Elektron tijorat subyektlari milliy reyestri: a’zo bo‘lish tartibi, shartlar va imtiyozlar
02.11.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Bugungi kunga kelib, hukumatimiz oldida elektron biznes jarayonlarini osonlashtiruvchi, mobil pul platformalarini ishlab chiqish va elektron texnologiyalardan foydalanishni rag‘batlantiruvchi, elektron tijoratning zarur infratuzilmasini rivojlantiruvchi, internet tarmog‘i vositasida bitimlar tuzishga bo‘lgan ishonchni oshiruvchi, shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi tura oladigan samarali huquqiy asosni shakllantirish bo‘yicha muhim vazifalar turibdi.

Elektron tijorat o‘zi bu nima? O‘zbekiston Respublikasi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunida “Axborot tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan, tovarlarni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishga doir tadbirkorlik faoliyati elektron tijoratdir” deb belgilangan.

Demak, elektron tijorat zamonaviy biznesda mavjud bo‘lgan deyarli barcha jarayonlarni yaxlitlash va integratsiya qilish orqali ularni zamonga mos ravishda o‘zgartirish uchun shart-sharoit yaratadi.

Mamlakatimizda elektron tijoratni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi PQ-3724-son qarori bilan elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari belgilab berilgan. Unda elektron tijorat subyektlari uchun qulay sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, elektron tijorat subyektlari Milliy reyestirining joriy etilishi shular jumlasidandir.

Milliy reyestr o‘zi nima?

Elektron tijorat subyektlari milliy reyestri – bu elektron tijoratning mahalliy subyektlari haqidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan yagona elektron bank hisoblanadi. Uning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari qatoriga quyidagilar kiradi:

— elektron tijoratni joriy etish va rivojlantirish holatini tizimli monitoring qilish va baholash, shuningdek, axborot tizimlari va resurslarini joriy etish samaradorligini o‘rganish;

— elektron tijoratni samarali rivojlantirish maqsadida amaldagi qonunchilikni maqsadli tahlil etish va takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish.

Milliy reyestr qachondan ishga tushgan?

Milliy reyestr 2018-yil 1-iyuldan boshlab elektron shaklda onlayn www.e-tijorat.uz internet-portalida ishga tushirilgan.

Saytda reyestrga kiritish uchun ariza berish bo‘yicha yo‘riqnoma hamda elektron tijoratga oid me’yoriy huquqiy hujjatlar joylashtirilgan, shuningdek, qiziqtirgan savollar bo‘yicha murojaat etish uchun telefon raqam keltirilgan.

Milliy reyestr regulyatori – O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi hisoblanadi. Regulyator milliy reyestrni yuritish, shakllantirish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Kimlar reyestrga kiritilishi mumkin?

Elektron tijoratdagi tovarlar va xizmatlar savdosidan tushgan daromadlari umumiy daromadlarining 80 yoki undan ortiq foizini tashkil etgan elektron tijorat subyektlarigina reyestrga kiritiladi, bu elektron tijoratdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotishdan tushgan daromadlar to‘g‘risidagi bank ma’lumotnomasi va hisob-ma’lumotnoma bilan tasdiqlangan bo‘lishi darkor. Mazkur subyektlar reyestrga kiritilganidan keyin yagona soliq to‘lovini 2% stavka bo‘yicha to‘lashni boshlaydilar.

Reyestrga qanday qilib, a’zo bo‘lish mumkin?

Reyestrga a’zo bo‘lish bir nechta bosqichlardan iborat:

Birinchi bosqichda Elektron tijorat subyekti e-tijorat.uz veb-sahifasidagi shaklarga muvofiq onlayn ariza beradi.

Ikkinchi bosqichda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi onlayn arizani birinchi shaklga muvofiq 10 ish kun mobayinida ko‘rib chiqadi va taqdim etilgan ma’lumotlar talablarga javob bersa, uchinchi bosqichda reyestrning ro‘yxatiga kiritilganligi to‘g‘risida xabar beradi.

To‘rtinchi bosqichda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan elektron tijorat subyektining soliq hisobotini ikkinchi shaklga muvofiq ko‘rib chiqadi va beshinchi bosqichda agarda elektron tijoratdagi tovarlar va xizmatlar savdosidan tushgan daromadlari umumiy daromadlarining 80 yoki undan ortiq foizini tashkil etgan bo‘lsa, oltinchi bosqichda 2% stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lovchisi bo‘lib reyestrga kiritiladi.

Endi ushbu yo‘nalishda boshqa davlatlarda amalga oshirilgan ishlarni ko‘rib chiqaylik

Misol uchun, Qozog‘istonda 2018-yil 1-yanvardan boshlab, yangi Soliq kodeksi bo‘yicha o‘z faoliyatini onlayn-do‘kon yoki internet-maydonlarda yuritayotgan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlarini taqdim etish ko‘zda tutilgan. Xususan, yuridik shaxslar korporativ daromad solig‘idan, yakka tartibdagi tadbirkorlar esa daromad solig‘idan ozod qilinadilar, ammo buning uchun uchta majburiy shart bajarilishi zarur:

— tоvarlarga naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirish;

— xaridor bilan shartnomani onlayn rejimda tuzish;

— tadbirkor o‘z yetkazib berish xizmatiga ega bo‘lishi yoki tovarni tashish, jo‘natish va yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan shaxs bilan shartnoma tuzishi lozim.

Jismoniy shaxslar bilan elektron savdo qilishdan olingan daromad xo‘jalik subyekti yillik yalpi daromadining 90 foizni tashkil etsagina, tadbirkor ushbu turdagi soliqdan ozod etilishi mumkin.

Belorussiyada esa elektron tijoratni soliqqa tortishning maxsus tartibi qisman ko‘zda tutilgan. 2018-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy kompaniyalar tomonidan ko‘rsatiladigan elektron xizmatlardan QQS undirilishini ko‘zda tutuvchi Soliq kodeksi kuchga kirdi. Bundan tashqari, elektron tijoratni amalga oshiruvchi xo‘jalik subyektlari soliqqa tortishning soddalashtirilgan tizimini qo‘llashi mumkin. Ularning stavkalari:

— 5% — QQS to‘lovchi tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun;

— 3% — QQS to‘lovchi tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun.

Оzarbayjonda 2017-yil 1-yanvardan boshlab elektron savdoga soliq solish, xususan, qo‘shimcha qiymat solig‘i solishni (QQS qiymati – 18%) nazarda tutuvchi qonun kuchga kirdi. Ushbu choralar mahalliy tadbirkorlarni himoya qilish uchun qabul qilindi, ya’ni yuqorida aytilgan xizmatlar mamlakat hududida norezidentlar tomonidan Ozarbayjon fuqarolari uchun ko‘rsatiladigan bo‘lsa, QQS xaridorlardan olinadi.

Bulardan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, elektron tijoratni jadal rivojlantirishning asosiy elementlaridan biri – bu davlat tomonidan taqdim etiladigan soliq imtiyozlari. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi NEChI–son qarorida elektron tijoratning rivojlanishiga turtki beruvchi omillab belgilab berilgan. Jumladan:

— qonun hujjatlariga muvofiq elektron tijorat ishtirokchilari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish jarayonida axborot tizimlari tomonidan shakllantiriladigan, bitimlardagi tomonlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitantsiyalar, xabarlar va boshqa usullar tovarlar (xizmatlar) uchun to‘lovlarni tasdiqlovchi kvitansiyalar, talonlar, chiptalar va boshqa hujjatlarga tenglashtiriladi;

— tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektron tijorat bitimlarini amalga oshirishda to‘lovlar virtual terminallar (E-POS) orqali xaridorga naqd pulni qabul qilganligi to‘g‘risida elektron chek yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatni majburiy yuborgan hamda inkassatsiya qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda pul mablag‘larini xizmat ko‘rsatuvchi bankka topshirish sharti bilan naqd pul shaklida qabul qilinishi mumkin;

— elektron tijorat subyektlari savdo faoliyatini amalga oshirishda to‘lov terminallaridan foydalangan holda tadbirkorlik subyektlarining korporativ bank kartalari, shuningdek, elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lovlarni qabul qilish huquqiga egadirlar;

— elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan uch ming AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlar (xizmatlar)ni eksport qilish Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilmasdan va yuk bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilmasdan pochta xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi;

— elektron tijorat orqali sotiladigan tovarlar (xizmatlar) uchun ularning umumiy qiymatidan majburiy 15 foizli oldindan to‘lov to‘lash talabi bekor qilinadi;

— elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga uchinchi shaxslar (tovarlarni sotuvchilar) uchun to‘lovlarni keyinchalik ularni belgilangan tartibda inkassatsiya qilish sharti bilan qabul qilish huquqi beriladi;

— elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni sotuvchiga va yetkazib beruvchiga shaxsiy mulk, ijara va boshqa foydalanish huquqiga asosan tegishli bo‘lgan avtomobil transportida O‘zbekiston hududi bo‘ylab yetkazib berishda shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yo‘lovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirish uchun litsenziya olish talab qilinmaydi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno;

— elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilish, faqat saqlash va yetkazib berishda ularning xavfsizligini ta’minlash tartibi va talablariga qat’iy rioya qilgan hamda qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi.

Elektron tijorat subyektlari milliy reyestri shakllantirilishi mamlakatimizda innovatsion rivojlanish borasidagi navbatdagi qadamlaridan biridir. Binobarin, global tarmoq orqali savdo mexanizimlarining joriy etilishi ushbu faoliyat turini soddalashtiradi va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli darajada o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Shavkat Maksudov,
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti boshlig‘i

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq