Axborot texnologiyalari sohasida islohotlar davom etmoqda
26.11.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Кeyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarning samaradorligini oshirishning muhim sharti sifatida davlat va jamiyat boshqaruvi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini joriy etishga muhim e’tibor qaratib kelinmoqda.

Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kuni-kecha qabul qilgan “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori davlat organlari va tashkilotlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasiz.

Ushbu hujjatda bugungi kunda “Elektron hukumat” tizimining joriy etilishi va samarali faoliyat ko‘rsatishiga, axborot sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammolar keltirib o‘tilib, ularni bartaraf etishning yangi tartib va mexanizmlari belgilab berildi.

Haqiqatdan ham, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, keyingi vaqtlarda axborotlashtirish subyektlari tomonidan qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlarining ijro etilishi ustidan nazorat va tekshirishning amaldagi mexanizmi zamonaviy talablarga muvofiq emasligi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining pasayishiga olib kelmoqda.
Shuningdek, axborot xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul yagona vakolatli organning mavjud emasligi mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligiga salbiy ta’sir etmay qolmadi.
Telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi nazorat tizimi, muhim axborot infratuzilmasining mukammal emasligi davlat axborot tizimlari obyektlari, raqamli iqtisodiyot va shaxsiy ma’lumotlarning zaiflashuviga sabab bo‘layotgani ma’lum bo‘ldi.

Qolaversa, turli buzg‘unchi kuchlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Internet tarmog‘idan faol foydalanishi aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan avlodning dunyoqarashi va ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani tashvishli hol.

Shundan kelib chiqib qabul qilingan qarorga muvofiq axborot sohasida yagona davlat siyosati ro‘yobga chiqarilishining samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiya hamda Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi tugatilib, ularning o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi, davlat unitar korxonasi shaklidagi Texnik ko‘maklashish markazi hamda “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi tashkil etildi.

Qaror bilan ushbu tuzilmalarning huquq va majburiyatlari belgilab berildi. Unga ko‘ra, Davlat inspeksiyasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi, fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatishda (sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazishda) mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi hamda normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Shu bilan birga, ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integrallashgan axborot tizimlarini, ma’lumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish vazifasi ham belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, axborot sohasidagi islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar avvalo fuqarolarimizga qulayliklar yaratishi, ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va tezkorligi hamda berilayotgan axborotlarning shaffofligini ta’minlashga xizmat qilishi zarur.

Jamshid Pirmatov

Оliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq