Dasturlash bo‘yicha «TUIT OPEN 2018» musobaqasi yakunlandi
27.11.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 24-25-noyabr kunlari «TUIT OPEN 2018» dasturlash bo‘yicha musobaqasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa yurtimizda AKT sohasini yanada rivojlantirish, o‘quvchi va talaba-yoshlarning dasturlash tillari, IT sohasidagi innovatsion g‘oyalarni yaratishga qiziqishlarini oshirish maqsadida tashkil etildi.

«TUIT OPEN 2018»da respublikamizning barcha hududlaridan 34 ta jamoa qatnashdi. Shularning 9 tasi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari jamoalari. Savollar C++, Java, Pyhton, Pascal dasturlash tillari asosida shakllantirilgan. Musobaqani o‘tkazish tartibiga ko‘ra, savollar maxsus tizim orqali onlayn yechildi va javoblari ma’lum qilindi.

Musobaqa g‘oliblariga pul mukofotlari belgilangandi. Xususan, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun birinchi o‘ringa 9 mln., ikkinchi o‘ringa 6 mln., uchinchi o‘ringa 3 mln. so‘mdan mukofot pullari ajratildi.

25-noyabr — musobaqaning ikkinchi kunida dasturlash bo‘yicha asosiy tur bo‘lib o‘tdi. Shu kunning o‘zida musobaqa natijalari e’lon qilindi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filiali «MSU Tashkent 0», ikkinchi o‘rinni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining «TUIT: ALVA», uchinchi o‘rinni TATU Urganch filialining «TUIT Urgench Branch masters» jamoasi egalladi.

«TUIT OPEN 2018» musobaqalari ishtirokchilari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, bir-birlari bilan yaqindan tanishib olishlari uchun «Gaming round» tashkil etildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq