Kollegial seminar: xorijiy tajriba va mahalliy ishlanmalar
17.08.2018
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

2018-yilning 16-avgusti kuni Aloqa tarixi muzeyida “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi tomonidan tashkillashtirib kelinayotgan navbatdagi haftalik kollegial seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat va xo‘jalik organlarining AKT bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalari mutaxassislari ishtirok etdilar.

“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari F.Aripjanov tadbir mehmonlari — Moldova hukumatining axborot texnologiyalari bo‘yicha direktori Yuriy Surkanu hamda Moldova hukumatining davlat xizmatlari reinjiniringi bo‘yicha koordinatori Vlad Manoyl bilan tanishtirdi hamda o‘tkazilayotgan tadbir maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berib o‘tdi. Aripjanov tadbir mobaynida qatnashchilar e’tiboriga ikkita taqdimot havola etilishini, birinchi qismida elektron xizmatlar ko‘rsatishda Moldovaning tajribasi, ikkinchi qismda esa Davlat xizmatlari agentligi vakillari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berilishini ta’kidladi.

So‘ngra Jahon banki dasturlari bo‘yicha katta mutaxassis Bujorenu Lyuda so‘zga chiqdi. Bujorenu o‘z chiqishida “Raqamli O‘zbekiston” (Digital Uzbekistan) loyihasi haqida gapirib berdi: “Jahon banki O‘zbekistonga ushbu loyiha bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatmoqda. Loyihaga tayyorgarlik doirasida boshqa davlatlar o‘z malakasi bilan o‘rtoqlashishi uchun ularning vakillarini taklif etib, uchrashuvlar tashkillashtirmoqdamiz. Bugun Moldova Respublikasi vakillari elektron davlat xizmatlari taqdim etish bo‘yicha o‘z orttirgan tajribalari bo‘yicha ma’lumot beradilar”.

Yuriy Surkanu,elektron hisobga olish tizimini yaratish va uning elektron xizmatlarni ko‘rsatishdagi roli haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, taqdimot eID va Mobile eID ekotizimlarini joriy qilish, autentifikatsiya va elektron imzoning qo‘shma platformalari hamda tajribalar va kelajakdagi rejalar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oldi.

Shu bilan birga, Davlat xizmatlari agentligi vakillari o‘zlarining faoliyati, bajarilgan ishlar va taqdim etilayotgan xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Taqdimot paytida avvallari Davlat xizmatlari markazlariga kuniga 20-30 kishi murojaat qilganini, hozirgi kunga kelib, murojaatlar soni 300-700gacha yetganini aytib o‘tdilar. Bugungi kunda Agentlik tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar 80ta bo‘lib, 2025-yilga kelib, ularning soni 400tagacha oshirilishi kutilmoqda.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar olishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq