi 6-oʻrta maktabida Q-Box muvaffaqiyatli oʻrnatildi. Yangi yilgacha viloyatdagi 20 ta maktabga mazkur moslama oʻrnatilib, oʻquvchilarga topshirilishi rejalashtirilgan.

Q-Box – respublikamizning chekka hududlaridagi maktablar, kollejlar OTMlar va boshqa taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan oʻquvchi hamda talabalarga Wi-Fi tizimi shaklida taʼlim dasturlarini va maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga olgan ulkan kontentdir. Unga kompyuter, smartfon, planshet, noutbuk orqali xuddi Wi-Fi ga ulangandek kirib, oʻzi istagan resurslardan foydalanishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, internetga ulanmasdan turib, aynan ushbu tarmoq bera oladigan maʼlumotlarga egalik qilish imkoniyatini taqdim etadi. Muhimi, mavjud resurslarning bari maxsus ishchi guruhning tasdigʻidan oʻtgan, tekshirilgan va milliy qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan xavfsiz ekanligini taʼkidlash lozim. Bundan tashqari, Q-Boxda ingliz, rus, fransuz, nemis, koreys, xitoy va boshqa tillarni oʻrgatuvchi zamonaviy interaktiv kurslar, tarjimonlar, ensiklopediyalar va boshqa kerakli oʻquv kurslari ham mavjud.

Q-Box maktab oʻquvchilarning darslik bilan bogʻliq muammolarini yechishda ham yordam beradi. Chunki unda barcha sinflarga oid kitoblarning elektron nusxasi boʻladi. Maʼlumot uchun Internet Q-Box moslamasi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy Kutubxonasidagi mavjud adabiyotlarning bosma shaklidagi barcha manbalarini oʻzida jamlay oladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi – EDUBOOK uskunasi bilan maktablarni jihozlashdir. Personal kompyuterlar narxlarining yuqoriligi, koʻp maktablarda, ayniqsa, qishloq joylarida moddiy-texnik bazaning yetishmasligiga olib kelmoqda. Natijada, bolalarning yuqori texnologiyalar yordamida interaktiv ilm olish jarayoni kechikib, aynan shu sohada rivojlanishda ortda qolmoqdamiz. Arzon va aynan bolalarning ilm olishi uchun moslashtirilgan maxsus dasturli EDUBOOK kompyuterlari ayni muammoni yechishga qaratilgan. Ushbu kompyuterlarda astronomiya, geometriya va chizmachilik, geografiyaga aloqador 3D chizmalar, maxsus labaratoriya ishlari va eng asosiysi, bolalar uchun raqamli kodlash dasturlari oʻrnatilgan.

Kelajakda xar bir soha elektron va raqamli tizimga oʻtishi muqarrar. Demak, yangi kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda xalqaro standartlarga erishib,oʻquv jarayonining yangi bosqichiga koʻtarilish davri keldi va bunga birinchi qadamlar ham qoʻyildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq