Innovatsion rivojlanish vazirligi Hindiston bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda
25.08.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

Oʻzbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasi Hindistonda safarda boʻlib qaytdi. Delegatsiya aʻzolari davlatimiz Rahbarining Hindistonga boʻlajak tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi hukumati oʻrtasida ilmiy-texnikaviy, innovatsion sohalarda hamkorlik toʻgʻrisidagi Kelishuv loyihasini muhokama qildilar.

Delegatsiya aʻzolari tomonidan ilmiy-texnikaviy, innovatsion rivojlanishga aloqador vazirliklar, idoralar, tijorat tashkilotlari, OTMlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsion markazlar va inkubatorlar vakillari bilan uchrashuvlar hamda muzokaralar oʻtkazildi.

Hozirgacha ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy-texnik hamkorlik Oʻzbekiston va Hindiston hukumatlari tomonidan 1993 yil 29 iyulda imzolangan Ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Kelishuv doirasida amalga oshirilib kelmoqda. Mazkur hujjat bugungi kun talablariga, ikki davlatning innovatsion va ilmiy-texnologik yangilanishga boʻlgan oʻsib borayotgan ehtiyojlariga javob bermaydi. Innovatsion rivojlanish vazirligi oldiga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish uchun ikki tomonlama huquqiy bazani mustahkamlash talab etiladi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Hindiston Respublikasi ilm-fan va texnologiyalar vazirligi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik Dasturini imzolashga tayyorgarlik ishlari olib borildi, Oʻzaro hamkorlik rejasi tasdiqlanishiga kelishildi.

Hindistonning kommunikatsiyalar va axborot texnologiyalari vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida hindistonlik hamkasblar IT-texnologiyalar sohasiga innovatsiyalarni tatbiq etishda koʻmaklashishga tayyor ekanliklarini izhor etdilar.

“SUN OVERSEAS” kompaniyasi bilan uchrashuvda Oʻzbekistonning energetika va IT-texnologiyalar sohalariga investorlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Kichik sanoat milliy korporatsiyasi, Hindiston sanoati konfederatsiyasi kabi tashkilotlar vakillari, “Amity University” xususiy universiteti va uning qoshidagi biznes-inkubator rahbarlari, “I-Spirit” vakolatxonasi boshligʻi, “J Syzygia Consultants” va NASSCOM kompaniyalari direktorlari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvlar davomida ilmiy-texnikaviy, innovatsion yutuqlarni tijoratlashtirish jarayonini tezlashtirishga, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Hindiston tomoni oʻz navbatida elektron hukumat (e-governance), telemeditsina (e-Health) va distansion taʻlim (e-Education)ni shakllantirish borasida oʻzaro hamkorlikni oʻrnatishga qiziqish bildirdi.

Tashrif natijasida Oʻzbekiston-Hindiston innovatsion forumi tuzishga kelishildi. Mazkur forum ikki davlatning olimlari, tadbirkorlari, investorlari, novatorlari va innovatsion gʻoyalar mualliflarini bir platformada birlashtirishi kutilmoqda. Forum tadbirkorlar va investorlarga istiqbolli innovatsion gʻoyalarni moliyalashtirish imkonini beradi. Keyinchalik bu forum Oʻzbek-Hind innovatsiya jamgʻarmasiga aylantirish mumkinligi ham tilga olindi. Hindistonning ishbilarmon doiralari mazkur jamgʻarmani shakllantirish boʻyicha moliyaviy koʻmak berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bunday amaliyotni dunyoning boshqa davlatlari bilan ham innovatsion sohadagi hamkorlik doirasida qoʻllash mumkin boʻladi.

Bundan tashqari, Hindiston texnikaviy va iqtisodiy hamkorlik Dasturi (Indian Technical and Economic Cooperation ­– ITEC Programme) doirasida ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, OTMlar mutaxassislari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining tegishli sohadagi innovatsion rivojlanishga masʻul boʻlimlari xodimlari, xususiy biznes vakillari bepul xorijiy stajirovka oʻtash imkoniyati ham paydo boʻladi. Mazkur loyihaning muvofiqlashtiruvchi organ sifatida Innovatsion rivojlanish vazirligi etib tayinlanishi taklif etildi.

Taʻkidlash joizki, mazkur dastur 1964 yili Hindiston hukumati tomonidan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, unga koʻra Osiyo, Afrika, Sharqiy Yevropa (jumladan sobiq Ittifoq davlatlari), Lotin Amerikasi, Karib dengizi havzasi, Tinch okeani orollarini oʻz ichiga olgan 161 ta davlat vakillari taʻlim olishga taklif etiladi.

ITEC hamkor-davlatlari vakillari va mutaxassislari Hindistonning turli ilmiy-innovatsion markazlarida oʻquv kurslarida oʻqish imkoniyatga ega boʻladilar. U yerda taʻlim olish asnosida mutaxassislar oʻz kasbiy mahoratlarini oshirish bilan bir qatorda globallashgan dunyoda yashash ilmini ham egallaydilar. Buning uchun 47 ta maxsus uquv muassasalari tashkil etilgan boʻlib, bir yil davomida 280 ta qisqa, oʻrta va uzoq muddatli kurslarda dars beriladi. Tayyorov dasturlari talabga koʻra shakllantiriladi, bunda hamkor davlatlarning mutaxassislariga zarurligiga qarab, oʻquv predmetlarini tanlash imkoniyati yaratilgan. Jumladan, hisoblash texnikalarining ilgʻor vositalari, axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya, tadbirkorlik, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish, qishloq hududlarini rivojlantirish, ommaviy axborot, taʻlim va boshqaruv sohalarini rejalashtirish, farmatsevtika, ilmiy tadqiqotlar, tekstil sanoati, atrof-muhit-muhofazasi va tiklanadigan energiya manbalari boʻyicha kurslar talabgirligi bilan ajralib turadi.

ITEC dasturi boʻyicha barcha xarajatlar (oʻqish dasturini oʻtash, yashash, darsliklar, oʻquv-tanishish safarlari, tez tibbiy yordam, aviachipta) Hindiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq