Maktab yarmarkasi va ommaviy axborot vositasi vakillari bilan uchrashuv
29.08.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

Joriy yilning 25-avgust kuni Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Yoshlar ijod saroyida maktab yarmarkasi koʻrgazmasi tashkil etildi. Tadbirni Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov tabrik nutqi bilan ochib berdi.

Soʻng, “Barkamol avlod” badiiy ijodiyot markazining toʻgarak aʼzolari tomonidan yorqin ashula va raqs namoyishlari boʻlib oʻtdi. Shuningdek, “Tumorcha” dizaynerlar guruhi yangi maktab formasini namoyish etdi.

Jumladan, taʼlim tizimi sifatini oshirish, umumtaʼlim maktablari direktorlari va ularning oʻrinbosarlariga qoʻyilgan talablarni qaytadan koʻrib chiqish, oʻquv-tarbiyaviy jarayonga ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish, jamiyatda oʻqituvchilarni maqomini va ish haqini oshirish orqali taʼlim sifatini yaxshilash, bundan tashqari, maktablar ixtiyoriga byudjetdan tashqari mablagʻlarni qoldirish, ichki-kollektiv nazorat tizimini yaratish, namunali maktablar sonini koʻpaytirish maqsadida maktablarning reytingini ishlab chiqish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Qolaversa, tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari ishtirokida brifing oʻtkazildi. Unda, Xalq taʼlimi vaziri bugungi kunda taʼlim tizimida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda mamlakat Hukumati tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan xalq taʼlimi sohasida qoʻyidagi natijalarga erishildi:

— Xalq taʼlimi tizimini yaxshilash uchun xorijiy ekspertlar jalb qilindi;

— Oʻqituvchilarning ish haqlari oshirildi;

— Psixologlar soni va moddiy ragʻbatlantirish hajmi oshirildi;

— Koreya Respublikasi Taʼlim vazirligi bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi;

— Jahon banki va turli sohalar boʻyicha faoliyat koʻrsatadigan boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi;

— Xalq taʼlimi vazirligi huzurida ekspert-tahlil kengashi yaratildi;

— “Obod qishloq” (“Obod mahalla”) Davlat dasturi va Investitsion dasturlar boʻyicha maktablar qurilishi va taʼmirini monitoring qilish tizimi yaratildi;

— Ilk bor Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri va shu tumandagi 50-sonli maktab direktori boʻsh ish oʻrinlari uchun tanlov oʻtkazilmoqda;

— Qobiliyatli oʻquvchilarni aniqlash va ularni har tomonlama ragʻbatlantirish maqsadida shu yili Respublika Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ilk bor “Mening innovatsion gʻoyam” koʻrik tanlovi oʻtkazildi.

Yangi oʻquv yilining boshlanish arafasida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini asosiy oʻquv qurollari bilan taʼminlash va ota-onalar uchun qulayliklar yaratish maqsadida, joriy yilning 10 avgustidan 10 sentyabrigacha Respublika boʻylab jami 1325 maktab yarmarkalari tashkil etilmoqda.

Shuningdek, quyidagi oʻzgarishlar ham rejalashtirilmoqda:

— Oʻqituvchilarni huquqlarini himoya qilish maqsadida “Ustoz Ovozi” virtual inspektori va telegram-botini yaratish;

— Oʻqituvchi va mutaxassislar malaka darajasini oshirish;

— Maktab rahbarlari va vazirlik oʻrtasidagi toʻsiqsiz aloqani taʼminlash va soddalashtirish;

— Xalq taʼlimi muassasalari mulkini ijaraga berishni nazorat qilish va ulardan foydalanish hisobi tizimini modernizatsiya qilish;

— Xalq taʼlimi tizimi byudjeti loyihasini shakllantirish uchun elektron maʼlumotlar bazasini yaratish;

— Manfaatdor boʻlgan xorijiy investorlarning Xalq taʼlimi sohasiga investitsiyalarini jalb qilish;

— Har bir oʻquvchi uchun xarajatlar normativ bazalari asosida moliyalashtirishni bosqichma-bosqich oʻtkazilishini taʼminlash;

— Davlat-xususiy hamkorlik mexanizmlarini tatbiq etish yoʻli orqali nodavlat maktablar tarmogʻini kengaytirish;

— Huquqbuzarliklarni oldini olish va oʻquvchilarni psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish;

— Maktab oʻquvchilarining oʻzlashtirish va davomatini hisobga olishning yagona identifikatsiyalash tizimini joriy qilish;

— Bolalar va maktab kutubxonalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash va faoliyatini takomillashtirish;

— “Barkamol avlod” bolalar markazlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish;

— Inklyuziv taʼlim uchun xalqaro tajribani hisobga olgan holda, zamonaviy talab va qurilish normalarini ishlab chiqish.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq