XTV va Isroil delegatsiyasi taʼlim sohasida oʻzaro hamkorlik masalasini muhokama etdilar
22.11.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Xolon texnologiya instituti (HIT) Prezidenti, professor Eduard Yakubov boshchiligidagi delegatsiya Xalq taʼlimi vazirligiga tashrif buyurdi.

Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Isroil delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuv davomida u vazirlikning taʼlim sohasini isloh etish boʻyicha say-harakatlari haqida isroillik mehmonlarga maʼlumot berdi. Taʼkidlandiki, hozirda oʻquv dasturlari va darsliklarni qayta koʻrib chiqish ishlari boshlandi.

Xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari vazirlik taʼlim sohasidagi rivojlangan mamlakatlar tajribasini oʻrganish boʻyicha ish olib borilayotgani haqida aytib oʻtar ekan, Isroilning STEAM fanlari va AKT yoʻnalishlarida oʻqitish boʻyicha tajribasi qiziqligini qayd etdi.

Oʻzbekiston tomoni matematika, fizika va boshqa fanlar boʻyicha darsliklarini mamlakatimizda moslashtirish uchun oʻrganib chiqish istagi borligi taʼkidlandi.

Tomonlar Oʻzbekiston milliy universiteti bilan hamkorlikda fizika-matematika va texnologiyalarga ixtisoslashgan zamonaviy maktab tashkil etish hamda oʻqituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarini muhokama etdilar.

Eduard Yakubov Isroil Oʻzbekiston bilan taʼlim tizimida hamkorlik oʻrnatishga qiziqishi borligini aytdi va oʻz tajribasini oʻrtoqlashishga tayyorligini taʼkidladi. U Xalq taʼlimi vazirligi vakillarini Isroilga taʼlim tizimini oʻrganish va hamkorlik aloqalarini oʻrnatish uchun tashrif buyurishga taklif etdi.

HIT prezidenti Isroilning taʼlim tizimini rivojlantirish, jumladan, aniq fanlar va texnologiya yoʻnalishlari boʻyicha ilgʻor tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Isroil delegatsiyasi Oʻzbekistonda maktab infratuzilmasini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashga qoʻshimcha mablagʻ jalb etish uchun maktab fondi MFond tashkil etilgani haqida maʼlumot oldi. Oʻzbekiston maktablaridan birini bitirgan HIT Prezidenti, professor Eduard Yakubov MFond orqali oʻz maktabiga moliyaviy koʻmak berish istagi borligini qayd etdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq