«Davlat xaridlari tizimida shaffoflikni ta’minlash va raqobatni kuchaytirish» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi
11.12.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

Joriy yil 10-dekabr kuni Milliy matbuot markazida ommaviy axborot vositalari uchun «Davlat xaridlari tizimida shaffoflikni ta’minlash va raqobatni kuchaytirish» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Matbuot anjumani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va «O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJ tomonidan tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad keng jamoatchilikni elektron davlat xaridlarini tashkillashtirish va o‘tkazish natijalari bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, joriy yilda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi bilan davlat xaridlarining milliy tizimi rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Xususan, xarid qilish jarayonlari elektron do‘kon, elektron auksion, tanlov, tender va yagona yetkazib beruvchidan davlat xaridi shakllarida amalga oshirila boshladi. Davlat xaridlarining subyektlari budjet va korporativ buyurtmachilarga ajratildi.

Bundan tashqari, davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, budjet tashkilotlari va davlat ulushi bo‘lgan korxonalar mablag‘laridan samarali foydalanish, shuningdek, bu sohada sog‘lom raqobatni shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi. Buning uchun xarid.uz – maxsus axborot portali ishga tushirildi va «O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJ esa mazkur portalning operatori sifatida belgilandi.

Ayni paytda, xarid.uz portali O‘zbekiston Respublikasida davlat xaridlari bo‘yicha yagona axborot resursi hamda elektron davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha onlayn savdo maydonchasi sanaladi. Buning natijasida, tovar yetkazib beruvchilar, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlari onlayn rejimda davlat xaridlari tizimidan erkin foydalana oladilar, bu esa sohada raqobat muhitini shakllantirishga va xaridlar bahosining pasayishiga xizmat qiladi.

Yangi tizimning asosiy yangiliklaridan biri davlat xaridlari jarayonida elektron raqamli imzodan foydalanish amaliyotining qo‘llanilishi va birjaning Hisob-kitob kliring palatasi vositasida tuzilgan shartnomalarning kafolatlanganligi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi hamda boshqa davlat idoralari bilan birja o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirkorlarni davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdolarga jalb etish maqsadida keng qamrovdagi piar kampaniya o‘tkazildi. Mamlakatning har bir tumanida keng jamoatchilik va birja mijozlarini yangi tartib bilan tanishtirish maqsadida qator seminarlar va turli tadbirlar tashkil etildi.

Elektron do‘kon va auksion savdolarida buyurtmachilar va yetkazib beruvchilarning ro‘yxatdan o‘tish jarayonini yengillashtirish uchun xarid.uz portaliga o‘quv videoroliklari joylashtirildi. Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida SMS-xabar berish xizmati ishga tushirildi va portaldagi shaxsiy kabinet imkoniyatlari yanada kengaytirildi. Xususan, dxarid.uzex.uz va shop.uzex.uz saytlarida shaxsiy kabinet orqali «Shartnomani bekor qilish» xizmati faollashtirildi, bu orqali o‘zaro rozilik asosida tuzilgan shartnomani bekor qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bunda davlat xaridlari ishtirokchilaridan jarima mablag‘i undirilmaydi.

Shu bilan birga, O‘zRTXB Call-markazi xizmati operatorlarining tarkibi kengaytirildi va xizmatning qo‘shimcha (Q71) 207-00-33 telefon raqami ishga tushirildi va unda abonentning navbatga turish xizmati faollashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3953 sonli «O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan davlat xaridlari bo‘yicha elektron auksion o‘tkazilish muddati 10 kundan 5 kungacha, tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lonni portalga joylashtirish muddati esa 30 kundan 10 kungacha qisqartirildi.

Maxsus axborot portalining operatori huzurida Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish komissiyasi tashkil etildi. Ushbu komissiyaning Raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining Davlat xaridlari bo‘limi boshlig‘i Abror Gadoyev hisoblanadi. Komissiya tarkibiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining vakillari ham kiritilgan.

Komissiya o‘z vakolati doirasida haftada ikki marotaba davlat xaridlariga oid shikoyatlarni, shu jumladan, buyurtmachilarning qonunga xilof harakatlari yoki qarorlari va yetkazib beruvchilarni insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritish kabi nizoli masalalarni ko‘rib chiqadi. Komissiya ish boshlagandan buyon shikoyatlar bo‘yicha 712 ta qarorlar qabul qilingan, ularning natijasiga ko‘ra, 22 nafar yetkazib beruvchi insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritildi.

Muammoli vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida, davlat xaridlarining ishtirokchilari tuzilgan shartnoma doirasidagi o‘z majburiyatlarini qatiyan qonunga asosan amalga oshirishlari muhim ekanligi ta’kidlandi. Buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar shaxsiy kabinet orqali bajarilayotgan harakatlari va portalga joylashtirayotgan ma’lumotlarining ishonchliligi uchun o‘zlari to‘liq mas’uldirlar.

Ayni vaqtda tizimda 50 mingdan ziyod buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Har kuni tizimga 8 mingdan ziyod e’lonlar kelib tushadi, 15 mingdan ortiq talabnomalar qayta ishlanadi, 5 mingdan ziyod bitimlar shakllantiriladi. Birjaning Call-markaz xizmati bir kun davomida birgina davlat xaridlari masalalari bo‘yicha 500 dan ortiq qo‘ng‘iroqlar va 30 ga yaqin onlayn murojaatlarni qabul qilmoqda.

2018-yilning may oyidan, ya’ni tizim ishga tushgan vaqtdan noyabr oyiga qadar, xarid.uz portalida umumiy qiymati 1,5 trln. so‘mdan ortiq 447 mingta shartnomalar tuzilgan. Jumladan, budjet buyurtmachilar 901,9 mlrd. so‘mga teng 364 mingta bitimlar, korporativ buyurtmachilar esa 679,7 mlrd. so‘mga teng 83 mingta bitimlarni imzolaganlar. Umumiy hisobda elektron do‘kon orqali tuzilgan shartnomalarning qiymati 488,0 mlrd. so‘mni, elektron auksion orqali 1,09 trln. so‘mni tashkil etadi. Tuzilgan bitimlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining ulushi 96 foizdan oshdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida budjet va korporativ buyurtmachilarning 267,6 mlrd. so‘mga teng mablag‘i iqtisod qilingan, ya’ni, elektron do‘kon orqali 48,7 mlrd so‘mlik mablag‘ tejalgan bo‘lsa, elektron auksion o‘tkazilishi natijasida 218,9 mlrd. so‘mlik mablag‘lar iqtisod qilindi.

Hududiy kesimda, davlat xaridlariga oid shartnomalarning katta qismi, ya’ni 39% Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tuzildi. Navbatdagi yirik xaridlar Navoiy (ulushi 14%), Farg‘ona (8%), Samarqand (7%) viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Boshqa hududlarning ulushlari esa 2-5% atrofida.

Kelgusida elektron davlat xaridlari bo‘yicha elektron tizim va maxsus axborot portalini yanada rivojlantirish, shuningdek, davlat xaridlari ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro hisob-kitob mexanizmini takomillashtirish mo‘ljallangan.

Tadbir yakunida anjuman ishtirokchilari o‘rtasida mavzuga doir fikr almashinuvi bo‘lib o‘tdi, jurnalistlar qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq