Demokratiya axborot ochiqligi demakdir
15.09.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

2018-yil 15-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda BMTning 15-sentabr – Xalqaro demokratiya kuni doirasida “Axborot ochiqligi va demokratiya” mavzusida konferensiya tashkil etildi.

So‘zga chiqqanlar keyingi ikki yilda mamlakatimizda demokratiya fuqarolarning huquq-erkinliklarini ta’minlashning asosiy sharti bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishning muhim omili sifatida alohida ahamiyatga ega bo‘layotganini bildirib o‘tishdi. Shu bilan birga, davlatimizning axborot siyosati asosida milliy demokratik modelning ajralmas tarkibiy qismi hisoblangan jamiyatning ochiqligi va axborot olish huquqi kafolatlarini ta’minlash muhim vazifalar qatorida turibdi.

Anjuman ishtirokchilari fikricha, O‘zbekistonda milliy axborot makonining rivojlanishi dinamikasida son va sifat ko‘rsatkichlari ham, fuqarolarning rasmiy axborotlardan foydalanish imkoniyati ham tizimli ravishda yaxshilanib bormoqda. Fuqarolarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati yuzasidan axborot olishga doir so‘rovlarini ko‘rib chiqish tizimi shakllantirilib, samarali yo‘lga qo‘yildi, ommaviy axborot vositalarida aholini o‘ylantirayotgan har qanday masalalar ochiq va erkin muhokama etilmoqda.

Mamlakatimizda axborot ochiqligini ta’minlash va demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirishni talab etadi. O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablari doirasida OAV va jurnalistlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish belgilangan.

Konferensiyada qantnashchilar, shuningdek, davlat organlari tomonidan budjet parametrlari ijrosi bilan bog‘liq ma’lumot va axborotlarning yuqori darajadagi ochiqligini ta’minlashga qaratilgan deputatlarning qonunchilik tashabbusi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tadbir davomida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun talablarining ijrosi monitoringi yakunlari e’lon qilindi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining 2018-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, “Ochiqlik indeksi” reytingi taqdim etildi.

Ta’kidlanganidek, reytingda faoliyat ochiqligini ta’minlashga qaratilgan qonun talablarini bajarish borasida Adliya vazirligi yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank va Sog‘liqni saqlash vazirligi ham “Ochiqlik indeksi” bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan.

Anjumanda O‘zbekistonda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish yo‘lida davlat institutlarining adolatli faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolarning so‘z va axborot erkinligiga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishda axborot ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ishlar tizimli ravishda davom ettirilishi ta’kidlab o‘tildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq