“Infolib Uzbekistan” VII Milliy axborot- kutubxona haftaligi ochildi
16.10.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

2018-yil 15-oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Infolib Uzbekistan” VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi tantanali ochildi. Tadbirda Haftalik mehmonlari, ishtirokchilari, tashkilotchilari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

“Infolib Uzbekistan” VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi PQ-3271-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5349-son Farmoni, Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash majlisining 2018-yil 9-aprelda tasdiqlangan 1-son bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Tadbir avvalida Toshkent Madaniyat kollejining B.Turg‘unov va F.To‘rajonov rahbarligidagi doirachilar dastasi ijrosida o‘zbek terma usullaridan tuzilgan musiqali kompozitsiya yangradi.

Haftalikning ochilish marosimida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori o‘rinbosari S.Shukurov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Abduazizov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Qurbon, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti kafedrasi mudiri B.G‘anieva so‘zga chiqdilar.

So‘zga chiqqanlar axborot-kutubxona Haftaligining soha mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirish va aholining axborot madaniyatini yuksaltirishdagi rolini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, hozirgi jamiyatimizda axborot-kutubxona muassasalari oldida turgan vazafalar e’tirof etildi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari S.Shukurov haftalik ishtirokchilarini qutladi, Milliy axborot kutubxona haftaligini o‘tkazishning muhim jihatlarini aytib o‘tdi hamda ushbu Haftalik ishining samarali, mazmunli va sermaxsul o‘tishiga va O‘zbekistondagi kutubxonachilik sohasi vakillarining o‘ziga xos vazifalarini hal qilishda o‘ziga xos tajriba almashinuv joyi bo‘lib qolishiga umid bildirdi. “Infolib Uzbekistan” VII Milliy axborot-kutubxona haftaligining o‘tkazilishi- kitoblarni nashr etish va aholining kitobxonlik madaniyatini oshirish tizimini rivojlantirishga qaratilgan uchta hujjat ijrosini amalga oshirishda yana bir qadamdir. Bugungi kunda biz yurtimizda yangi kutubxonalar ochilayotganiga, yangi kitoblar chop etilib ularni tarqatishda, aholi o‘rtasida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini oshirishda davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e’tiborga guvoh bo‘lyapmiz. Ishonamiz-ki, mazkur Haftaliq axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislariga tajriba almashish, malaka oshirish va o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatlarini yaratadi hamda ular bu tajribalarni o‘z hududlarida tatbiq etishadi”, — dedi S. Shukurov.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Abduazizov Haftalik ishtirokchilarini qutlar ekan, “Infolib Uzbekistan” VII Milliy axborot-kutubxona haftaligini ochildi deb e’lon qildi va tashkilotchilar ishtirokchilarni kutubxona sohasidagi so‘nggi yangiliklar to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot olish, hamkasblari bilan yaqindan tanishish, o‘zaro tajriba almashishlari uchun harakat qilganliklarini aytdi. “Haftalikning o‘tkazilishi bugungi kunda respublika axborot-kutubxona muassasalari faoliyatining dolzarb jihatlariga e’tibor qaratish va tajriba almashish, shuningdek, aholining intellektual, ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy ehtiyojlarini qondirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishda muhim o‘rin tutadi”, — dedi Abduazizov.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, shoir Shukur Qurbon ishtirokchilarni kitob bayrami bilan qutlab: “Kutubxona — azaldan bilimlar xazinasi hisoblanadi. Kitoblar bizni nafaqat ezgu ishlarga undaydi, balki nutq boyligimizni oshiradi va to‘g‘ri so‘zlashuvga o‘rgatadi. Kitobni o‘qigan kishi o‘z fikrlarini aniq va ravshan ifodalaydi. Kutubxonachilar oldida yosh avlodni mutolaaga chorlash kabi yuksak vazifa yuklangan bugungi kunda, ko‘plab ta’limiy va ma’naviy tadbirlarga, milliy merosimiz namunalari ko‘rgazmalariga, uchrashuvlar va tanlovlarga boy mazkur Haftalik ularga as qotadi, deb o‘ylayman”, — deya qo‘shimcha qildi Shukur Qurbon.

“Infolib Uzbekistan” VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi joriy yilning 20-oktyabrigacha davom etadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq