O‘zbekistonda Elektron kompyuter sporti federatsiyasi tashkil etildi, hamyurtimiz Osiyo o‘yinlaridagi sinov musobaqasida ishtirok etadi
11.08.2018
Rukn: Kompyuter o‘yinlari.
Muallif: Jurnal tahririyati.
O‘zbekiston virtual sport o‘yinlari va kiberfutbol federatsiyasi o‘z faoliyatini yanada professional tarzda tashkil etish va xalqaro standartlar talabiga moslashish maqsadida bir qator tashkiliy o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Endilikda tashkilot O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi deb nomlanadi.
Rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan tashkilot o‘z nizomini qayta ko‘rib chiqib, unda belgilangan maqsad va vazifalariga o‘zgartirishlar kiritgan hamda faoliyat ko‘lamini yanada kengaytirgan.
6-avgust kuni federatsiya yangi nom bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Tashkilotga O‘zbekistonda elektron o‘yinlar, kompyuter sporti va kiberfutbolni rivojlantirish hamda respublika hududida turnirlarni tashkil etish huquqi berildi. Shuningdek, federatsiya ushbu yo‘nalishdagi murabbiy va kibersportchilarni tayyorlash bo‘yicha ham vakolatli muassasa sifatida belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi faoliyati davomida Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining virtual sport turlariga oid qarorlari ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etadi.
Yana bir necha kundan so‘ng Indoneziyada boshlanadigan Osiyo o‘yinlarida elektron sport yo‘nalishi bo‘yicha musobaqa tajriba-sinov tariqasida ilk marta o‘tkaziladi. Unda Elektron kompyuter sporti federatsiyasi a’zosi, Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi kiberatleti Sanjar Usmonov O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. Ma’lumot uchun, 2022-yilgi Osiyo o‘yinlarida kibersport rasman musobaqa dasturidan o‘rin oladi va unda kibersportchilar medallar uchun kurash olib boradilar.
Yaqin yillar ichida esa sportning bu turi Olimpiada dasturiga ham kiritilishi mumkin.
- « Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti televizion texnologiyalar fakulteti 4 nafar professor-o‘qituvchilari Koreya media san’at universitetiga (KUMA) hamkorlik doirasida xizmat safariga yuborildi
- my.gov.uz orqali inshootlarning ijara shartnomasini ro’yxatidan o’tkazish »