Toshkentda «Geoinformatsion maʼlumotlarning infratuzilmasi boʻyicha 4-YevroOsiyo konferensiyasi o’z ishini boshladi
13.09.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

12-sentabr kuni Koreyaning Geografiya maʼlumotlari milliy instituti UNICON DUK (Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi Davlat unitar korxonasi) va Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan «Geoinformatsion maʼlumotlarning infratuzilmasi boʻyicha 4-YevroOsiyo konferensiyasi: (Eurasia SDI) axborot texnologiyalari asosiy vosita sifatida» mavzusida tadbir o‘z ishini boshladi. Konferentsiya O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida o‘tkazilmoqda.

“Eurasia SDI” ning maqsadi Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, YevroOsiyo makonida geoinformatsion maʼlumotlarning mosligini taʼminlash, muvofiqlashtirish va ulardan foydalanish hisoblanadi.

“Eurasia SDI” — maʼmuriy samaradorlik, yangi iqtisodiy qiymatni yaratishdagi axborot infratuzilmasi uchun maʼlumot bilan taʼminlovchi vosita boʻlib, koʻp tarmoqli sanoatni kengaytirish orqali milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshadi.

Bu yil konferensiyada 100 nafarga yaqin ishtirokchilar, ular orasida, Koreyadan 20 dan ortiq, MDH va Yevropadan 20 dan ziyod mehmonlar qatnashadilar. Ular tomonidan ikki kun davomida “Oʻzbekistonda AKT rivojlanishining hozirgi holati”, “Oʻzbekistonda Milliy GMT”, “SDI uchun qoʻshma platforma”, “Geoinformatsion maʼlumotlarning rivojlanishidagi texnologik yoʻnalishlar” va boshqa mavzularda taqdimot sessiyalari boʻlib oʻtadi.

Anjuman dasturi turli-tuman mavzulardan iborat. Konferensiya qatnashchilari bo’lgan mamlakatlardan kelgan ma’ruzachilar taxminan 20 ta ma’ruzalar, taqdimot va texnik konsaltinglarni taqdim etadilar.

12-sentabr kuni konferentsiya ishtirokchilarini O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o’rinbosari Olim Umarov qutladi.

Anjumanning birinchi kuni davomida O’zbekistonda geoinformatsion tizimlarni joriy etish bo’yicha ishlar to‘g‘risida so‘zlab berildi. Xususan, «Elektron hukumat» tizimini yaratish dasturini qabul qilishda geoinformatsion tizimga alohida e’tibor berildi. Jumladan, e-hukumat tizimi jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar ma’lumotlar bazalari bilan birga Milliy geoaxborot tizimlari (MGAT)ni ishlab chiqish bo‘yicha loyiha, shuningdek, ko’chmas mulk kadastri tizimi ma’lumotlarini o’z ichiga oldi.

Bugungi kunda bizning koreys hamkorlarimiz, xususan, “LG CNS” kompaniyasi tomonidan qo’llab-quvvatlanishi natijasida milliy geografik axborot tizimi platformasi yaratildi va unga 21 ta kadastrlarning joylashtirilishi amalga oshirilmoqda.

Respublikaning elektron xaritalari kosmik suratlar asosida yaratilmoqda. 51 ta doimiy faoliyat yurituvchi sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi global tizimi stansiyasi asosida davlat geodeziya tarmog’i yaratildi. Kadastr ma’lumotlari to’liq inventarizatsiya qilinmoqda va manzillar reyestrlari takomillashtirilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi rahbariyatining qaroriga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O’zbekistonda tinch maqsadlar uchun kosmik texnologiyalar ishlab chiqish uchun mas’ul bo’lgan organ sifatida belgilangan.

O’zbekistonlik mutaxassislar oldida ushbu sohada malakali kadrlarni tayyorlash, yerni masofadan turib aniqlashda yo’ldoshlarning ma’lumotlarini qabul qilish uchun yerosti stansiyasini yaratish vazifasi turibdi. Ushbu sohada katta tajribaga ega bo’lgan Fransiya, Germaniya, Hindiston va Rossiya singari davlatlar bilan hamkorlik boshlangan.

Konferensiya doirasida ikki kun mobaynida muhokama qilinadigan ko’plab masalalar bo’yicha davra suhbatlari o’tkaziladi. Dasturiy ta’minot, yo’ldosh aloqalari, uchuvchisiz havo vositalari sohasidagi yetakchi xalqaro kompaniyalar ko’rgazma stendlarini taqdim etadilar.

Anjuman yakunida ishtirokchilar Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurishadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq