Vazirlik OAV tarqatayotgan noto’g’ri ma’lumotni rad etadi
15.08.2018
Rukn: Internet.
Muallif: .

Joriy yilning 13 avgust kuni O’zbekiston Respublikasining Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida telekommunikatsiya tarmoqlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik tatbiq qilinishi ko’zda tutilgan hujjat loyihasi e’lon qilingan edi. Hujjat loyihasida telekommunikatsiya tarmoqlarida xalqaro muloqotlarni tijorat asosida noqonuniy tashkil qilgan shaxslarga Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jazoni o’zgartirish (eng kam oylik ish haqining 100 barobaridan 300 barobarigacha jarima yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) taklifi ilgari suriladi.

Bu yerda gap xalqaro trafiklardagi o’tkazmalar to’g’risida bormoqda. Ta’kidlash joizki, ayrim ommaviy axborot vositalarida noto’g’ri talqin qilinganidek, yuqoridagi taklifda shaxsiy yoki tadbirkorlik maqsadlarida axborot hamda axborot resurslaridan, shuningdek buning uchun VPN tarmoqlari, VPN kanallari, proksi serverdan foydalanishni cheklash masalasi ko’zda tutilmagan.

O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga o’zgartirish kiritish bo’yicha ilgari surilayotgan taklif (eng kam oylik ish haqining 10 barobaridan 20 barobarigacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 20 barobaridan 50 barobarigacha, jinoyat vositasini musodara qilgan holda) telekommunikatsiya tarmoqlaridan noqonuniy (ruxsatsiz) foydalangan shaxslarga nisbatan tatbiq qilish nazarda tutilgan.

Misol uchun, yuqoridagi taklifda begona Wi-Fi tarmoqlaridan ruxsatsiz foydalanish, tarmoq foydalanuvchilariga bildirmasdan tarmoqni buzib kirish hamda internet-trafikdan foydalanish kabi o’g’irlikka teng holatlar ko’zda tutilgan. So’nggi vaqtlarda kompyuterlar bilan sodir etilayotgan tahlillarda Wi-Fi tarmoqlaridan noqonuniy foydalanish holatlari ko’payib borayotganini ko’rsatmoqda.

Shu bilan birga, tartibli foydalanuvchilar boshqalar ularning Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanganliklari uchun ham o’zlari foydalanmagan internet-trafik uchun katta miqdordagi to’lovlarni to’lashlariga to’g’ri kelmoqda. Ta’kidlash kerakki, taklif qilinayotgan o’zgartirish va chora-tadbirlar xalqaro amaliyotga muvofiq keladi hamda bir qator davlatlarda, jumladan MDH da o’z samarasini bermoqda.

Misol uchun, Belorussiya, Qozog’iston, Ozarboyjon hamda boshqa mamlakatlarning qonunchiligida ham xuddi shunday ma’muriy va jinoiy jazo nazarda tutilgan. Aytish lozimki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3 fevralidagi qaroriga muvofiq, jamoat joylarida simsiz bepul internet tarmog’i ((Wi-Fi hududi) ni tashkil qilgan kompaniyalar bir qator imtiyozlarga ega bo’ladilar.

Mamlakat hududi bo’ylab Wi-Fi tarmoqlarining kengayib borishi esa telekommunikatsiya tarmoqlarini himoya qilish choralirin ko’rish, bu yo’nalishda sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish hamda qonun buzilishi bo’yicha javobgarlikni kuchaytirishni taqozo qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq