Birja savdolari va elektron tijoratning zamonaviy shakli va rivojlanish istiqbollari
18.10.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

2018-yil 17-oktabrda Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun “O‘zRTXB da birja savdolari va elektron tijoratning zamonaviy shakli va rivojlanish istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad keng jamoatchilikni birja faoliyatining 9 oylik yakunlari bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, 2018-yilda tovar bozorlari va birja faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan bir qator hukumat qarorlari qabul qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-yanvardagi «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi PF-5303 sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-yanvardagi «Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori PQ–3479-son Qarori shular jumlasidandir.

Mazkur qarorlar natijasida O‘zRTXBning birja savdolari orqali ichki va tashqi bozorga sotilayotgan tovarlarning nomenklaturasi va hajmi oshdi, tadbirkorlarning tovar resurslaridan foydalanishi sezilarli darajada kengaydi, shuningdek, tovar sotuvchi va yetkazib beruvchilari o‘rtasidagi sof raqobat yanada kuchaydi.

2018-yil 9 oy davomida O‘zRTXB da 22,4 trln. so‘mga teng shartnomalar tuzildi, bu esa 2017- yilning shu davriga nisbatan 2,2 barobar ko‘pdir. Bundan birja savdolarining ulushi 92 foizga yaqin, ya’ni 20,6 trln. so‘mni tashkil etdi. O‘tgan davr mobaynida ro‘yxatga olingan yangi savdo ishtirokchilarining soni 4 barobardan ham oshib ketdi va deyarli 33,5 ming mijozni tashkil qildi.

Birja va auksion savdolarda tadbirkorlarning faol ishtirok etganligi O‘zRTXBda tovar aylanmasining dinamik o‘sishiga xizmat qildi. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan shartnomalar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 61 foizga o‘sib, 11,4 trln. so‘mni tashkil etdi. Shu jumladan, tadbirkorlar birja orqali 8,4 trln. so‘mlik tovar resurslarini xarid qilishgan va 3,0 trln. so‘mga teng o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni sotishgan.

Hisobot davrida ko‘rgazma-yarmarka savdolari tizimida 881,4 mlrd. so‘mga teng shartnomalar tuzilgan. Ularning asosiy qismini kimyo sanoati mahsulotlari – 35 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari – 20 foiz, metall mahsulotlari – 18 foiz va qurilish materiallari – 7 foizni tashkil qiladi.

Birjaning valyuta savdo maydonchasi va internet savdolari orqali 87,1 mln. AQSh dollariga teng mahalliy mahsulotlar eksport qilindi va o‘sish darajasi 82 foizga teng bo‘ldi. Shu jumladan, eksportga polietilen (ulushi – 30%), paxta tolasi (28%), rangli metallar (18,5%) va neft mahsulotlari (13%) sotildi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zRTXB xalqaro birjalar va xorijiy hamkorlar bilan aloqalari kengaytirdi. Xususan, zamonaviy birja savdolarini tashkil etishda, tajriba almashish maqsadida, Qozog‘istonning “EST” tovar birjasi, Qirg‘iziston fond birjasi va Belorussiya universal tovar birjasi bilan hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Moskva birjasi, Sankt-Peterburg xalqaro tovar-xom ashyo birjasi va Turkiya fond birjasi bilan biznes aloqalari o‘rnatildi.

Mazkur uchrashuvlar va tadbirlar natijasida, O‘zbekistonning ichki bozorida narxlarning asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yoki kam miqdorda ishlab chiqariladigan import tovarlar bo‘yicha birja savdolarini tashkil etishning yangi mexanizmi ishlab chiqildi. Ushbu mexanizm birja savdolariga bevosita import tovar ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish orqali ichki tovar bozorlarida narxlarning barqarorlashtirish imkonini beradi.

Elektron tijoratning B2C sohasida ham ijobiy natijalarga erishildi. 2018-yil 9 oyi davomida onlayn auksion orqali avtoraqam.uzex.uz veb-saytida 13,2 ming avtomobil raqamlari sotildi. Sotilgan raqamlarning umumiy qiymati 75,8 mlrd. so‘mni tashkil qildi. “Chiroyli” avtoraqamlarning o‘rtacha bahosi 5,7 mln. so‘mni tashkil qildi. Joriy yilda avtomobillar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgilarining ikkinchi va uchinchi toifalari uchun boshlang‘ich narxlarning pasaytirilishi avtoraqamlar tizimida sotuv darajasining keskin oshishiga sabab bo‘ldi.

Joriy yilning yana bir muhim voqeasi bu O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risidagi” Qonunining qabul qilinishi va unga muvofiq “O‘zRTXB” AJning davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali – xarid.uz ning operatori etib tayinlanganligi bo‘ldi. Mazkur qonundan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, bu sohada tadbirkorlar o‘rtasida sof raqobat muhitini shakllantirish va davlat budjeti, markazlashtirilgan manbalar va davlat ulushiga ega bo‘lgan korxonalar mablag‘laridan samarali foydalanishdir.

O‘z navbatida, xarid.uz portali O‘zbekiston Respublikasida davlat xaridlari bo‘yicha yagona axborotresursi hamda davlat xaridlarini boshlang‘ich narxni pasaytirib borish mexanizmi asosidagi elektron auksion va do‘kon shakllarida o‘tkaziladigan onlayn savdo maydonchasi hisoblanadi. Elektron davlat xaridlari bo‘yicha barcha shartnomalar elektron raqamli imzo (ERI) bilan tuziladi. Davlat xaridlari bo‘yicha elektron tizimda birjaning Hisob-kitob kliring palatasiga garov mablag‘ini kiritish orqali kafolat ta’minoti amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

2018-yil 27-sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3953-sonli “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida davlat xaridlari bo‘yicha elektron auksion o‘tkazilish muddati 10 kundan 5 kungacha, portalda tanlov o‘tkazilishi haqidagi e’lonni joylashtirish muddati esa 30 kundan 10 kungacha qisqartirildi.

Joriy yil may oyidan, ya’ni davlat xaridlari tizimi ishga tushgan vaqtdan sentabr oyigacha birjaning xarid.uzportalida 309 mingdan ortiq shartnomalar imzolangan bo‘lib, ularning qiymati 917,6 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Xususan, budjet buyurtmachilari tomonidan umumiy qiymati 558,2 mlrd. so‘mlik 257 mingdan ziyod bitimlar tuzilgan bo‘lsa, korporativ buyurtmachilari tomonidan 359,4 mlrd. so‘mga teng 51 mingta shartnoma elektron tarzda imzolangan. Elektron do‘konda tuzilgan bitimlarning umumiy qiymati 312,6 mlrd. so‘mni, elektron auksion orqali – 605,0 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Tuzilgan bitimlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining ulushi 96 foizdan oshdi.

Shuningdek, ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida budjet va korporativ buyurtmachilarining 161,1 mlrd. so‘mga teng mablag‘lari iqtisod qilindi, ya’ni, elektron do‘kon orqali 30,8 mlrd. so‘mlik mablag‘ tejalgan bo‘lsa, elektron auksion o‘tkazilishi natijasida 130,3 mlrd. so‘mlik mablag‘lar iqtisod qilindi.

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturi doirasida birjada kunu-tun xizmat qiluvchi Call-markaz ishga tushdi, birja savdo tizimlarining axborot xavfsizligini ta’minlash choralari kuchaytirildi, “O‘zRTXB” AJning elektron va onlayn savdolariga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish maqsadida doimiy o‘quv seminarlar va keng qamrovli piar kampaniya o‘tkazildi.

Istiqbolda O‘zRTXB birja savdolari va elektron tijorat sohasida xorijiy birjalar va sheriklar bilan tashqi aloqalarni yanada rivojlantirish, mijozlarni elektron savdolariga kengrok jalb qilish maqsadida yangi birja xizmat turlarini joriy etilishi hamda kadrlar malakasini oshirish ishlari kutilmoqda.

Tadbir yakunida anjuman ishtirokchilari o‘rtasida fikr almashildi, birja mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq