IUT professori Qozog‘istonda o‘tkazilgan Yosh olimlar Xalqaro maktabida ma’ruza-taqdimot bilan ishtirok etdi
13.09.2018
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT)ning professori, fizika-matematika fanlari doktori Xusniddin Olimov «Yuqori energiyali zarrachalarning fizika va astrofizikaga oid muammolari» mavzusidagi MDH mamlakatlari yosh olimlari uchun tashkil etilgan 5-Xalqaro maktabda ishtirok etdi.

Mazkur tadbir 2018-yilning 26-avgust – 1-sentabr kunlari Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti (QozMU)da bo‘lib o‘tdi. Tadbir Lebedev nomidagi Rossiya Fanlar akademiyasining Fizika instituti, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti hamda Fizika-texnika instituti (Almati shahri) tomonidan tashkillashtirilib, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi Davlatlararo gumanitar hamkorlik fondi (DGHF) tomonidan moliyalashtirildi.

Shunisi e’tiborga molikki, doktor Xusniddin Olimov an’anaviy tarzda har yili o‘tkaziladigan MDH mamlakatlari yosh olimlari uchun Xalqaro maktabida o‘z ma’ruza-taqdimoti bilan qatnashgan birinchi o‘zbekistonlik olim bo‘ldi.

Ushbu yosh olimlar xalqaro maktabining asosiy maqsadi – yuqori energiyali fizika va astrofizika sohasida yetuk yosh mutaxassislar tayyorlash hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari orasidagi ta’limiy, ilmiy va madaniy aloqalarni saqlash va mustahkamlashdan iboratdir.

Xalqaro maktab ishida yuqori energiyali fizika va astrofizika sohasidagi yetakchi olimlar ma’ruzachilar sifatida hamda Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, O‘zbekiston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Armaniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan tinglovchilar – yosh aspirant va doktorantlar, ja’mi 60 nafar ishtirokchi qatnashdilar.

Shunisi quvonarliki, IUT professori Xusniddin Olimovning yuqori energiyali yadroviy to‘qnashuvlarida hosil bo‘lgan zarrachalarni tahlil qilish metodikasiga bag‘ishlangan ma’ruzasi ham qatnashchilar, ham xalqaro maktab tashkilotchilari tomonidan yuqori baholandi hamda diplom va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq