O‘zbekiston va Qozog‘iston: AKT sohasida hamkorlik mustahkamlanadi
26.10.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2018-yil 25-oktyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari, shuningdek, ilmiy-amaliy markazlari vakillari ishtirok etishdi.

«Tarixiy o‘lchovlarda oladigan bo‘lsak, juda qisqa vaqt ichida raqamli texnologiyalar bizning hayotimizni tubdan o‘zgartirdi va raqamli iqtisodiyotga o‘tish aksariyat davlatlar uchun pirovard vazifalardan biriga aylandi. O‘zbekiston raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor bilan yondoshadi», — dedi O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir birinchi o‘rinbosari A. Ramatov.

Tadbirda “Elektron hukumat” tizimini joriy etish va davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, AKT sohasini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi.

Qozog‘iston va O‘zbekiston mutaxassislari davlat va jamiyat hayotida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hamda raqamli iqtisodiyot mavzulariga bag‘ishlangan taqdimotlarni o‘tkazishdi.

«Qozog‘istonda Nursulton Abishevichning topshirig‘iga asosan “Raqamli Qozog‘iston” dasturi tasdiqlandi va bugungi kunda u faol ravishda hayotga tatbiq etib kelinmoqda», — ta’kidladi Qozog‘iston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari A.Jumagaliyev.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O.Umarov boshchiligida o‘tkazilgan forumda axborot texnologiyalarini keng joriy etish, aholiga va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari, malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan qator bitim va memorandumlar imzolandi.

Xususan, Elektron hukumat markazi va «Milliy axborot texnologiyalari» AJ o‘rtasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv tuzildi.

Mazkur Kelishuv doirasida tomonlar hamkorlik aloqalarini o‘rnatadilar, AKT bo‘yicha ma’lumot va tajriba almashadilar hamda hamkorlikda boshqa tadbirlarni amalga oshiradilar.

Ishtirokchilar mazkur tadbir axborot va raqamli texnologiyalar sohasida faol o‘zaro aloqani tezkor rivojlantirish uchun zamin hozirlashini ta’kidlab o‘tishdi.

Tadbir chog‘ida qatnashchilar o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldilar, shuningdek, yangi texnologiyalarni joriy etish yuzasida muzokaralar o‘tkazishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq