Alpomish yurtining mard o‘g‘lonlari
20.12.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

To‘qson yillik tarixga ega Toshkent aloqa kasb-hunar kollejining fayzli hovlisi bugun o‘zgacha qiyofa kasb etgan. Darvozadan kirishingiz bilan ko‘zingiz qator saf tortib turgan harbiy texnikalarga tushadi. Ichkarida esa chap tomonda stollarga qo‘yilgan zamonaviy qurol-yaroqlar, o‘ng tomonda harbiy liboslar ko‘rgazmasi hamda askarlar oshxonasida tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari.

Kollej o‘quvchilari askarlar kiyim-kechaklari, qurol-yaroqlar qo‘yilgan stollarni o‘rab olishib, qiziqish bilan tomosha qilishyapti. Ularning ketma-ket bergan savollariga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Maxsus fakulteti 4-bosqich kursantlari hamda fakultet kiyim-kechak ombori boshlig‘i, serjant Abduqodir Qo‘ziyevlar batafsil javob berimoqdalar. Savollar esa juda ko‘p va xilma-xil.

Darvoqe, bu qadimiy bilim maskanida bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash asnosida TATU Maxsus fakulteti bilan hamkorlikda “Vatan muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir” deb nomlangan tadbir tashkil etilgan.
Tadbirning asosiy tantanalari kollej majlislar zalida boshlandi. Zalning bir tomonida kollejda tashkil etilgan harbiy guruhning askarlik liboslari o‘zlariga yarashib turgan bo‘lajak Vatan himoyachilari hamda harbiylikka qiziquvchi o‘quvchilar ishtirokida tuzilgan to‘garak a’zolari, boshqa tomonida mehmonlar – Maxsus avariya-tiklash boshqaramasi (15361-qism) hamda Aloqa harbiy qismi askar va ofitserlari, shuningdek, TATU Maxsus fakulteti kursantlari o‘tirishibdi.

Tadbirda birinchi bo‘lib, so‘z olgan TATU prorektori, Maxsus fakultet boshlig‘i mayor Hakim Muhitdinov avvalo, barchani yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etdi hamda Maxsus fakultet haqida to‘liq ma’lumot berdi.

— Bugungi tadbirni o‘tkazishimizdan maqsad, — dedi notiq. — Siz, aziz o‘quvchilarni fakultetimiz hayoti bilan qisman bo‘lsa-da tanishtirish, shuningdek, harbiylikka bo‘lgan qiziqishingizni yanada oshirishdan iborat. Zero, harbiy aloqachilik o‘ta mas’uliyatli kasb, bu kasbni sevib-ardoqlabgina muayyan natijalarga erishish mumkin. Yaqinda fakultetimizda Ochiq eshiklar kuni o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. O‘sha kuni barcha qiziquvchilar fakultetimizda bo‘lib, barcha sharoitlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin. Fakultetga kirish imtihonlari oliy ta’lim muassasalariga bo‘ladigan umumiy imtihonlardan oldinroq boshlanishini hisobga olsak, bemalol bizda imtihon topshirish imkoniga egasiz.

Fakultet boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Yo‘ldosh Xoliqov respublikamiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan armiyamizni dunyodagi eng kuchli armiyalar safiga qo‘shish borasida olib borayotgan ishlar haqida so‘zladi.

Kollej direktori, iqtisod fanlari doktori Sherzod Tursunov o‘quvchilarni Vatanga muhabbat, ota-bobolarimiz an’analariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida kollejda amalga oshirilayotgan harakatlar, bo‘lajak Vatan himoyachilari ongiga Alpomish yurtining mard o‘g‘lonlari bo‘lish yuksak burch ekanligini singdirishdek katta maqsad yo‘lida joriy yil 15-dekabrdan 2019-yil 15-yanvargacha bo‘lgan muddat davomida e’lon qilingan Vatanparvarlik oyligining ahamiyati haqida gapirib, tadbir tashkilotchilariga, xususan, Hakim Muhitdinov boshchiligidagi Maxsus fakultet harbiylariga minnatdorlik bildirdi.

Ishtirokchilar Maxsus fakultetning bayroqdor, qo‘l jangi guruhlari chiqishlarini tomosha qilishdi.
Tadbir so‘ngida boshlovchi jarangdor qilib o‘qigan hassos o‘zbek shoiri Muhammad Yusufning quyidagi satrlari zal uzra baralla yangradi:

Qalqoning bor kim qasd qilsa gar joningga,

Alpomishlar ruhi yor har o‘g‘loningga.

Asragaymiz giyohing ham gulday o‘pib,

Yovlar yaqin yo‘lolmagay qo‘rg‘oningga.

Adoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston,

Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq