Robotlar jangi: Oʻzbekistondagi ilk Xalqaro robototexnika musobaqasi qanday oʻtdi
30.10.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oʻzbekistonda ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi, Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan “InnoWeek” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Xalqaro robototexnika musobaqasi (International Robotics Challenge) boʻlib oʻtdi.

Unda 6 mamlakatdan tashrif buyurgan 24 ta xorijiy jamoa va 40 ta mahalliy jamoa, 200 ga yaqin ishtirokchi oʻzaro bellashdi.

Musobaqada qatnashish uchun arizalar shu yilning 25 sentyabridan 10 oktyabrigacha www.innoweek.uz sayti orqali onlayn qabul qilindi. 15 kun davomida kelib tushgan 200 dan ortiq onlayn arizalar orasidan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston, Amerika qoʻshma shtatlari va Rossiyadan ishtirok etish istagini bildirgan 70 nafar yoshlar va mutaxassislar saralab olindi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston shaʼnini “Robokidz” robototexnika maktabi, Artel texnika maktabi, Polito School NTM, TIE School NTM, hamda Turin Politexnika universitetidan 30 ga yaqin jamoalar himoya qilishdi.

Xalqaro robototexnika musobaqasida 9 yoshdan 16 yoshgacha va 16 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan yosh guruhlari orasida 6 ta kategoriyalar boʻyicha bellashuvlar olib borildi. Unda umumjamoa hisobida Oʻzbekiston jamoasi gʻalaba qozondi.

Butun dunyoda mashhur boʻlgan Sumo musobaqalaridan tashqari, ikkala yosh guruhida mahalliy konstruktorlardan yasaladigan robotlar orasida ham bellashuvlar olib borildi. 16 yoshgacha boʻlgan ishtirokchilar “IntTech” korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan “JuniorE” konstruktorlarida bellashgan boʻlsalar, katta yoshdagi ishtirokchilar Avtosanoat innovatsiya markazi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Technobot” konstruktorlarida oʻz mahoratlarini sinab koʻrdilar.

Musobaqa doirasida 25-oktyabr kuni Yoshlar press klubida chet ellik robototexnika ekspertlari ishtirokida press-brifing oʻtkazildi. Bundan tashqari, Qozogʻiston robototexnika federatsiyasi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi oʻrtasida robototexnika sohasini rivojlantirishda ikki davlat oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Barcha yoʻnalishlar gʻoliblari 26-oktyabr “InnoWeek” haftaligining yopilish marosimi doirasida Innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq