Hindiston bilan AKT sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
03.10.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Hindiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi AKT sohasida Hindistonlik hamkorlar bilan bir qator shartnomalarni imzoladi. Xususan, texnoparklarni rivojlantirish, AKT sohasida kadrlarni tayyorlash, elektron hukumatni rivojlantirish, tinchlik maqsadlarida kosmik tadqiqotlar va boshqalar kabi qator shartnomalar imzolandi.

Hindistonning texnoparklarini rivojlantirishdagi katta tajribasini inobatga olgan holda, bizning mamlakatimiz Hindistonning etakchi texnoparklari, jumladan, Hindiston-STPI dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati bilan hamkorlikda dasturiy mahsulotlar va vositalarni ishlab chiqarish uchun zamonaviy platformalarni yaratish va rivojlantirishdan manfaatdor. Hindistonlik hamkorlarga Hindistonning STPI jamiyatlarining tajribasi asosida O’zbekistonda dasturiy ta’minot va innovatsion mahsulotlar texnoparkini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Hindistonda dasturiy ta’minot texnologiyalari parklari (STPI) Hindistonda dasturiy ta’minot eksportini rag‘batlantirish maqsadida 1991-yili tashkil etilgan. Kompaniya dasturiy ta’minot va xizmatlarni ishlab chiqish va eksport qilishni qo’llab-quvvatlaydi, mahsulotlarni rag’batlantirish uchun eksport qiluvchilarga qonunchilik va boshqa xizmatlarni taqdim etadi, axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratib, mikro, kichik va o’rta biznes vakillarining faoliyatini rag’batlantiradi.

Hindiston bilan AKT-ta’limi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, tashrif davomida bir nechta hujjatlar imzolandi:

— Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Dehli Hindiston Texnologiya instituti (IITD) o’rtasida o’zaro anglashuv memorandumi. Memorandum universitetlar o’rtasida akademik almashinuvga (talabalar almashinuvi, o’qituvchilar, tadqiqotchilar), TATU o‘qituvchi-professorlarining malakasini oshirishga, birgalikda tadqiqotlar o’tkazish va boshqalarga qaratilgan.

— Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Hindistonning yetakchi kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish markazi (CDAC) o’rtasida TATU qoshidagi Javaharlal Neru nomidagi O’zbekiston-Hindiston Axborot texnologiyalari markazini yanada takomillashtirish bo’yicha kelishuv.

Hindistonning yetakchi oliy o’quv yurtlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar natijalariga ko’ra, Hindistondagi «Amity» yetakchi oliy o’quv yurtining Toshkent shahridagi filialini ochish masalasini birgalikda ishlab chiqish bo’yicha kelishuvga erishildi.

Tashrif arafasida Amity universiteti bilan muzokaralar olib borildi va natijada Toshkentda universitet filialining ochilishi bo’yicha birgalikdagi ish boshlanishi haqida kelishuvga erishildi.

Amity universiteti (Amity University) — Hindistondagi yetakchi xususiy notijorat oliy ta’lim muassasasidir. O‘quv yurtining asosiy binosi Noida shahrida joylashgan bo’lib, 11 ta shaharda (Mumbay, Jaypur, Kolkata va boshqalar) kampuslari, shuningdek, Nyu-York, London, Dubay, Singapur, Xitoy, Janubiy Afrika va boshqa joylarda filiallari joylashgan. “Times Higher Education” va “QS Ranking” xalqaro reyting kompaniyalarining xulosasiga ko‘ra, universitet dunyoning eng nufuzli oliy o’quv yurtlaridan biri bo’lib, Osiyodagi eng yaxshi 300 ta universitetlardan biri hisoblanadi. Universitet 150 mingdan ziyod talaba tahsil olayotgan yirik ta’lim muassasasidir.

O’zbekiston elektron hukumatni rivojlantirish sohasidagi hamkorlik va tajriba almashishdan manfaatdor. Tashrif chog’ida O’zbekiston Elektron Hukumatini rivojlantirish markazi va Hindiston Informatika milliy markazi o’rtasida ushbu yo’nalishda hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish borasida bitimlar imzolandi.

Tomonlar O’zbekiston Elektron Hukumatini rivojlantirish markazi va Milliy informatika markazi (NIC) o’rtasida elektron hukumat sohasida hamkorlik to’g’risida o’zaro anglashuv memorandumi imzoladilar.

Joriy yildan boshlab kosmik texnologiyalarni rivojlantirish va kosmosdan tinchlik maqsadlarida foydalanish AKT vazirligi faoliyatining yangi yo’nalishi hisoblanadi.

Tashrif chog’ida O’zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati o’rtasida tinchlik maqsadlarida kosmikdan foydalanish sohasida hamkorlik to’g’risida bitim imzolandi.

Kelishuvga ko‘ra, AKT vazirligi va Hindiston kosmik tadqiqotlari tashkiloti (ISRO) bu sohada hamkorlik qilishadi.

Hindiston kosmik tadqiqotlari tashkiloti (ISRO) Hindiston milliy kosmik agentligi bo’lib, Hindistonning Kosmik tadqiqotlar departamentiga qarashlidir. Tashkilotning shtab-kvartirasi Bangalorda joylashgan bo’lib, unda taxminan 20 ming kishi mehnat qiladi.

Erishilgan barcha ikki tomonlama kelishuvlarning muvaffaqiyatli va samarali amalga oshirilishini ta’minlash uchun yo’l xaritalari ishlab chiqildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq