Jamshid PIRMATOV: Elektron tizim saylov shaffofligini ta’minlaydi
12.10.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal taraqqiy etib borayotgan hozirgi davrda barcha sohaga ushbu tizimni keng joriy etish hayotiy zaruriyatga aylangan. Bugungi kunda birgina “Elektron hukumat” tizimi orqali fuqarolarga 120 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilayotganining o‘zi fikrimiz dalilidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 4-oktabrdagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan endilikda mamlakatimizda elektron saylov tizimini yaratish borasida ham amaliy ishlarga kirishildi.

Bu borada 2017-yil 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovlar jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash maqsadida axborot-kommunikatsiya tizimini joriy etish va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini tuzish ilk marotaba huquqiy eksperiment tariqasida sinovdan o‘tkazilgani dastlabki qadam bo‘lgan edi.

Ma’lumki, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida saylovchilarning Yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonlarini boshqarishda axborot tizimini takomillashtirish hamda “Elektron hukumat” tizimi doirasida butun respublika bo‘yicha joriy etish vazifasi belgilangan.

Davlatimiz rahbarining yangi qarori ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish hamda milliy saylov tizimini isloh qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur hujjat saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish hamda saylov jarayonini boshqarish, axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan samarali foydalanish uchun zarur dasturiy infratuzilmani yaratish imkoniyatini beradi.

Xo‘sh, ushbu tizimning yangiligi nimada va u qanday afzalliklarga ega?

Avvalo, shuni aytish kerakki, saylovchining yagona elektron ro‘yxatga kiritilishi har bir fuqaroni aniq manzili bilan birgalikda ro‘yxatga olish demakdir. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, yurtimizda o‘tkazilgan avvalgi saylovlarda bitta saylovchi bir nechta ro‘yxatga kirib qolishi holatlari uchrab turardi, ya’ni ayrim fuqarolarning propiskasi bir joyda, yashash joyi boshqa yerda bo‘lishi saylov kuni ayrim muammolarni keltirib chiqarardi.

Ushbu yangi tizim barcha saylovchilar umumiy sonini, ya’ni ma’muriy-hududiy birliklar kesimida ularni aniqlash, shuningdek, xorijdagi vatandosh saylovchilar hisobini olish, saylov okrugi va uchastkalaridagi saylovchilar normasini belgilash uchun qulay shart-sharoit yaratadi.

Mazkur tizimni joriy qilish saylovlarning shaffofligini, “bir saylovchi – bir ovozga ega” prinsipini qat’iy amalga oshiradi. Ro‘yxatning xolisligi va izchil yangilanib borishini ta’minlaydi. Saylovchilar yashash manzili o‘zgarganda onlayn tarzda murojaat qilib, saylov uchastkasini o‘zgartirishi oson bo‘ladi. Har bir saylovchi tegishli ma’lumotlar bazasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Okrug va saylov uchastkalarida ovozlarni sanab chiqish, yakunlarini umumlashtirish ishlarini yengillashtiradi.

Elektron tizim — saylovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bilan birgalikda, saylov komissiyalari ishini ham osonlashtiradi. Bundan tashqari, ushbu dasturning ishga tushirilishi fuqarolarning doimiy va vaqtinchalik yashash joylari, chet ellarga chiqish va qaytishi haqidagi batafsil ma’lumotlarni, uy-joy va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini to‘liq hisob-kitobini, hududlar, ko‘chalar, uylar va xonadonlarning nomlari hamda raqamlarini elektron shaklda aniq-ravshan belgilanishini taqozo etadi. Bu borada ham qarorda tegishli davlat organlari zimmasiga aniq vazifalar yuklatilgan.

Muhimi, qarorga asosan, 2019-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlar jarayonida mazkur yangi tizim amaliyotga joriy etiladi. Albatta, davlatimiz rahbarining mazkur qarori biz, qonun ijodkorlari zimmasiga ham qator vazifalarni yuklaydi. Ma’lumki, ayni vaqtda, saylov qonunchiligini takomillashtirish maqsadida, Saylov kodeksi loyihasi keng xalq muhokamasidan o‘tkazilib, xalqaro ekspertlar va tashkilotlarning xulosalari olinmoqda. Ushbu kodeks loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritilgandan so‘ng uning yanada xalqchil va mukammal qonun hujjati sifatida qabul qilinishida xalq vakillari qatorida faol ishtirok etishimiz talab etiladi.

Muxtasar aytganda, Prezidentimizning mazkur qarori mamlakatimizda saylov tizimini yanada takomillashtirish, saylovchilarning huquqiy madaniyati hamda siyosiy faolligini yuksaltirish, saylovlarning ochiq, oshkora va transparentligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Jamshid PIRMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va
axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq