O‘zbekistonlik bolalar xalqaro tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi
19.08.2018
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
15-17 avgust kunlari Pekin shahrida Robototexnika bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya doirasida maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarining robototexnika loyihalari tanlovi ham tashkil etildi.
Tanlovda jahonning 20 dan ziyod mamlakatidan 350 dan ortiq bolalar ishtirok etib, o‘zbekistonlik Sitora Islamova (2006-yilda tug‘ilgan) va Artem Dolganovskiylar (2012-yilda tug‘ilgan) «Ijod» yo‘nalishining «Shahar» nominatsiyasida oltin medal va «Oltin sovg‘a» kubogini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik ishtirokchilarning «Robot-ofitsiant» qurilmasi mehmonlarga o‘zbek zamini noz-ne’matlari va shirinliklarini yetkazib berish mahoratini ko‘rsatgan bo‘lsa, ikkinchi robot «Andijon polkasi» raqsini ijro etib, yig‘ilganlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Hay’at baholashda kreativ dizayn, robotning barqarorligi, buyruqlarni aniq bajarish qobiliyati kabi mezonlarga tayandi. Shuni qayd etish joizki, o‘zbekistonliklar tanlovda ishtirok etgan Markaziy Osiyo mintaqasidan yagona jamoa hisoblanadi.
Xitoydan qaytib kelgan Sitora Islamova va Artem Dolganovskiylar joriy yilning 30-noyabr — 1-dekabr kunlari Tailandda o‘tkaziladigan Neyrotexnologiyalar va robototexnika bo‘yicha xalqaro tanlovga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Toshkent shahar hokimligi jamoaga barcha zarur sharoitlarni yartish ishlarini olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahar hokimligi tomonidan Turin politexnika universitetida maktabgacha tarbiya muassasalari tarbiyachilari va pedagoglar uchun robototexnika kurslari tashkil qilib kelmoqda.
Manba: www.toshkent.uz