Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi aholi manfaatlariga xizmat qiladi
13.08.2018
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

«Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak»degan g‘oya va uning ro‘yobi xalqimizga juda ma’qul keldi. Fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, ularning ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasini yanada oshirishda «Elektron hukumat»tizimi muhim o‘rin tutmoqda. O‘z navbatida, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining izchillik bilan takomillashtirilishi va modernizatsiya qilinishi aholimizning hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash hamda biznesni yanada rivojlantirish imkonini bermoqda.

Bu davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Davlat xizmatlarini takomillashtirishda O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonuni muhim o‘rin tutadi. Qonunga muvofiq, davlat organlari faoliyatining samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, tadbirkorlik subyektlarini elektron hujjat aylanishidan foydalanishga, jumladan, statistika hisobotini taqdim etish, bojxona rasmiylashtiruvi, litsenziya, ruxsatnoma, sertifikatlar berish jarayonlarida, shuningdek, davlat organlaridan axborot olish jarayonlarida elektron hujjat aylanishidan foydalanishga o‘tkazish kabilar belgilangan. Tadbirkorlik subyektlarining elektron tijorat, internet orqali mahsulotni sotish va xaridlarni amalga oshirish tizimlaridan foydalanishini, shuningdek, kommunal xizmatlarni hisobga olishning, nazorat qilishning va ular uchun haq to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishni kengaytirish masalalari ham ko‘zda tutilgan.

Ushbu vazifalarning ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash maqsadida parlament quyi palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan «Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunning tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini «bir darcha»tamoyili asosida ko‘rsatilishi bilan bog‘liq talablarining ijro etilishi holati tanlov asosida Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrining bir nechta tumanida o‘rganildi.

O‘rganishlar chog‘ida «yagona darcha»markazlari faoliyatida amalga oshirilgan ishlar bilan birga, yechimini kutayotgan qator masalalarning mavjudligi aniqlandi. Mazkur holatlarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mas’ul xodimlarining axboroti eshitilib, qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Unga muvofiq, Adliya vazirligiga tuman va shaharlarda faoliyat yuritib kelayotgan «yagona darcha»markazlarining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rish, Vazirlar Mahkamasiga tadbirkorlik subyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga tayyor holda ulash tartibini takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish hisobiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlariga «yagona darcha»markazlari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda undiriladigan to‘lovlar bo‘yicha yagona reglament ishlab chiqish va boshqa vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini «Litsenziya»kompleks axborot tizimiga integratsiya qilish, litsenziyani elektron shaklda berish tartibini joriy qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi idoralar bilan hamkorlikda davlat xizmatlarini olish uchun taqdim qilinadigan arizalarni avtomatlashtirilgan tarzda to‘ldirish funksiyalarini takomillashtirish tavsiya etildi.

Prezidentimizning «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘tgan vaqt mobaynida yuqoridagi farmon bilan tasdiqlangan ro‘yxatda ko‘rsatilgan 2018- yilning aprel oyigacha joriy qilinishi lozim bo‘lgan 13 ta davlat xizmatlari bo‘yicha turli byurokratik to‘siqlarni bekor qilishni, talab etiladigan hujjat va ko‘rsatiladigan muddatlarni soddalashtirish hamda qisqartirishni nazarda tutuvchi ma’muriy reglamentlar ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilib, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan 17 ta ma’muriy reglament tasdiqlandi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi vazirlik va boshqa tashkilotlarga kiritiladigan xizmatlar haqida ma’lumot olinib, vazirlik va idoralarning reyesti shakllantirildi. Adliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining qarori bilan «Davlat xizmatlari yagona reyestri»qabul qilindi.

Bugungi kunda markazlar orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni, eksperimental xizmatlar bilan qo‘shib hisoblaganda, 100 taga yetdi. Joriy yilning 6 oyida esa, markazlar orqali yuridik va jismoniy shaxslarga 1 million 200 mingdan ortiq xizmatlari ko‘rsatildi. Ularning aksariyati, ya’ni 417 mingdan ortig‘i elektron raqamli imzo sertifikatlarini berish, 282 mingdan ortig‘i bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish va 146 mingdan ortig‘i tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil qiladi.

Shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida kontaktsiz shakllardan foydalanishni faollashtirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi talqini — «Yagona portal»ishga tushirildi. Portal orqali yuzdan ortiq elektron xizmat ko‘rsatilmoqda. Ushbu xizmatlardan 850 mingdan ziyod ariza kelib tushgan hamda aholining ortiqcha vaqti, xarajatlari va sarsongarchiliklari oldi olingan. Xususan, 2018-yilda Davlat xizmatlari markazlari va Yagona portal orqali 30 dan ortiq avtomatlashtirilgan davlat xizmatlari ishga tushirildi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilmoqda va modernizatsiya qilinmoqda. Bu, albatta, aholining huquq va manfaatlari ta’minlanishiga, investitsiya jozibadorligiga hamda ishchanlik muhitining yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Bekzod ARTIKOV,

Gulshana XUDOYaROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq