“KADASTR XIZMATI 2.0” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushirildi
20.09.2018
Rukn: Texnologiya.
Muallif: .

Mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazish aksiyasi faqat jismoniy shaxslarning oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylariga nisbatan qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-aprelidagi “Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar mahkamasining 2018-yil 21-iyundagi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash, shu jumladan, bir martalik umumdavlat aksiyasining ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida “Geoinfokom” DUK tomonidan “KADASTR XIZMATI 2.0” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (AAT) ishlab chiqildi va ishga tushirildi.

2019-yilning 1-may sanasiga qadar “KADASTR XIZMATI 2.0” AAT servislari yordamida oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun tegishli davlat organlaridan ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazish amalga oshiriladi.

Alohida qayd etish joizki, mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazish aksiyasi faqat jismoniy shaxslarning oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylariga nisbatan qoʻllaniladi. Shu bilan birga, ushbu huquqiy hujjatning normalari koʻp qavatli turar-joy binolari, ularga yondosh uchastkalar hamda noturar joy obyektlarini qamrab olmasligi ham belgilab berilgan.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari “KADASTR XIZMATI 2.0” AAT vositasida tegishli davlat tashkilotlari bilan samarali idoralararo elektron aloqani amalga oshirmoqdalar.

“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi matbuot xizmati

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq