Oʻzbekistonda innovatsion allergiya pasporti yaratildi
04.12.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda noyob hujjat – molekulyar darajada allergik taʼsirchanlik pasporti, oddiyroq qilib aytadigan boʻlsa, allergiya pasportini joriy etish boʻyicha dasturni amalga oshirmoqdalar.

Bunday zarurat bolalar va oʻsmirlarda turli xil xastaliklar, jumladan astma va anafilaksiya kasalliklarining koʻpayishi natijasida paydo boʻldi.

Shoshilinch holatlarda qoʻllaniladigan allergiya pasportining elektron shakli namunasi.

Astma va oziq-ovqat mahsulotlariga allergiyaning ogʻir shakllariga, jumladan anafilaksiyaga moyillikni molekulyar darajada aniqlash muayyan oziq-ovqat allergenlarini istisno qilish hamda ogʻir asoratlarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan allergenlarga individual sezuvchanlikni aniqlash, olingan natijalarni toʻgʻri tahlil qilish hamda natijalarni mutaxassislar va ota-onalar uchun maxsus blankka kiritish talab etiladi.

Pasport ikki xil shaklda chiqariladi.Pasportning shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan shakli allergen manbalari va yuqori xavf tugʻdiradigan alohida molekulalar haqidagi maʼlumotlar, shuningdek QR-kod (tez taʼsir koʻrsatadigan kod)ini oʻz ichiga oladigan ikki tomonlama plastik karta tarzida taqdim etilgan. QR-kod katta hajmdagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi va molekulyar tekshiruv boʻyicha toʻliq axborot yozilgan qogʻoz shaklli pasportdagi barcha maʼlumotlarni oʻqish imkonini beradi. Masalan, bemorga shoshilinch yordam kerak boʻlib qolganida, shifokorlar zarur maʼlumotlarni QR-kod orqali bilib olishlari mumkin boʻladi.

Vena Tibbiyot universitetining molekulyar allergologiya boʻyicha yetakchi olimi, professor Rudolf Valenta hamda Innovatson rivojlanish vazirligining xalqaro eksperti Viktoriya Garib Innovatsion PAS (allergik taʼsirchanlik pasporti) kelajakdagi personallashtirilgan tibbiyotning muhim boʻgʻimi boʻlishi mumkin, deb fikr bildirdilar.

Taʼkidlash joizki, muayyan bolaning taʼsirchanligi toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumot, yaʼni uning shaxsiy allergik pasporti allergik kasalliklarni rivojlanishini oldini olishning samarali usullarini tanlash va toʻgʻri davolash uchun zamin yaratadi. Allergiya rivojlanishini oldini olishda, oʻz navbatida, ota-onalarning yetarli maʼlumotlarga ega boʻlishi lozimligi ham muhimi ahamiyat kasb etgani bois, mazkur pasportning joriy etilishi kasallik rivojlanishining boshlangʻich bosqichida uni toʻxtatish imkonini beradi.

Mazkur pasport Oʻzbekiston fuqarolarining xorijga safarlari chogʻida ishlatilishi mumkinligini nazarga olgan holda, pasport ingliz va rus tillaridagi maʼlumotlarni ham oʻz ichiga oladi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari 2019 yilning yanvar oyidan boshlab shaxsiy allergiya pasportlarini olishlari mumkin.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq