Xalq taʼlim vazirligi maktablarga homiylik mablagʻlarini jalb qilish uchun shaffof platformani ishga tushirdi
29.09.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan 2018-2021 yillarga moʻljallangan Xalq taʼlimi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbiri dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2018-yil 29-sentyabr kuni Oʻzbekistonda ilk bor “Kraudfanding” (xalq tomonidan moliyalash) birinchi platformasi Mfond.uz ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan, Yoshlar press-klubida tashkil etilgan tadbirda turli vazirlik va idoralar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi. Ushbu platforma orqali jamlangan mablagʻlar mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kam taʼminlangan oila farzandlarini qoʻllab-quvvatlash va iqtidorli oʻquvchilarni ragʻbatlantirish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Platforma maktab rahbarlari uchun oʻquv muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun homiylik mablagʻlarini jalb qilishga qaratilgan bir vosita hisoblanib, jalb qilingan mablagʻlarni ishlatishda ochiqlik va hisobotliligini taʼminlab beradi.

Mfond jamoatchilik xayriya jamgʻarmasining taqdimoti 1-oktyabr – “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni”ni nishonlash doirasida boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tashkil etilgan xayriya jamgʻarmasi maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun qoʻshimcha pul toʻplash hamda nogiron va kam taʼminlangan oilalar farzandlari uchun qoʻllab-quvvatlash va iqtidorli oʻquvchilarni ragʻbatlantirish uchun sarflanadi.

Mfond homiylik platformasi orqali homiylar, ota-onalar, chet elda yashovchi vatandoshlarimiz, shu jumladan, maktabning sobiq oʻquvchilari maktablarga homiylik qilishlari mumkin. Mablagʻlarni Payme, Upay, Click mahalliy toʻlov tizimlari va xalqaro Visa, MasterCard va boshqa xalqaro toʻlov tizimlari orqali oʻtkazish qulayliklari yaratilgan.

Taʼkidlash kerakki, homiylar mablagʻlarni maʼlum bir maktab hisobiga yoki umumiy jamgʻarma hisobiga oʻtkazib berishlari mumkin.

Jamgʻarma hisobidan laboratoriyalar, aqlli sinflar va boshqa loyihalar yaratish, jihozlash, maktab infratuzilmasi, qolaversa oʻquvchilar va oʻqituvchilarning ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini amalga oshirish hamda uni rivojlantirish uchun mablagʻlar yoʻnaltiriladi.

Loyiha rahbari Rustam Karimjonov soʻzlariga koʻra: “Oʻzbekistonda bugungi kunda 10 mingga yaqin maktab faoliyat yuritmoqda, ularning 60 foizini moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi kerak. Oʻzbekistondagi maktablarning faqat 37 foizi kompyuter sinfiga ega boʻlib, ularning 7 foizi Internet tarmogʻiga ulangan. Hukumatimiz tomonidan maktablarning infratuzilmasini yaxshilash uchun mablagʻlar ajratilmoqda. Ammo qisqa vaqt ichida belgilangan maqsadlarga erishish uchun homiylarni jalb qilish lozim boʻladi”.

“Kraudfaunding tizimidan foydalangan holda, biz maktablardagi shart-sharoitlarni yaxshilash, farzandlarimizning taʼlim olishlari va har tomonlama rivojlanishlari uchun qulay sharoitlar yaratish bizning asosiy maqsadimizdir. Bu maktablar uchun bir vositadir. Mazkur platforma yordamida ular mablagʻlarni jalb qilishda va sarf etishda shaffoflik va hisobotliligini taʼminlaydilar. Tizim toʻliq shaffof. Fondning ishini toʻliq oshkoraligini taʼminlash maqsadida muntazam ravishda olingan mablagʻlar va ulardan qanday foydalanilgani haqida maʼlumotlar berib boriladi”, — dedi u.

“Biz barcha yurtdoshlarimizni farzandlarimizning taʼlim olishiga va ular uchun yorqin kelajak yaratishga oʻz hissalarini qoʻshishda befarq boʻlmaslikka chaqiramiz”, — deb taʼkidladi Karimjonov.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq