Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori
22.11.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Davlat va jamiyat boshqaruvi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini joriy etish mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar va oʻzgarishlarni samarali amalga oshirishning muhim sharti hisoblanadi.

Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, axborot xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilayotganiga qaramasdan “Elektron hukumat” tizimining joriy etilishi va samarali faoliyat koʻrsatishiga, axborot sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashishga toʻsqinlik qiluvchi qator muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan:

birinchidan, axborotlashtirish subyektlari tomonidan qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlarining ijro etilishi ustidan nazorat va tekshirishning amaldagi mexanizmi zamonaviy talablarga muvofiq emasligi koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatining pasayishiga olib kelmoqda;

ikkinchidan, axborot xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul yagona vakolatli organning mavjud emasligi mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarning samarasizligiga sabab boʻlmoqda;

uchinchidan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy etilayotgan apparat vositalari va dasturiy mahsulotlarni ekspertiza va sertifikatsiyadan oʻtkazish tizimidagi kamchiliklar ularning “Elektron hukumat” tizimiga jadal integratsiyalashuvini susaytirmoqda;

toʻrtinchidan, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi nazorat tizimi, muhim axborot infratuzilmasining mukammal emasligi davlat axborot tizimlari obyektlari, raqamli iqtisodiyot va shaxsiy maʼlumotlarning zaiflashuviga olib kelmoqda;

beshinchidan, buzgʻunchi kuchlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Internet tarmogʻidan faol foydalanishi aholi, ayniqsa, oʻsib kelayotgan avlodning dunyoqarashi va ongiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;

oltinchidan, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va joriy qilish boʻyicha tizimli ishlarning mavjud emasligi milliy axborot makonini himoya qilishning zamonaviy usullarini joriy qilish imkonini bermayapti.

Axborot sohasida yagona davlat siyosati roʻyobga chiqarilishining samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining:

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiyani;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazini tugatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar:

umumiy shtat birligi 198 nafar, shu jumladan, hududiy boʻlinmalarda – 110 nafar boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat inspeksiyasi);

davlat unitar korxonasi shaklida Texnik koʻmaklashish markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz);

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga koʻmaklashish markazi tashkil etilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazining boʻshayotgan 135 nafar shtat birligi Markazga oʻtkazilsin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiyaning huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi, “Xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq huquq va majburiyatlari bundan mustasno.

Davlat inspeksiyasi Markazning taʼsischisi hisoblanadi.

5. Quyidagilar:

a) Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

oʻz vakolati doirasida pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish choralarini taʼminlash ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatishda (sotish, ijaraga berish va barchaning eʼtiboriga yetkazishda) mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integrallashgan axborot tizimlarini, maʼlumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish samaradorligi;

“oxirgi milya” tamoyili boʻyicha Internet tarmogʻidan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yoʻli bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

b) Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

axborot xavfsizligiga hozirgi vaqtdagi tahdidlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va toʻplash, davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari, resurslari va maʼlumotlar bazalariga noqonuniy kirib olish holatlarining oldini olishni taʼminlaydigan samarali tashkiliy va dasturiy-texnik yechimlarni tezkor qabul qilish boʻyicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqish;

qonun buzuvchilarni, axborotlar makonidagi ruxsatsiz yoxud buzuvchi harakatlarni amalga oshirishda foydalaniladigan metodlar va vositalarni tahlil qilish, identifikatsiyalashda telekommunikatsiyalar tarmoqlarining operatorlari va provayderlari, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilish;

axborotlashtirish obyektlarida (davlat sirlari bundan mustasno) apparat vositalari va dasturiy mahsulotlarni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, telekommunikatsiya jihozlari va boshqa texnik vositalarni attestatsiya, ekspertiza va sertifikatsiyadan oʻtkazish;

davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari va resurslari axborot xavfsizligi siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda koʻmaklashish;

davlat axborot tizimlari va resurslari, shuningdek, internet tarmogʻi milliy segmentining axborot xavfsizligini taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

Internetning milliy foydalanuvchilarini Internet tarmogʻi milliy segmentida axborot xavfsizligiga paydo boʻlayotgan tahdidlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilish, shuningdek, axborotlarni himoya qilish boʻyicha maslahat xizmatlari koʻrsatish.

6. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi hududiy boʻlinmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27 iyuldagi PF–5490-son “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni 5 va 6-bandlari talablari Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladigan tekshirishlarga tatbiq etilmaydi.

7. Quyidagi tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

a) Joriy taʼminot (ish haqiga davlat qoʻshimcha toʻlovlari va ustama pullar saqlangan holda), Davlat inspeksiyasi va Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ular xodimlarining mehnatini qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

b) Markaz xodimlariga axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi alohida mehnat sharoitlari uchun xodim lavozim maoshining kamida 100 foizi miqdorida oylik ustama belgilanadi;

v) 2019-yil 1-yanvardan:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, apparat vositalari va dasturiy mahsulotlar, himoya vositalari va boshqa texnik vositalarga texnik topshiriqlar boʻyicha xulosalar Markaz bilan majburiy tartibda kelishiladi;

davlat organlari va tashkilotlarining axborotlashtirish obyektlarida (davlat sirlari bundan mustasno) joriy etiladigan va foydalaniladigan apparat vositalari va dasturiy mahsulotlar majburiy ravishda Markazda attestatsiya va ekspertizadan oʻtkazilishi zarur;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, apparat vositalari va dasturiy mahsulotlar, himoya vositalari hamda boshqa texnik vositalarga texnik topshiriqlar boʻyicha xulosalarni Markaz bilan majburiy kelishilgandan soʻng berilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiyaga biriktirilgan transport vositalari va boshqa mol-mulkni Davlat inspeksiyasiga;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markaziga biriktirilgan texnik va transport vositalari, shuningdek, boshqa mol-mulkni Markaz balansiga begʻaraz oʻtkazsin, “Xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirish uchun moʻljallangan mol-mulk bundan mustasno.

12. Davlat inspeksiyasi va Markaz operativ boshqaruv huquqi asosida Toshkent shahar, Doʻrmon yoʻli koʻchasi, 31-uy manzilidagi binoda joylashtirilsin.

13. Quyidagilar:

“Oʻzbektelekom” AKga Markazni zarur aloqa vositalari va yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻi bilan taʼminlash;

“Oʻzbekenergo” AJga Markazga ajratilgan binoni majburiy tartibda zaxira qilingan uzluksiz energiya taʼminoti bilan taʼminlash tavsiya etilsin.

14. Markaz axborot sohasida davlat xavfsizligini taʼminlash uchun olib kiriladigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, apparat-dasturiy komplekslar, oʻquv va laboratoriya jihozlari, ehtiyot qismlar, butlovchi qismlar va radiodetallarga bojxona toʻlovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga koʻmaklashish markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

oʻzlari qabul qilgan idoraviy hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qaroriga muvofiqlashtirsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Raisi I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 21-noyabr

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq