Oʻzbekiston maktablarida elektron jurnallar va kundaliklar joriy etiladi
19.10.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va “Dnevnik.ru” kompaniyasi umumtaʼlim maktablarida elektron jurnallar va kundaliklarni joriy etish boʻyicha loyihani amalga oshiradilar.

Xalq taʼlimi vazirligining www.uzedu.uz rasmiy veb saytida 2018 yil 6 avgustda eʼlon qilingan AKTni joriy etish yoʻlida davlat-xususiy sherikchiligi koʻrinishida hamkorlik qilish taklifiga asosan kelib tushgan arizalarni oʻrganish natijasida Rossiya kompaniyasining tashabbusi maʼqullandi.

Ushbu loyihani amalga oshirishda “Dnevnik.ru“ning Oʻzbekistondagi vakili “Kundalik” kompaniyasi ishtirok etadi va barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga olgan holda mazkur.tizimni joriy qilish, faoliyatini taʼminlash va rivojlantirish ishlarini olib boradi.

“Kundalik” loyihasi Oʻzbekistondagi maktablarda fanlarni oʻzlashtirish darajasi va davomatni qayd etish tizimini joriy etishga qaratilgan.

“Kundalik” raqamli taʼlim platformasi Rossiya maktablarida joriy etilgan “Dnevnik.ru” axborot tizimi asosida ishlab chiqiladi.

Tizim onlayn tarzda oʻqituvchilarni darslarini rejalashtirish, dars jadvallarini tuzish, oʻquvchilarning oʻzlashtirish darajasi va davomatini elektron jurnal va kundaliklarda qayd etib borish, shuningdek, taʼlim boshqaruv organlari va muassasalarga statistik hisobotlarni shakllantirish uchun xizmat qiladi.

“Kundalik” tizimi oʻquvchilar va ularning ota-onalariga 24 soat davomida baholar va uy vazifalari haqidagi maʼlumotlarni kuzatib borish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular himoyalangan ijtimoiy tarmoq orqali muloqot qilishlari hamda onlayn kutubxona va taʼlimga oid media resurslardan foydalanishlari mumkin.

Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sarvar Babaxodjayev loyiha haqida shunday dedi: “Xalq taʼlimi vazirligining asosiy vazifalaridan biri oʻqituvchilar ishi uchun qulay sharoit yaratishdir. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan holda biz maktablarda qogʻoz hisobotlarni kamaytirish va oʻqituvchilarga bu bilan bogʻliq yukni sezilarli darajada kamaytirishni maqsad qilganmiz. Shu bilan birga, biz oʻquv jarayonini boshqarish va oʻquvchilarning oʻzlashtirish hamda davomati boʻyicha obyektiv hisobotlarni shakllantirishga koʻmak beruvchi vositaga ega boʻlamiz”.

– “Kundalik” loyihasi Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim omillardan biri boʻlishiga ishonamiz. Hamkorligimiz Oʻzbekistondagi taʼlimni rivojlantirishga va oʻz mamlakatining kelajagiga katta hissa qoʻshadigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga yordam beradi”,– deb taʼkidladi “Dnevnik.ru” MCHJ bosh direktori Gavriil Levi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq