Yagona umumrespublika protsessing markazi va ASHBURN International o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida ikki tomonlama kelishuv imzolandi
16.10.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

POS-terminallar tarmoqlarini boshqarish va monitoring qilishga qaratilgan ishlanmalarga ixtisoslashgan ASHBURN International kompaniyasi Yagona umumrespublika protsessing markazi bilan hamkorlik qilishga qaratilgan kelishuvni imzoladi.

10 yillik muddat davomida amal qiluvchi ushbu kelishuv doirasida ASHBURN International kompaniyasi tomonidan mamlakatimiz bozor sharoitiga moslashtirilgan TransLink.iQ nomli dasturiy ta’minot o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, kelishuvga asosan yangi to‘lov terminallarini yetkazib berish va Yagona umumrespublika protsessing markazining hamkorlari bo‘lgan, mamlakatimizda o‘z faoliyatini olib borayotgan 28 ta bank tomonidan taqdim etiluvchi POS-terminallar uchun 250 000 dan ziyod ruxsatnomalarning sotuvi nazarda tutilgan. Aniqlik kiritilishicha, bir necha yillar davomida TransLink.iQ platformasiga yiliga 50 000 dan ortiq POS-terminallar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

ASHBURN International kompaniyasi direktori Jorjas Sharafanovichyusning ta’kidlashicha, ikkila kompaniyaning oldindagi hamkorlik va strategik maqsadlari bir-biriga mos kelganligi bois, ushbu shartnomani imzolash jarayoni ham samarali kechdi. Loyihani amalga oshirish uchun tizimlarni integratsiya qilish davomida sinov ishlari olib borildi. Natijada O‘zbekiston bozor sharoiti talablariga javob beruvchi optimal yechim topildi.

TransLink.iQ dasturiy ta’minotining avzalliklari qatorida, uning turli rusumdagi POS-terminallar bilan muvofiq tarzda ishlash qobiliyatiga egaligidan tashqari, unda biznes-xarajatlarni optimallashtirish, dasturiy ta’minotlarning yangilanishi hamda POS-terminallar tarmoqlarini real vaqtda masofada turib, monitoring qilish va boshqarish imkoniyati mavjudligi ham muhim omillardan hisoblanadi. Platforma kriptografik kalitlarni avtomatlashtirish, masofadan ekvayring tarmog‘ida ehtimolli nosozliklarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tegishli choralarni ko‘rish imkoniyatini beradi. TransLink.iQ xalqaro to‘lov tizimlari, EMV va PCI xavfsizlik talablariga javob beradi. Bu esa o‘z navbatida, karta egalariga tegishli ma’lumotlarning xavfsiz saqlanishini ta’minlaydi.

ASHBURN International kompaniyasi Penki kontinentai tashkiloti guruhi a’zosi hisoblanib, POS-terminallar tarmog‘ini monitoring qilish va boshqarishni ta’minlash, tranzaksiyalar bo‘yicha ma’lumotlar yetkazish, tranzaksiyalar jarayonida ma’lum pul mablag‘ini karta egasiga qaytarish kabi vazifalarni bajaruvchi ishlanmalarni taqdim etadi. Kompaniya tomonidan ijara xizmatlari, bank qurilmalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatilib kelinadi. Shuningdek, ASHBURN International kompaniyasi Boltiqbo‘yi, O‘rta Osiyo va Kavkaz orti davlatlari orasida POS-terminallar ishlab chiqarish sohasida mamlakat bo‘ylab yirik ishlab chiqaruvchisi Ingenico Group kompaniyasining rasmiy hamkori bo‘lib hisoblanadi. Kompaniya tomonidan taqdim etiluvchi dasturiy ta’minot va qurilmalari sertifikatlangan va VISAInternational, Mastercard Incorporated, American Express, Diners Club International, JCB va UnionPay International xalqaro tashkilotlar tomonidan belgilangan EMV standartlari talablariga javob beradi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston bozor sharoitiga yetakchi axborot texnologiyalari va elektron to‘lov vositalarini joriy etish maqsadida, Markazimiz qator xalqaro moliyaviy institutlar, to‘lov assotsiatsiyalari, innovatsion bank qurilmalari ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilishni davom ettirib kelmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq