Maktabgacha ta’lim vazirligi: faoliyatning dastlabki bir yillik natijalari
13.11.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2018-yilning 10-noyabr kuni Maktabgacha ta’lim vazirligida (MTV) idora faoliyatining bir yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida matbuot-anjumani o‘tkazildi va Mirzo Ulug‘bek tumanining 324-sonli MTMga press-tur uyushtirildi.

2018-yil 10-noyabr, Toshkent – MTV faoliyatining bir yilligiga bag‘ishlangan tadbirda yakunlar sarhisob qilinib, o‘tgan davr natijalari namoyish etildi. OAV vakillari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 324-sonli MTMga tashrif buyurdilar. Ushbu muassasa xorijiy investitsiyalar yordamida amalga oshirilgan keng miqyosli va muvaffaqiyatli loyihaning yorqin misoldir. Ko‘p yillar faoliyat qo‘rsatmay turgan 324-sonli MTMning rekonstruksiyasi Sodjong universiteti va Koreyaning New Millenium Construction kompaniyasi tomonidan moliyalashtirildi.

Shuni aytish joyizki, ayni damda Koreya, Turkiya, Singapur va boshqa mamlakatlar investorlari bilan respublika MTMlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, muassasalar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Qayta ta’mirlash davomida mazkur muassasa koreys standartlariga maksimal darajada yaqinlashtirilib, qayta barpo etildi. Talabga to‘la javob beradigan oshxona, ovqatlanish joyi, turli ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan zalni o‘z ichiga olgan bino qad rostladi. Bolalar o‘zlarining ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirib, rasm chizishni o‘rganishga moslashgan alohida san’at kabineti ham mavjud. Musiqa bilan shug‘ullanish uchun alohida keng musiqa zali ajratilgan bo‘lib, u yerda musiqa san’ati bilan shug‘ullanish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Hududda ochiq havoda jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun futbol maydoni mavjud.

MTM hududi va undagi o‘simliklar bolalarning mintaqaviy va yoshi xususiyatlari hisobga olinib, «Ilk qadam» Davlat ta’lim dasturi asosida modellashtirilgan. Shuningdek, unda hududni sug‘orish uchun quduq ham barpo etilgan.

Maktabgacha ta’lim muassasasi homiylarning mablag‘lari hisobiga Janubiy Koreyadan keltirilgan mebel, sport va o‘yin anjomlari, o‘quv-uslubiy materiallar, o‘yinlar va o‘yinchoqlar, shuningdek, bolalarning tish cho‘tkalarini sterillovchi qurilmalar bilan jihozlangan.

324-sonli MTM davlat muassasasi bo‘lib, unga yaqin o‘rtadagi mahallalar oilalarining farzandlari va maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarining bolalari qatnaydi. Ushbu MTM 2019-yilda Toshkentda ochilishi kutilayotgan Sodjong universiteti filialining o‘qituvchi va talabalari uchun keyinchalik tajriba maydonchasi sifatida xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Bu MTMda yo‘lga qo‘yilgan yangicha ta’lim yondashuviga oid amaliyotlarni, shuningdek, butun respublika pedagoglari ham qo‘llashlari mumkin bo‘ladi.

Matbuot anjumani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi «Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3955 son Qaroriga bag‘ishlandi.

«Bolalarning hayotini yaxshi tarafga o‘zgartirish istagigina muvaffaqiyatga erishish uchun har doim ham yetarli bo‘lavermaydi. Maktabgacha ta’lim vazirligiga bolaning va maktabgacha muassasaning manfaatlarini samarali himoya qilishga imkon beruvchi to‘liq va yaqqol tuzilmali qonunchilik bazasi zarur edi. 2018-yil 30-sentabr kuni biz bu bazani qo‘lga kiritdik», — deb ta’kidladi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Qabul qilingan qaror bir qator muammolarni hal etishga imkon yaratadi:

— AT texnologiyalarining yetarlicha joriy etilmaganligi borasida

Axborot va pedagogik texnologiyalari Innovatsion markazining tuzilishi idoraga o‘z elektron multimediya ilovalarini ishlab chiqish va xorijiy kontentni moslashtirish imkonini beradi. Innovatsion markaz, shuningdek, maktabgacha ta’limni boshqarishda axborot tizim (EMIS)ning to‘g‘ri qo‘llanilishi va uning boshqa vazirlik va idoralar bilan o‘zaro integratsiyalashuvi jarayoni uchun javobgar bo‘ladi.

Qarorga muvofiq 2019-yil 1-yanvardan boshlab bolalar uchun jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JShShIR) berish xizmati joriy qilinmoqda, u bolaga birinchi marta MTMga qabul qilinganida beriladi va u, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnab kelayotgan boshqa tarbiyalanuvchilarga ham beriladi. Bu esa Elektron hukumat doirasida axborot tizimlarida bolaning rivojlanishi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va bu haqda ota-onalarini xabardor qilish imkonini beradi. Mazkur qadam kelajakda maktabgacha ta’limni boshqarish tizimining boshqa tizimlar bilan integratsiyalashuviga va shu orqali tezkor axborot ayriboshlash, oshkoralik va aniq ma’lumotlarni yig‘ishga katta imkoniyatlar yaratib beradi.

— MTMlardagi eskirgan moddiy-texnika bazasi va maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarining munosib tarzda rag‘batlantirilmasligi borasida.

MTMlarning aksariyat qismi sobiq sovetlar vaqtida qurilgan va tubdan ta’mirlanmagan. Oylik maoshlarning uzoq vaqt davomida qo‘tarilmaganligi ham ish unumdorligiga salbiy ta’sir qo‘rsatib keldi. Endilikda, Qarorga muvofiq, MTMda qo‘rsatilgan pullik xizmatlarning 90 foizini muassasa moddiy-texnik bazasini kuchaytirishga va ishchilarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.

— Qarorga ko‘ra, maktabgacha ta’limni rivojlantirish Fondining tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. U nafaqat budjet va hayriya mablag‘lari, balki MTVning ichki audit xizmati tomonidan aniqlangan noqonuniy sarf-xarajatlar, o‘g‘irlashlar va mablag‘ yetishmovchiliklari kabi qonunbuzarliklar natijasidagi yo‘qotishlarning 50 foizini qoplovchi mablag‘lar evaziga shakllanadi. Fond mablag‘lari MTMlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga, MTM xodimlarini rag‘batlantirishga, mutaxassislar va soha konsultantlari xizmatlarini yollashga, ta’lim va tarbiya jarayoniga yuksak pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etishga yo‘naltiriladi.

— Mavjud maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘iga nisbatan bosimning kattaligi va demografik vaziyat tufayli maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojning o‘sib borishi borasida.

Maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish va undan foydalanishni kuchaytirish, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarining mavjud tarmog‘iga yuklamani pasaytirish vazifasini hal qilish maqsadida, MTMlarni ko‘p qavatli uy-joylarda hamda qishloq joylarida qurish shartlari belgilangan. Sig‘imi kamida 50 o‘rinli bo‘lgan MTM lar ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida tashkil etilishi nazarda tutilgan, ular mulkchilikning davlat, nodavlat shaklida bo‘lishi, shuningdek, uy-joy mulkdorlarining qarori bilan davlat-xususiy sherikchiligi asosida tashkil etilishi mumkin.

— MTMlarning ishlaydigan ota-onalar uchun noqulay ish tartibi borasida.

MTMlar qator qo‘shimcha pullik xizmatlarni ko‘rsatish huquqini oldilar, jumladan: dam olish kunlarida va ish kuni yakunlangandan so‘ng bolalarni parvarishlash va ularga qarab turish, belgilangan dasturdan tashqari to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil qilish shular qatoridan o‘rin olgan.

— Qurilish, qayta ta’mirlash, qayta qurilish va maktabgacha ta’lim tizimi obyektlarini jihozlash chog‘ida xizmat qo‘rsatuvchilar tomonidan bajarilgan ishlarning sifati pastligi.

Аvvalgi tartibda tugallangan ishni qabul qiluvchi va xonalardan foydalanuvchi o‘rtasida kelishmovchiliklar tez-tez paydo bo‘lar edi. Buyurtmachilar hokimliklar bo‘lib, qo‘rsatilgan sifatsiz ishlar uchun MTM o‘z e’tirozlarini ilgari surishning imkoni bo‘lmagan edi.

Shu tariqa, o‘tgan vaqt mobaynida respublika bo‘ylab joylashgan qator MTM obyektlari o‘rganib chiqilganda, amalga oshirilgan ta’mirlash yoki qayta qurilish ishlari ancha sifatsiz va talablarga javob bermagan trazda ekanligi ma’lum bo‘ldi, ya’ni devordagi bo‘yoqlarning qo‘chishi, darz ketishlar, pollardagi bo‘shliqlarning mavjudligi, gigiyena xonalarining bolalar yoshi inobatga olinmagan holda, jihozlanganligi, yong‘inga qarshi kranlarining yo‘qligi, elektrtexnik ishlarining deyarli olib borilmaganligi shular qatoridan o‘rin olgan. Oxir-oqibat, MTM rahbarlari kamchiliklar qarshisida yolg‘iz qolib, ko‘p hollarda o‘z hisobidan ularni bartaraf etishga majbur bo‘lar edilar. Keyinchalik esa rasmiy ravishda topilgan kamchiliklar MTM tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchilik sifatida baholanar edi.

Yangi tartibga qo‘ra, buyurtmachilik vazifasi MTV qoshidagi Injiniring kompaniyasiga yuklatiladi va u MTMlarni vijdonsiz pudratchilardan himoya qiladi, ularni saralaydi va olib borilayotgan ishlar sifatini nazorat qilib turadi.

— Hududlarda suv, issiqlik, elektrenergiyasi va gazning yo‘qligi.

Mamlakatning ayrim hududlarida maktabgacha ta’lim muassasalarining faqat 10-20 foizgina barqaror elektr ta’minotidan foydalana oladi. Toshkent shahridan tashqari barcha mintaqalarda maktabgacha ta’lim muassasalarining uzog‘i bilan 60% markazlashgan isitish tizimlariga ulangan, isitish tizimlari uchun yetkazib beriladigan ko‘mirning sifati esa ko‘pincha qoniqarsizdir. Maktabgacha ta’lim muassasalarining 60 foizdan kamrog‘i markazlashgan suv ta’minotiga ega, bunda maktabgacha ta’lim muassasalarining 25 foizga yaqini tashib keltiriladigan suvdan foydalanishga majbur. Suv ta’minoti, ayniqsa, Qashqadaryo, Buxoro, Surxondaryo vilyatlarida juda keskin holatda. Republikani maktabgacha ta’lim muassasalarining 20 foizdan kamrog‘i oqava tizimi bilan jihozlangan.

Yangi qaror bilan MTM larni 2025-yilgacha ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz bilan ta’minlash bo‘yicha profil Vazirlik va idoralar tayinlangan.

MTVning o‘tgan bir yillik faoliyati ichida bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi 27,7 foizdan (2017-yil sentabr) 35,4 foizgacha (2018-yil noyabr) yetdi. Ayni damda 890 mingdan ortiq bolakay MTMlariga qatnamoqda. MTMlar soni yangi qurilish, qayta ta’mirlash hamda nodavlat sektorining jadallik bilan rivojlanishi va davlat-xususiy sherikchilik mexanizmining joriy etilishi natijasida 5211dan 6607gacha yetdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq