O‘zbekistonda elektron hisobvaraqlar joriy etiladi
11.10.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
2018-yil 15-oktardan boshlab, tajriba tariqasida, Chirchiq shahri, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida elektron hisobvaraqlarni amaliyotga kiritish rejalashtirilmoqda.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalari bo‘yicha ushbu mexanizmni butun mamlakatimiz bo‘ylab joriy etish yuzasidan takliflar 2019-yil 1-fevralga qadar kiritilishi kutilayapti.
Tajriba o‘tkaziladigan vaqt mobaynida kompaniya va tashkilotlarda qog‘oz shakldagi hisobvaraqlari ham saqlab qolinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ekspert xulosasini olgan tashkilotlar — elektron hujjat almashish operatorlari elektron hisobvaraqlarning elektron aylanishi va saqlanishini ta’minlash bo‘yicha xizmatlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Bularning barchasi Vazirlar Mahkamasining «Soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.