Qozog‘istonning yirik kompaniyasi — “Zerde” vakillari bilan videokonferensiya o‘tkazildi
06.12.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Joriy yilning 5-dekabr kuni “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazida (Markaz) Qozog‘iston Respublikasining “Zerde” milliy axborot-kommunikatsiya xoldingi” AJ vakillari bilan videokonferensiya o‘tkazildi.
Videokonferensiyada “Zerde” kompaniyasi tomonidan Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i A. Tursumbayeva, AKT sohasini rivojlantirish departamenti bosh menejeri O.Quanish, Raqamlashtirish bo‘yicha departament dasturlari menejeri Z.Sagindikov va boshqalar qatnashdilar.
Markaz tomonidan videokonferensiyada direktor o‘rinbosari M. Rasulov boshchiligida departamentlar va bo‘limlar rahbarlari hamda xodimlari ishtirok etishdi.
Markaz xodimlari qo‘shni mamlakatda IT-loyihalar qiymati qanday baholanishi, Qozog‘istonda davlat axborot tizimlari va resurslariga nisbatan qanday davlat standartlari qo‘llanilishi, davlat organlarining IT-loyihalarga ehtiyoji tahlili qanday o‘tkazilishi kabi masalalar yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘tkazilgan muzokaralar natijasiga ko‘ra, tomonlar axborot almashinuvi va amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadga muvofiq degan to‘xtamga keldilar. Shuningdek, IT-loyihalar qiymatini hisoblashda “Zerde” milliy axborot-kommunikatsiya xoldingi” AJda qo‘llaniladigan yondashuvlarni hamda Qozog‘iston Respublikasida elektron hukumat tizimining ishlash mexanizmini amaliy o‘rganish maqsadida Markaz vakillarining qo‘shni davlatga xizmat safarini uyushtirishga qaror qilindi.